Sulyukova Larisa Faritovnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Bikrligi kam bo‘lgan detallarga ishlov beruvchi texnologik tizimlarni boshqarish usullari va algoritmlari», 05.01.02–Tizimli tahlil, boshqaruv va axborotni qayta ishlash (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.DSc/T26.
Ilmiy maslahatchi: Azimov Baxtiyor Magrupovich, texnika fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent axborot texnologiyalari universiteti huzuridagi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari ilmiy-innovatsion markazi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, DSc.27.06.2017.T.07.01.
Rasmiy opponentlar: Igamberdiev Xusan Zakirovich, texnika fanlari doktori, akademik; Ravshanov Normaxmad, texnika fanlari doktori, professor; Nurmuxamedov Tolaniddin Ramziddinovich, texnika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent to‘qimachilik va engil sonoat instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: bikrligi kam bo‘lgan detallarga mexanik ishlov berilganda talab etilgan yuza aniqligini va sifatini ta’minlash uchun texnologik tizimlarni boshqarish usullari va algoritmlarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
IDEF0 uslubiyati asosida haqiqiy jarayonlarni aks ettiruvchi, bikrligi kam bo‘lgan detallarga ishlov beruvchi texnologik tizimlarning modellari va boshqarish algoritmlarining funksional tuzilmasi qurilgan;
dinamik rejimdagi bikrligi kam bo‘lgan detallarga mexanik ishlov berish jarayonlarini boshqarish uchun texnologik tizimning hisoblash tarhi qurildi va matematik modellari ishlab chiqilgan;
bikrligi kam bo‘lgan detallarga ishlov berish jarayonida tezkor, sifatli va resurs sarfini kamaytiruvchi ishlab chiqarishni ta’minlash maqsadida texnologik tizimni optimal boshqarish algoritmlari ishlab chiqilgan;
bikrligi kam bo‘lgan detallarga ishlov berish jarayonida texnologik tizimning holatini baholash modellari va energetik resurslarini boshqarishni yaxshilash algoritmi ishlab chiqilgan;
dinamik texnologik tizimning namunaviy tuzilmalari uchun elastik deformatsiyalanuvchi detallarga mexanik ishlov berishning barqaror jarayonlarini ta’minlash qonuniyatlari aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Ishlab chiqilgan bikrligi kam bo‘lgan detallarga mexanik ishlov berishning texnologik tizimlarini optimal boshqarish, energetik holatini baholash usullari va algoritmlari asosida:
ishlab chiqilgan bikrligi kam bo‘lgan detallarga tokarlik ishlovi berish va silliqlashning texnologik tizimini optimal boshqarishning dasturiy vositalari majmuasi «Traktor» MKB UKda detallarga ishlov berishning texnologik jarayonlarini avtomatlashtirilgan hisoblash va loyihalash jarayonlariga joriy qilingan (Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining 2018 yil 12 oktyabrdagi 33-8/7656-son, O‘zbekiston Respublikasi «O‘zagrotexsanoatxolding» AJning 2019 yil 15 yanvardagi AR-19-02/88-son ma’lumotnomalari). Natijada ajratgich valiga mexanik ishlov berishning avtomatlashtirilgan loyihalash jarayoni vaqtini 80% ga kamaytirgan. Dasturiy majmua paxta terish mashinasi ajratgichi valiga ishlov berishda kuchlarni hisoblash, ajratgich valiga ishlov beruvchi texnologik tizimining qurilgan dinamik modeli asosida cho‘zilishdagi valning bikrlik va qovushqoqlik koeffisientlarini aniqlash hamda valga ishlov berish aniqligining talab qilinadigan parametrlarini aniqlash uchun o‘q bo‘yicha cho‘zuvchi kuchlar va egilishlar qiymatini hisoblashni amalga oshirish imkonini bergan;
mexanik ishlov beruvchi texnologik tizimini shakllantirish va optimal boshqarish algoritmlari, kuchlarini va eguvchi momentlarni hisoblash usullari «Texnolog» AJning korxonalariga joriy qilingan (Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining 2018 yil 12 oktyabrdagi 33-8/7656-son, O‘zbekiston Respublikasi «O‘zagrotexsanoatxolding» AJning 2019 yil 15 yanvardagi AR-19-02/88-son ma’lumotnomalari). Natijada ishlov beriladigan detalning o‘lchamlari va shakli aniqligini 10–15 marta oshirish va ishlov berishning texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlarini yaxshilash imkonini bergan;
paxta terish mashinasi ajratgichi valini kesishda kesishning tashkil qiluvchi kuchlarini, o‘q bo‘yicha cho‘zuvchi va eguvchi kuchlar qiymatini hisoblash hamda paxta terish mashinasi ajratgichi valiga mexanik ishlov berilganda texnologik parametrlarning optimal qiymatlarini hisoblash usullari «BMKB-Agromash» AJda joriy qilingan (Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining 2018 yil 12 oktyabrdagi 33-8/7656-son, O‘zbekiston Respublikasi «O‘zagrotexsanoat-xolding» AJning 2019 yil 15 yanvardagi AR-19-02/88 - son ma’lumotnomalari). Natijada ishlov beriladigan detallarning optimal funksional parametrlarini aniqlash ta’minlangan, oldindan berilgan shartlar bo‘yicha tizim harakatini boshqarishni shakllantirish va detallarning o‘lchamlari aniqligini va shakl sifati ko‘rsatkichlarini 2–4 marta oshirish imkonini bergan. Elastik egilishlar kattaligi tokarlik ishlovi berilganda 1.5÷8.7 mkm va silliqlashda 0.2÷3.5 mkm kamaytirilgan;
ishlab chiqilgan paxta terish mashinasi terish apparati ajratgichi valiga mexnik ishlov beruvchi texnologik tizimining energetik holatini baholashning optimal boshqarish usullari va algoritmlari, kuchlarni hisoblash, energetik holatini baholash, ishlov beriladigan detallarning parametrlari optimal qiymatlarini aniqlash usullari «KTSSM» MChJda paxta terish mashinasi terish apparati ajratgichi valini tayyorlashning texnologik jarayonlarining parametrlarini aniqlash uchun loyihalash jarayonlariga joriy qilingan (Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining 2018 yil 12 oktyabrdagi 33-8/7656-son, O‘zbekiston Respublikasi «O‘zagrotexsanoatxolding» AJning 2019 yil 15 yanvardagi AR-19-02/88-son ma’lumotnomalari). Taklif qilinayotgan texnologik jarayonni modellashtirish usuli berilgan shart bo‘yicha va detallarning shakli aniqligining yuqori ko‘rsatkichlarini olish uchun xizmat qilgan, mexanik ishlov berishning berilgan nazariy aniqligiga ikki parametr bo‘yicha boshqarish yo‘li bilan erishilgan.