Norchaev Jaloliddin Rustamovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Piyoz kovlagich konstruksiyasini takomillashtirish va parametrlarini asoslash», 05.07.01–Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya mashinalari. Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya ishlarini mexanizatsiyalash (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.3.PhD/T374.
Ilmiy rahbar: Toshboltaev Maxamadjon Tojalievich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institututi. DSs.27.06.2017.T.10.01.
Rasmiy opponentlar: Mamatov Farmon Murtozovich, texnika fanlari doktori, professor; Ravshanov Hamroqul Amirqulovich, texnika fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot nomi: Toshkent davlat texnika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekiston tuproq-iqlim sharoitida piyoz kovlagichni tuproq aralashmasini kamaytiradigan ish organlarini ishlab chiqish yo‘li bilan piyoz yig‘ishtirish texnologik jarayonining samarasini oshirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
seksiyali lemexga ega energiya-, resurstejamkor piyoz kovlagichning takomillashgan konstruksiyasi yaratilgan;
piyoz kovlagichning tortishga qarshiligi kamayishi, o‘simlik qoldiqlari va pushta tuprog‘ini qirqib ketishi hamda piyozni belgilangan chuqurlikdan kovlab olishini ta’minlaydigan disk va uning g‘altagi konstruksiyasi va parametrlari ishlab chiqilgan;
tuproq uyumlanishini bartaraf etib, tortishga qarshilikning kamayishini ta’minlaydigan seksiyali lemexning konstruksiyasi va parametrlari ishlab chiqilgan;
piyoz pushtasi tuprog‘ini kam energiya sarflash hisobiga elaklash va uzatishni ta’minlaydigan parrakli biterning maqbul parametrlari va ish rejimlarini aniqlash imkonini beradigan bog‘lanishlar olingan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Piyozni to‘liq kovlab olinishini va kam shikastlanishi ta’minlaydigan energiya-, resurstejamkor piyoz kovlagichni ishlab chiqish bo‘yicha olingan ilmiy tadqiqot natijalari asosida:
energiya-, resurstejamkor ishchi organlar bilan jihozlangan piyoz kovlagichning tajriba namunasi Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumani fermer xo‘jaliklari dalalarida amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 18 martdagi 02/023-1223-son ma’lumotnomasi). Natijada piyoz kovlab olishda mavjud kovlash vositalarga nisbatan yonilg‘i-moylash materiallarini 19,9 foizga, ekspluatatsion xarajatlarni 21,4 foizga, mehnat sarfini 15,7 foizgacha kamaytirish imkoni yaratilgan;
piyoz-tuproq aralashmasini sifatli elaklashni ta’minlaydigan biter bilan jihozlangan piyoz kovlagich Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanidagi fermer xo‘jaliklarida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 18 martdagi 02/023-1223-son ma’lumotnomasi). Natijada piyozni shikastlanishi va yo‘qotilishini mos ravishda 7,7–8,4 va 4,0–6,8 foizga kamayishiga erishilgan;
energiya-, resurstejamkor ishchi organlar bilan jihozlangan piyoz kovlagich ishlab chiqarishni o‘zlashtirish uchun loyiha-konstruktorlik hujjatlari (texnikaviy shartlar va chizmalar) “BMKB-Agromash” AJda loyihalash jarayoniga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 18 martdagi 02/023-1223-son ma’lumotnomasi). Natijada ilmiy natijalarni jorish etish orqali respublikada piyoz yig‘ishtirishni mexanizatsiyalash muammosining echimi ta’minlangan.