Islomov Yorqin Iskandarovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbekiston qurg‘oqchil yaylovlari uchun kombinatsiyalashgan qurilma parametrlarini asoslash», 05.07.01–Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya mashinalari. Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya ishlarini mexanizatsiyalash (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.3.PhD/T325.
Ilmiy rahbar: Ergashev Ismoil Tashkentovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand veterinariya medisinasi instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti, DSs.27.06.2017.T.10.01.
Rasmiy opponentlar: To‘xtaqo‘ziev Abdusalim, texnika fanlari doktori, professor; Farmonov Erkin Talipovich, texnika fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: “BMKB-Agromash” AJ.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: yaylovlarning holatini yaxshilashda energiya, mehnat va material resurslar sarfini kamaytirish imkonini beradigan kombinatsiyalashgan qurilmaning konstruktiv sxemasi va ratsional parametrlarini asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
tuproqqa yo‘l-yo‘l (minimal) ishlov berish va ishlov berilgan hududga fitomeliorativ o‘simliklar urug‘ini ekish jarayonlarini bir yo‘la bajarish texnologiyasi ishlab chiqilgan;
adir yaylovlari tuproqlariga yo‘l-yo‘l ishlov berib fitomeliorantlar urug‘larini ekishda ishlov beriladigan hudud kengligi, ishlov berish chuqurligi va qator oralari kengligi asoslangan;
turli tipdagi (buta, yarim buta va o‘tlar) fitomeliorantlarni birgalikda ekishda ularning ratsional nisbati aniqlangan;
tuproqqa yo‘l-yo‘l (minimal) ishlov berish bilan birga fitomeliorativ o‘simliklar urug‘ini bir yo‘la ekadigan kombinatsiyalashgan qurilmaning konstruksiyasi yaratilgan;
ishlov beriladigan hududda ariq hosil qilish uchun ariqochkichning eng kam tortish qarshiligini ta’minlaydigan parametrlari asoslangan;
yo‘l-yo‘l ishlov berishda tuproqni yumshatish va o‘simlik ildizlarini qirqish uchun ikki yarusli yumshatkich konstruksiyasi ishlab chiqilgan va ish jarayonida eng kam tortish qarshiligini ta’minlaydigan parametrlari asoslangan;
kombinatsiyalashgan qurilmaning sifat va energetik ish ko‘rsatkichlarining ish rejimlari va qurilma parametrlariga bog‘liq ravishda o‘zgarish qonuniyatlari aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Tuproqqa yo‘l-yo‘l ishlov beruvchi va fitomeliorativ o‘simliklar urug‘ini ekuvchi kombinatsiyalashgan qurilmani ishlab chiqish va uning parametrlarini asoslash bo‘yicha olingan natijalar asosida:
«Yaylovlarni fitomelioratsiyalash usuli va uni amalga oshiruvchi agregati» uchun O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti olingan (№ IAP 04024-2009 y.). Natijada tuproqqa tor qatorlab ishlov beradigan va fitomeliorativ o‘simliklar urug‘ini ekadigan kombinatsiyalashgan qurilmaning konstruktiv sxemasini ishlab chiqish imkoni yaratilgan;
yaylovlarni yaxshilash uchun ishlab chiqilgan qurilma Samarqand ilmiy-tajriba stansiyasi dalalarida, O‘zChEITI Nurota dala maydonida va Navoiy viloyatining fermer xo‘jaliklarida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 14 iyuldagi 02/023-629-son ma’lumotnomasi). Natijada ishlab chiqilgan kombinatsiyalashgan qurolning foydalanilishi natijasida mehnat sarfi 84,0% gacha, yonilg‘i-moylash materiallari sarfi 84,7% gacha kamaygan;
yaylovlar holatini yaxshilaydigan kombinatsiyalashgan qurilmani ishlab chiqarishni o‘zlashtirish uchun loyiha-konstruktorlik hujjatlari «BMKB-Agromash» AJda loyihalash jarayoniga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 14 iyuldagi 02/023-629-son ma’lumotnomasi). Natijada yaylovlar holatini yaxshilashda tuproqqa yo‘l-yo‘l ishlov beradigan va fitomeliorativ o‘simliklar urug‘ini ekadigan kombinatsiyalashgan qurilmani ishlab chiqarish imkoni yaratilgan.