Muzafarova Salima Asxatovnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Fertil yoshdagi ayollarda giperandrogenemiyaning tuxumdon shakli patogenezidagi immunologik va endokrin mexanizmlar», 14.00.36–Allergologiya va immunologiya; 14.00.03–Endokrinologiya (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.DSc/Tib383.
Ilmiy maslahatchilar: Kamalov Zaynitdin Sayfutdinovich, tibbiyot fanlari doktori, professor; Ismailov Saidiganixuja Ibragimovich, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Immunologiya va inson genomikasi instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Immunologiya va inson genomikasi instituti huzuridagi DSc.30.08.2018.Tib.50.01 raqamli ilmiy kengash asosidagi bir martalik ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Axmedova Xalida Yuldashevna, tibbiyot fanlari doktori; Raximova Gul`nara Nishanovna, tibbiyot fanlari doktori, professor; Magzumova Nargiza Maxkamovna, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: D.O.Ott nomidagi Akusherlik, ginekologiya va reproduktologiya ITI (Rossiya).
Dissertatsiyaning yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: fertil yoshdagi ayollarda giperandrogenemiyaning tuxumdon shakli patogenezidagi immunologik va endokrin mexanizmlarni aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor reproduktiv faoliyatida o‘zgarishlar bo‘lgan ayollarda giperandrogenemiyaning tuxumdon shakli boshqa endokrin nozologiyalarga nisbatan idiopatik girsutizmda yuqori darajada uchrashi aniqlangan;
ilk bor tuxumdonlar polikistoz sindromi barcha fenotiplari klinik kechishida yallig‘lanishga xos IL-6 sitokin miqdorining ortishiga bog‘liq yallig‘lanishga qarshi IL-10 sitokin miqdorining proporsional kamayishi isbotlangan;
ilk bor ayollarda tuxumdonlar polikistozi sindromining turli fenotiplarida MSR-1 miqdorining ortishi va IL-17 miqdorining kamayishi bilan kechuvchi sitokinlar disbalansi kelib chiqishi asoslangan;
tuxumdonlar polikistozi sindromida erkin androgenlar indeksi (EAI) ko‘rsatkichi fenotiplarning o‘zgarishiga (noandrogen fenotip>ovulyator fenotip>anovulyator fenotip>to‘liq fenotip) mos ravishda ortib borishi aniqlangan;
ilk bor sitokinlarning (IL-6/IL-17) gormonal (EAI) tizimi indeksiga nisbati (SGN) darajasi tuxumdonlar polikistozi sindromi fenotiplari o‘zgarishiga (noandrogen fenotip>ovulyator fenotip>anovulyator fenotip>to‘liq fenotip) mos ravishda pasayib borishi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Fertil yoshdagi ayollarda giperandrogenemiyaning tuxumdon shakli patogenezidagi immunologik va endokrin mexanizmlarni aniqlash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
«Tuxumdonlar polikistoz sindromi asoratlarini prognozlash uchun IL-1α, IL-1β, TNF-α miqdorini aniqlash» uslubiy tavsiyanomasi tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2019 yil 26 fevraldagi 8n-d/42-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy tavsiyanoma tuxumdonlar polikistoz sindromi bo‘lgan ayollarni tashxislash, giperandrogenemiya tuxumdon shakli tashxislash muddatini qisqartirish, kasallik kechishini bashorat qilish va o‘z vaqtida davolash chora-tadbirlarini qo‘llashga xizmat qilgan;
«Ayollarda tuxumdonlar polikistoz sindromini tashxislash aniqligini oshirish uchun IL-1β, TNF-α glyukoza stimullovchi sekresiyasini aniqlash» uslubiy tavsiyanomasi tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2019 yil 26 fevraldagi 8n-d/42-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy tavsiyanoma ayollarda giperandrogenemiya tuxumdon shaklining erta immunologik o‘zgarishlarini aniqlash, tashxislash, kasallik kechishini bashorat qilish va o‘z vaqtida davolash jarayonini dinamik baholash imkonini bergan;
fertil yoshdagi ayollarda giperandrogenemiyaning tuxumdon shakli patogenezidagi immunologik va endokrin mexanizmlarni aniqlash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar sog‘liqni saqlash tizimiga, jumladan, Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi «Oila va nikoh» poliklinikasi bo‘limi, Andijon va Xorazm viloyatlari perinatal markazlari hamda Buxoro shahar tug‘ruq majmuasi amaliyotlariga joriy etilgan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2019 yil 3 oktyabrdagi 8n-z/117-son ma’lumotnomasi). Joriy qilingan natijalar tibbiy yordam sifatini oshirish, reproduktiv yoshdagi ayollarda tuxumdon polikistozi sindromini tashxislash, davolashning yangi uslublarni qo‘llash orqali kasallik asoratlarini kamaytirish va bemorlar hayot sifatini yaxshilashga xizmat qilgan.