Alimova Sevara Muradovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Allergodermatozlarning molekulyar-genetik xususiyatlari va endogen intoksikatsiyani hisobga olib, diagnostika va davolash usullarini takomillashtirish», 14.00.11–Dermatologiya va venerologiya (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.PhD/Tib476.
Ilmiy rahbar: Mavlyanova Shaxnoza Zakirovna, tibbiyot fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent pediatriya tibbiyot instituti, DSc.27.06.2017. Tib.29.01.
Rasmiy opponentlar: Xaitov Kaxramon Najmitdinovich, tibbiyot fanlari doktori; Gil`dieva Margarita Sabirovna, biologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: ikkinchi bosqich ksenobiotik ferment genlarining allel polimorfizmi, organizmning klinik va biokimyoviy ko‘rsatkichlarini hisobga olgan holda allergodermatozli bemorlarni tashxislash va davolash tartibini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor allergodermatozlarning klinik kechishida, ayniqsa surunkali shaklida, ksenobiotik fermentlar GSTP1 geni ikkinchi fazasidagi IIe 105 Val genotipining muhim ahamiyati aniqlangan;
GSTP1 geni IIe105Val polimorfizmi G allel va getero/gomozigot genotiplarining teri allergik kasalliklarining og‘ir klinik kechishi xavfi oshishida muhim prognostik ahamiyati isbotlangan;
allergodermatozli bemorlarda antioksidant tizimidagi AOT faoliyatining kamayishi va qonda oligopeptidlarning oshishi endogen intoksikatsiyaning og‘ir darajada kechishiga olib kelishi aniqlangan;
ilk bor IIe105Val GSTP1 geni polimorfizmining genotiplarini hisobga olgan holda dezintoksikatsion terapiyasi takomillashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Allergodermatozlarning molekulyar-genetik xususiyatlari va endogen intoksikatsiyani tashxislash va davolash usullarini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
«Allergodermatozlarning og‘ir shakllari uchun dezintoksikatsion terapiya» nomli uslubiy tavsiyanoma tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2018 yil 11 oktyabrdagi 8n-r/269-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy tavsiyanoma allergik dermatozlarning tajriba hayvonlarida eksperimental modelini yaratish orqali kasallikni tashxislash usullarini takomillashtirish imkonini bergan;
allergodermatozlarning molekulyar-genetik xususiyatlari va endogen intoksikatsiyani tashxislash va davolash usullarini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar sog‘liqni saqlash amaliyotiga, jumladan, Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, shuningdek, Namangan viloyati teri-tanosil dispanseri hamda “Embrioservis” xususiy shifoxonasi klinik amaliyotiga joriy qilingan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2019 yil 10 apreldagi 8n-d/72-son ma’lumotnomasi). Olingan natijalarning amaliyotga joriy qilinishi aholi orasida tibbiy yordam sifatini oshirish, shuningdek, kasallikni samarali tashxislash va davolashning yangi usulini qo‘llash orqali allergik dermatozli bemorlar hayot sifatini yaxshilash asosida organizmning endogen intoksikatsiya darajasini pasaytirish va 65,6%ga terapevtik samaradorlikni ta’minlash imkonini bergan.