Ikramov Otabek Azizbekovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Klinik va molekulyar-genetik tadqiqotlar asosida miopiyani rivojlanishi va zo‘rayishini prognozlashtirish», 14.00.08–Oftal`mologiya (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.1.PhD/Tib555.
Ilmiy rahbar: Karimova Muyassar Xamitovna, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Andijon tibbiyot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat stomatologiya instituti, DSs.28.12.2017.Tib.59.01.
Rasmiy opponentlar: Makkaeva Sakinat Magomedovna, tibbiyot fanlari doktori, professor; Kasimova Munira Sadikdjanovna, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Akademik S.N. Fyodorov nomidagi «Ko‘z mikroxirurgiyasi» sohalararo ilmiy-texnik kompleksi «Milliy tibbiy tadqiqot markazi» Federal davlat avtonom muassasasi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: klinik va molekulyar-genetik tadqiqotlar asosida miopiyaning rivojlanishi va jadallashishining yangi mezonlarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
turli darajada miopiya aniqlangan bemorlarda bo‘yin umurtqasi arteriyalari dopplerografiyasiga ko‘ra qon tomirlar diametri va qon oqimi chiziqli sistolik tezligining asimmetriyasi kabi qon aylanishning funksional buzilishlari aniqlangan;
ko‘p miqdorda kollagen tutuvchi to‘qimalarning zararlanish darajasi yuqoriligi sababli bolalarda skolioz, kifoz va yassi oyoqlik miopiya rivojlanishi va jadallashuvining prognostik omillari bo‘lib xizmat qilishi asoslangan; 
genetik determinatsiyalangan vegetativ boshqaruvning uchrash darajasi yuqoriligi ko‘rish a’zosi akkomodatsiya funksiyasining biologik boshqaruviga bevocita ta’sir ko‘rsatib, klinik refraksiyani shakllantirishi isbotlangan; 
ilk bor COL1A1 geni rs1107946 va VDR geni rs10735810 polimorfizmlarining patogenetik ahamiyati va ushbu nomzod genlarning o‘zbek populyasiyasidagi bolalarda miopiyaning rivojlanishi va jadallashuviga ta’siri asoslangan; 
miopiya rivojlanish xavfini belgilab, samarali profilaktik chora-tadbirlar o‘tkazish imkonini bera oladigan hamda miopiya rivojlanishi va zo‘rayishini bashoratlovchi prognostik ko‘rsatkichlar ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Klinik va molekulyar genetik tadqiqotlar asosida miopiyani rivojlanishi va zo‘rayishini prognozlashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
«Miopiyaning zo‘rayib borish darajasini prognozlash usuli» uslubiy tavsiyanomasi tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2019 yil 3 iyundagi 8n-r/218-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy tavsiyanoma miopiyaning zo‘rayib borish patogenezida bo‘yin umurtqa patologiyalari, gemodinamik o‘zgarishlar va vegetotomir buzilishlarni, umurtqa arteriyalarida qon aylanishi darajasining buzilishi natijasida yuzaga keladigan miopiyani prognozlash imkonini bergan;
«Vegetativ asab tizimi tonusini inobatga olgan holda miopiyaning zo‘rayib borishini baholash usuli» uslubiy tavsiyanomasi tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2019 yil 3 iyundagi 8n-r/219-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy tavsiyanoma miopiyaning zo‘rayib borishida vegetativ asab tizimi vagotonik turi ustun bo‘lgan miopiya aniqlangan bemorlarda refraksiyaning ortib borishiga nomutanosib ravishda OOO‘ jaddallashuv gradientining kattaligini e’tiborga olgan holda jarrohlik amaliyoti o‘tkazishni rejalashtirish orqali kasallik asoratlarining oldini olish imkonini bergan;
miopiyani rivojlanishi va zo‘rayishini prognozlashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar sog‘liqni saqlash amaliyotiga, jumladan, Respublika klinik oftal`mologiya shifoxonasi, Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy markazi, Andijon davlat tibbiyot instituti klinikasi va Andijon viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi klinik amaliyotiga joriy qilingan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2019 yil 14 iyundagi 8n-d/138-son ma’lumotnomasi). Olingan tadqiqot natijalarining klinik amaliyotga joriy qilinishi zo‘rayib boruvchi miopiya aniqlangan bemorlarda erta tashxislash va uning sifatini yaxshilash, davolash taktikasini takomillashtirish va og‘ir asoratlar rivojlanishini oldini olish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish