Xudayqulov Jonibek Bozarovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Eryong‘oq navlaridan yuqori va sifatli hosil etishtirish texnologiyasining ilmiy asoslari», 06.01.08–O‘simlikshunoslik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.3.DSc/Qx68.
Ilmiy maslahatchi: Atabaeva Xalima Nazarovna, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.27.06.2017.Qx.42.01.
Rasmiy opponentlar: Toshtemir Eshimovich Ostonaqulov, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Rahmonqulov Saidakbar Rahmonqulovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Yormatova Dilorom, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘simlikshunoslik ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Toshkent viloyatining tipik bo‘z tuproqlari sharoitiga mos tezpishar, yuqori hosildor xorijiy eryong‘oq nav va namunalarini tanlash, mahalliy navlarning maqbul ekish muddatlari, mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirish me’yorlari, sug‘orish tartibi va biostimulyatorni qo‘llash texnologiyalarining eryong‘oq morfobiologik xususiyatlari, fotosintetik faoliyati, hosil elementlarining shakllanishi va moydorlik xususiyatlariga ta’sirini ilmiy asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Toshkent viloyatining tipik bo‘z tuproqlari sharoitida Davlat Reestriga kiritilgan mahalliy eryong‘oq navlarining biologik xususiyatlaridan kelib chiqqan holda, yuqori va sifatli hosil etishtirishning texnologik elementlari ilmiy asoslangan;
eryong‘oqning mahalliy “Toshkent-112”, “Qibray-4”, “Salomat” va “Mumtoz” navlarini asosiy va takroriy ekin sifatida ekishning maqbul muddatlari va me’yorlari aniqlangan;
eryong‘oq navlarining maqbul sug‘orish tartibi va mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirish me’yorlari tshlab chiqilgan;
eryong‘oq etishtirishda “Mikrozim-2” biostimulyatorini qo‘llash texnologiyasi ilmiy asoslangan;
dunyo genofondidan olingan 29 ta eryong‘oq nav va namunalarining biologik xususiyatlaridan kelib chiqqan holda mahalliy sharoitga mos tezpishar va serhosil 7 ta nav namunalari 240 (Xitoy), 513 (Yaponiya), 537 (Janubiy Koreya), ISCVT 03157, ISCVT 03184, ISCVT 03187, CHICO 01021 (Hindiston) tanlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Toshkent viloyatining sug‘oriladigan tipik bo‘z tuproqlari sharoitida eryong‘oqdan yuqori va sifatli hosil etishtirish texnologiyalari bo‘yicha olib borilgan ilmiy tadqiqot natijalari asosida:
“Eryong‘oqni tomorqa, dehqon va fermer xo‘jaliklarida ekish va parvarishlashda innovatsion texnologiyalar bo‘yicha tavsiyanoma”, “Eryong‘oq ekinini etishtirish agrotexnikasi bo‘yicha tavsiyanoma”lar ishlab chiqilgan va tasdiqlangan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 11 sentyabrdagi 02/021-2273-son ma’lumotnomasi). Ushbu tavsiyanomalar respublikamizdagi tomorqa, dehqon va fermer xo‘jaliklarida eryong‘oqdan mo‘l hosil etishtirishda qo‘llanma sifatida xizmat qilgan;
eryong‘oqning maqbul ekish muddatlari, mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirish me’yorlari, sug‘orishlar soni va me’yori, “Mikrozim-2” biostimulyatorini qo‘llash texnologiyasi Toshkent viloyati Bekobod, Bo‘ka, Piskent tumanlaridagi fermer xo‘jaliklarida jami 315 gektar maydonga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 11 sentyabrdagi 02/021-2273-son ma’lumotnomasi). Natijada “Salomat” va “Toshkent-112” navlari takroriy muddatlarda etishtirilganda iyun` oyining birinchi yarmida ekilgan va oktyabr` oyining birinchi o‘n kunligida pishib etilgan hamda gektaridan 23,5-26,7 sentner don hosili olingan;
eryong‘oq navlaridan yuqori va sifatli hosil etishtirishni ta’minlovchi maqbul sug‘orish tartiblari va mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirish texnologiyasi jami 54 gektar maydonda joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 11 sentyabrdagi 02/021-2273-son ma’lumotnomasi). Natijada eryong‘oqning “Mumtoz” navi may oyining birinchi o‘n kunligida ekilib, sug‘orish tartibi ChDNSga nisbatan 70–75–65% va mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirish ishlari N200P150K100 kg/ga me’yorda bo‘lganda, dukkak hosildorligi gektaridan 34–35 sentnerni tashkil etgan va rentabellik darajasi oshishi imkoni yaratilgan;
takroriy ekin sifatida iyun` oyining birinchi yarmida o‘rtatezpishar “Salomat”, “Toshkent-112” navlari ekilgan va o‘sishni rostlovchi “Mikrozim-2” biostimulyatori urug‘ni ekishdan oldin, gullash va dukkaklash fazalarida qo‘llanilib, ishlab chiqarish sinovida jami 25 gektar maydonda joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 11 sentyabrdagi 02/021-2273-son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu navlar oktyabr` oyida pishib etilgan va o‘rtacha gektaridan 24,5–27,4 sentner don hosili olishga erishilgan.