Ashurov Zufar Abdulloevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Aksiyadorlik korxonalarida korporativ boshqaruvning tashkiliy-iqtisodiy mexanizmini takomillashtirish», 08.00.13¬–Menejment (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.PhD/Iqt123.
Ilmiy rahbar: Zaynutdinov Shavkat Nuritdinovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, DSc.27.06.2017.I.16.01.
Rasmiy opponentlar: Gulyamov Saidaxror Saidahmedovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor, akademik; Tursunxodjaev Marat Lutfullaevich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: korporativ boshqaruvning nazariy va uslubiy asoslarini rivojlantirish, aksiyadorlik korxonalarida korporativ boshqaruvning tashkiliy-iqtisodiy mexanizmini zamonaviy xalqaro standartlar asosida takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
korporativ boshqaruv tizimining me’yoriy-huquqiy bazasi aksiyalar nominal qiymatining eng yuqori miqdorini besh ming so‘m qilib belgilash, dividendlarning shaffofligini korporativ veb-saytda e’lon qilish orqali oshirish, aksiyadorlarning navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishini kamida besh foiz aksiyaga egalik qiluvchi aksiyadorlarning yozma talabi asosida o‘tkazish orqali minoritar aksiyadorlarning aksiyadorlik jamiyatini boshqarishda ishtirok etish huquqini ta’minlash jihatlari «G20/OECD Corporate Governance Principles» xalqaro standart asosida takomillashtirilgan;
korporativ boshqaruv kodeksi aksiyadorlik jamiyatlari faoliyatida uzoq muddatli strategik rejalashtirishni qo‘llash, kuzatuv kengashi tarkibiga «Independent member» (mustaqil a’zo)ni kiritish, kuzatuv kengashi a’zolariga to‘lanadigan mukofotlarni aksiyadorlik jamiyati samaradorligiga bog‘liq holda belgilash, kuzatuv kengashining qo‘mitalarini tashkil etish asosida takomillashtirilgan;
aksiyadorlik jamiyatlarida korporativ boshqaruvning «comply or explain» xalqaro tamoyiliga, uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan rivojlanish strategiyasini ishlab chiqish yondashuvlariga, ichki nazorat mexanizmlariga va aksiyadorlar huquqlarini himoya qilish qoidalariga samarali rioya etishning zamonaviy uslubi taklif etilgan;
kimyo sanoati aksiyadorlik korxonalarida korporativ boshqaruvning tashkiliy-iqtisodiy mexanizmi davlat aksiya paketlarini salohiyatli xorijiy investorlarga sotish, «capital payback»ni ta’minlashga xizmat qiladigan maqbul dividend siyosatini ishlab chiqish asosida takomillashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Aksiyadorlik korxonalarida korporativ boshqaruvning tashkiliy-iqtisodiy mexanizmini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
korporativ boshqaruv tizimining me’yoriy-huquqiy bazasini aksiyalar nominal qiymatining eng yuqori miqdorini besh ming so‘m qilib belgilash, dividendlarning shaffofligini korporativ veb-saytda e’lon qilish orqali oshirish, aksiyadorlarning navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishini kamida besh foiz aksiyaga egalik qiluvchi aksiyadorlarning yozma talabi asosida o‘tkazish orqali minoritar aksiyadorlarning aksiyadorlik jamiyatini boshqarishda ishtirok etish huquqini ta’minlash jihatlari «G20/OECD Corporate Governance Principles» xalqaro standarti asosida takomillashtirish bo‘yicha takliflar 2015 yil 6 mayda yangi tahrirda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining «Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonunining 12-, 23-, 62-, 75-, 83-moddalariga kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasining 2014 yil 10 sentyabrdagi 04/1-06-2-107-son ma’lumotnomasi). Mazkur takliflarning qonun normalariga kiritilishi milliy korporativ boshqaruv tizimini xalqaro standart talablari asosida takomillashtirishga xizmat qilgan;
korporativ boshqaruv kodeksini aksiyadorlik jamiyatlari faoliyatida uzoq muddatli strategik rejalashtirishni qo‘llash, kuzatuv kengashi tarkibiga «Independent member» (mustaqil a’zo)ni kiritish, kuzatuv kengashi a’zolariga to‘lanadigan mukofotlarni aksiyadorlik jamiyati samaradorligiga bog‘liq holda belgilash, kuzatuv kengashining qo‘mitalarini tashkil etish asosida takomillashtirish bo‘yicha berilgan takliflar 2015 yil 31 dekabrda qabul qilingan Korporativ boshqaruv kodeksining 5-bobi 18, 19, 25-bandlariga kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Davlat raqobat qo‘mitasining 2016 yil 28 iyuldagi ma’lumotnomasi). Mazkur takliflarning Korporativ boshqaruv kodeksiga kiritilishi aksiyadorlik jamiyatlarida uzoq muddatli strategik rejalashtirishni qo‘llash, kuzatuv kengashi tarkibiga mustaqil a’zolarni kiritish, kuzatuv kengashi a’zolariga to‘lanadigan mukofotlarni aksiyadorlik jamiyati faoliyati samaradorligiga bog‘liq holda belgilash, kuzatuv kengashining qo‘mitalarini tashkil etish imkonini bergan;
aksiyadorlik jamiyatlarida korporativ boshqaruvning «comply or explain» xalqaro tamoyiliga, uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan rivojlanish strategiyasini ishlab chiqish yondashuvlariga, ichki nazorat mexanizmlariga va aksiyadorlar huquqlarini himoya qilish qoidalariga samarali rioya etishning zamonaviy uslubi O‘zbekiston Respublikasi Davlat raqobat qo‘mitasi tomonidan aksiyadorlik jamiyatlari boshqaruv faoliyatiga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Davlat raqobat qo‘mitasining 2018 yil 11 oktyabrdagi 2355/02-33-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslub Korporativ boshqaruv kodeksi joriy etilgan 400 dan ortiq aksiyadorlik jamiyatlarida amaliy qo‘llanma sifatida foydalanilgan;
kimyo sanoati aksiyadorlik korxonalarida korporativ boshqaruvning tashkiliy-iqtisodiy mexanizmini davlat aksiya paketlarini salohiyatli xorijiy investorlarga sotish, «capital payback»ni ta’minlashga xizmat qiladigan maqbul dividend siyosatini ishlab chiqish asosida takomillashtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan taklif va tavsiyalar «O‘zkimyosanoat» AJ va «Navoiyazot» AJning boshqaruv faoliyatiga joriy etilgan («O‘zkimyosanoat» AJning 2019 yil 25 yanvardagi, «Navoiyazot» AJning 2018 yil 13 avgustdagi ma’lumotnomalari). Mazkur taklif va tavsiyalarning amaliyotga joriy etilishi davlat aksiya paketlarini salohiyatli xorijiy investorlarga sotish bo‘yicha hukumat qarorini qabul qilishga, samarali dividend siyosatini ishlab chiqishga, korxonalarning korporativ boshqaruv tizimi samaradorligi oshishiga imkon bergan. Natijada, 2017 yil yakunlariga ko‘ra, korporativ boshqaruv tizimi samaradorligi «Navoiyazot» AJda qoniqarli, «O‘zkimyosanoat» AJda yuqori baholangan, pirovardida, moliyaviy faoliyatdan olingan daromad ko‘rsatkichi «Navoiyazot» AJda 34,8 mlrd. so‘mga, «O‘zkimyosanoat» AJda 5075,0 mlrd. so‘mga oshgan.