Taylanova Shoxida Zaynievnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Pedagogika oliy ta’lim muassasalari talabalarida qadriyatlar tizimini rivojlantirish texnologiyasini takomillashtirish”, 13.00.01–Pedagogika nazariyasi. Pedagogik ta’limotlar tarixi (pedagogika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.3.DSc/Ped81.
Ilmiy maslahatchi: Egamberdieva Nodira Melibaevna, pedagogika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand davlat universiteti, PhD.28.03.2018.Ped.02.06.
Rasmiy opponentlar: Maxmudov Mels Hasanovich, pedagogika fanlari doktori, professor; Mardonov Shukur Qo‘ldoshevich, pedagogika fanlari doktori, professor; Kaxxorova Matlyuba Manofovna, falsafa fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat pedagogika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: pedagogika oliy ta’lim muassasalari talabalarida qadriyatlar tizimini rivojlantirish texnologiyalarini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
pedagogika oliy ta’lim muassasasi talabalarida qadriyatlar tizimini rivojlantirishning kognitiv (kasbiy bilimga yo‘nalganlik), pedagogik faoliyatga shaxsiy munosabatni aks ettiruvchi emotsional (kasbiy munosabat va ehtiyoj) va pedagogik faoliyatda aksiologik munosabatni qaror toptirishning xulq-atvor (kasbiy ko‘nikmalarga doir) komponentlari sotsiotsentrik qadriyatlarning integratsiyasi asosida asoslab berilgan;
talabalarda qadriyatlar tizimini rivojlantirishning refleksiv modeli pedagoglik kasbiga qadriyatli munosabatni to‘liq anglash imkonini beradigan ichki (autogen, refleksiya) va tashqi (innovatsion ta’lim muhiti) bloklarining loyihalash hamda texnologik (interaktiv, dialogli, hamkorlikda o‘qitish, axborot texnologiyalari) aspektlari integratsiyasi asosida yoritib berilgan;
talabalarda qadriyatlar tizimini rivojlantirish texnologiyasining tashkiliy-metodik komponenti mohiyati aksiologik ierarxiya (“bilim – qadriyat – faoliyat”) birligi hamda refleksiv usullarni identifikatsiyalash asosida ochib berilgan;
ilg‘or xorijiy tajribalar va innovatsion ta’lim texnologiyalari asosida pedagogika oliy ta’lim muassasasi talabalarida qadriyatlar tizimini rivojlantirish didaktik ta’minotining ishbilarmonlik o‘yinlari (taqlidchanlik vaziyatlari, tasvirlash, turli pedagogik vaziyatlarni modellashtirish); o‘quv portfoliosi; amaliy ishlar tanlovi; trening (guruhiy muloqotni tashkil etish, shaxslararo munosabatlarni modellashtirish vositasida xulq-atvorni korreksiyalashning faol metodi) kabi metod va usullari takomillashtirilgan;
talabalarda pedagoglik kasbiga aksiologik yo‘nalganlikni tarkib toptirishning ko‘p tarmoqli qadriyatlar tizimi, shaxslararo munosabat va shaxsiy-kasbiy rivojlanishdagi o‘zgarishlarni aks ettiruvchi ijtimoiy-pedagogik faoliyatni tashkil etishga doir original mualliflik metodikasi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Pedagogika oliy ta’lim muassasasi talabalarida qadriyatlar tizimini rivojlantirish yuzasidan ishlab chiqilgan nazariy-metodologik va amaliy takliflar asosida:
pedagogika oliy ta’lim muassasasi talabalarida qadriyatlar tizimini rivojlantirishning kognitiv, pedagogik faoliyatga shaxsiy munosabatni aks ettiruvchi emotsional va pedagogik faoliyatda aksiologik munosabatni qaror toptirishning xulq-atvor komponentlarini aniqlashtirishga doir taklif va tavsiyalar “O‘zstandart” agentligining 2015 yil 15 fevraldagi 2-540-son qarori bilan tasdiqlangan bakalavriat yo‘nalishlari Davlat ta’lim standarti mazmuniga singdirilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2017 yil 11 dekabrdagi 89-03-3230-son ma’lumotnomasi). Mazkur takliflar bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari malaka talablarini takomillashtirish hamda kasbiy kompetensiyalar tizimini ishlab chiqishga xizmat qilgan;
talabalarda qadriyatlar tizimini rivojlantirishning refleksiv modelining pedagoglik kasbiga qadriyatli munosabatni to‘liq anglash imkonini beradigan ichki va tashqi bloklarining loyihalash hamda texnologik aspektlari integratsiyasini takomillashtirishga doir takliflar asosida OT-F1-36 raqamli “Talabalar ma’naviyatini diagnostika qilish mexanizmlarini takomillashtirish” loyihasi doirasida bo‘lajak o‘qituvchilarda ma’naviy qadriyatlarga barqaror ehtiyojlarning shakllanganligini hayotiy maqsadlar asosida aniqlashtirish metodikasi ishlab chiqilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2017 yil 11 dekabrdagi 89-03-3230-son ma’lumotnomasi). Olingan amaliy natijalarning joriy qilish orqali talabalarda pedagoglik kasbiga qadriyatga yo‘naltirilgan munosabatni tarkib toptirish, magistraturaga maqsadli tayyorlashga doir taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgan;
talabalarda qadriyatlar tizimini rivojlantirish texnologiyasining tashkiliy-metodik komponentini takomillashtirishga doir amaliy tavsiyalardan ITD-4-122 raqamli “Yuksak ma’naviyatli shaxsni shakllantirish tarbiya texnologiyasini ishlab chiqish” loyihasi doirasida yuksak ma’naviyatli shaxsni shakllantirishning diagnostik texnologiyalarini ishlab chiqishda foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2017 yil 11 dekabrdagi 89-03-3230-son ma’lumotnomasi). Natijada yuksak ma’naviyatli shaxsni shakllantirishning umumpedagogik texnologiyasining qadriyatga yo‘naltirilgan bosqichining takomillashtirilgan metodik ta’minoti ishlab chiqilgan;
ilg‘or xorijiy tajribalar va innovatsion ta’lim texnologiyalari asosida pedagogika oliy ta’lim muassasasi talabalarida qadriyatlar tizimini rivojlantirishning didaktik ta’minotini takomillashtirishga doir taklif va tavsiyalardan OO‘MTVning 2015 yil 21 avgustdagi 303-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Pedagogik kompetentlik va kreativlik asoslari” modulining o‘quv-uslubiy majmuasini ishlab chiqishda foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2017 yil 11 dekabrdagi 89-03-3230-son ma’lumotnomasi). Mazkur takliflar asosida o‘qituvchilarni talabalarda qadriyatlar tizimini rivojlantirish bo‘yicha edvayzerlik tizimi joriy etilgan;
talabalarda pedagoglik kasbiga aksiologik yo‘nalganlikni tarkib toptirishning ko‘p tarmoqli qadriyatlar tizimi, shaxslararo munosabat va shaxsiy-kasbiy rivojlanishdagi o‘zgarishlarni aks ettiruvchi ijtimoiy-pedagogik faoliyatni tashkil etishga doir original mualliflik metodikasidan OT-F1-36 raqamli “Talabalar ma’naviyatini diagnostika qilish mexanizmlarini takomillashtirish” loyihasi doirasida talabalarning ma’naviyatini baholashning aksiologik mezonlarini ishlab chiqishda samarali foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2017 yil 11 dekabrdagi 89-03-3230-son ma’lumotnomasi). Natijada talabalarda qadriyatlar tizimini rivojlangantirish diagnostikasi va korreksiyasini amalga oshirish metodikasi mazmuni takomillashtirilgan.