Ravshanov Mahmudning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): «Nominativ birliklarning semiologik va leksikografik tavsifi», 10.00.11–Til nazariyasi. Amaliy va kompyuter lingvistikasi (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.3.DSc/Fil6.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Navoiy davlat konchilik instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, raqami: Farg‘ona davlat universiteti, DSc.27.06.2017.Fil.15.02.
Rasmiy opponentlar: Umarxo‘jaev Muxtor Eshonxo‘jaevich, filologiya fanlari doktori, professor; Uluqov Nosirjon Mamadalievich, filologiya fanlari doktori, professor; Abdiev Murodqosim Bolbekovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: nominativ birliklarning falsafiy, mantiqiy va til nazariyasi jihatidan o‘rganilish holatini aniqlash hamda til nazariyasining tatbiqiy leksikografiya bilan munosabatlari konsepsiyasini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
hozirgi o‘zbek adabiy tilida nominativ birliklarning ontologik, ruhiyat, ma’naviy borliq, mavjudlik va yo‘qlik to‘g‘risidagi xususiyatlari til realligi, etnolisoniy nisbiylik, antropotsentrik, antromorfik va inson omili kabi tamoyillar asosida aniqlangan;
nominativ birliklarning konseptual, tushunchaviy, semiologik, kognitiv, kategorial, ma’noviy, mazmuniy, tavsifiy imkoniyatlari hamda ularda ma’nolarning ekstrolingvistik omillar asosida rivojlantirilish turlari asoslangan;
nominativ birliklarda semiologik belgi tamoyillarining variantlari, ko‘rsatkichlari, darajalanishi, turkumlanishi, farqlanishi, funksional transformatsiyasi, transpozisiyasi hamda ularning struktural tarkibining chegaralanish tavsiflari isbotlangan;
nominativ birliklarda umumsemiologik vazifaviy tamoyillarining tuzilishi, mazmuni, ma’no komponentlari taraqqiyoti, yo‘nalishlari, ma’nolarning torayishi, kengayishi hamda ularning tarkibiy tuzilishi dalillangan;
nominativ birliklarda mazmuniy yo‘nalishdagi ideografik va dastlabki izlash tizimli tezaurusli lug‘atlar tuzishning variantlilik, invariantlilik turlari hamda ularning alifboli lug‘atlardan farqi maydon nazariyasi mezonlari asosida ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Nominativ birliklarning semiologik va leksikografik tavsifi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
til va reallik konsepsiyasi, til birliklarining dinamik va ijodiylik tabiati bo‘yicha olingan ilmiy-nazariy xulosalardan va amaliy tavsiyalardan Navoiy davlat pedagogika institutida bajarilgan (2003–2005 yillar) DITD-5.P-31 raqamli «Til birliklarining semiologik tavsifi» amaliy tadqiqot loyihasini bajarishda foydalanilgan (Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasining 2016 yil 3 noyabrdagi FTK 0313/745-son ma’lumotnomasi). Natijada «Lingvistik semantika», «Funksional semantika», «Qiyosiy semantika va tillarni o‘rganish», «Axborot izlash tizimi va madaniyatlararo kommunikatsiya» kabi lisoniy fanlar sohalarida ilmiy manba bo‘lib xizmat qilgan;
nominativ birliklarning rivoyatlar matnlaridagi umumsemiologik va kognitiv xususiyatlariga ega bo‘lgan, agiografik, agiologik, terminlari Navoiy viloyati hududida joylashgan qadamjolardagi ota komponentli agiografik toponimlarda: Qanorboy ota, Shaymardan ota, Avliyo ota kabilarning ma’nolari izohlanishida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Fundamental tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash fondining Navoiy bo‘limida bajarilayotgan IJ-10-18 raqamli «Navoiy viloyati cho‘l hududlari mahalliy aholisining qadamjolari tarixi» nomli grantida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2019 yil 12 avgustdagi 4/1255-2234-son ma’lumotnomasi). Natijada mazkur toponimik leksemalarining agiografik va agiologik tavsifi bo‘yicha ma’lumotlar kengaygan;
tatbiqiy leksikografik ilmiy xulosalardan «Ekologiya» ruscha-o‘zbekcha izohli lug‘at»ni (Toshkent «O‘zbekiston Milliy ensiklopediyasi» Davlat ilmiy nashriyoti 2009) tuzishda foydalanilgan («O‘zbekiston Milliy ensiklopediyasi» Davlat ilmiy nashriyotining 2018 yil 11 iyundagi 01-268-son ma’lumotnomasi). Natijada ekologik atamalarning ma’nosini to‘g‘ri anglash, ekologik terminologiya to‘g‘risidagi lingvistik tasavvurlarni kengaytirishga xizmat qilgan;
nominativ birliklarda mazmuniy yo‘nalishdagi ideografik va tezaurusli lug‘atlar tuzish bo‘yicha olingan ilmiy xulosalar asosida «Ideografik lug‘at» (Svid. reg. №76655/05-2012 (http://window.edu.ru/ window/librery:) yaratilgan. Mazkur lug‘atda leksikografik tavsiflardagi artefaktlarning konseptual asoslari semantik maydon nazariyasi tamoyillariga tayanilgan holda amalga oshirilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2017 yil 25 sentyabrdagi 89-03-2038-son ma’lumotnomasi). Natijada onomasiologik taqiqotlar olib borilishida xalqaro talablarga javob beradigan ideografik tamoyillardan foydalanishning optimal variantlari joriy etilgan va foydalanish imkoniyati kengaygan.
so‘zlarning ideografik joylashuvi zamonaviy leksikografiyaning keyingi yutuqlariga tayanilgan holda onomasiologik yo‘nalishda amalga oshirilgan «Tilshunoslik bo‘yicha axborot-qidiruv tezaurusi» (Svid. reg. №76653/05-2012 (http://window.edu.ru/window/librery) lug‘ati yaratilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 25 maydagi 89-03-2073-son ma’lumotnomasi). Natijada lug‘at asosidagi lingvistik terminologiya bo‘yicha olingan nazariy va amaliy tavsiyalardan xalqaro darajadagi mutaxassislar foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldi;
nominativ birliklarning semiologik tavsifi yuzasidan olingan ilmiy natijalardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tizimidagi «Navoiy» telekanalining «Til – millat ko‘zgusi», «Davlat tili va ta’lim taraqqiyoti», «Davlat tili taraqqiyotida termin, terminologiya va nomenklatura» kabi ko‘rsatuvlar ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tizimidagi «Navoiy» telekanalining 2019 yil 17 iyundagi 1872-son ma’lumotnomasi). Natijada mazkur teleko‘rsatuvlarning ilmiy-ommabopligi to‘liq ta’minlangan.