Irisqulov Olimjon Jahongirovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. 
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “XIX asr ikkinchi yarmi – XX asr boshlarida Samarqand shahrida ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy jarayonlar”, 07.00.01–O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari). 
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.PhD/Tar123.
Ilmiy rahbar: G‘afforov Shokir Safarovich tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand davlat universiteti, PhD.31.01.2019.Tar.02.10.
Rasmiy opponentlar: Xayitov Shodmon Ahmadovich, tarix fanlari doktori, professor; Tillaboev Soipjon Boqijonovich, tarix fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Qarshi davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Samarqand shahrining XIX asrning ikkinchi yarmi – XX asr boshlaridagi ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy jarayonlari xususiyatlarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
XIX asrning ikkinchi yarmi XX asr boshlarida Samarqand shahri Turkiston general-gubernatorligining siyosiy boshqaruv tizimida muhim o‘rin tutgan holda, markaz sifatida qulay geografik hududda joylashuvi orqali metropoliyaning undan o‘lkani har tomonlama nazorat qilishda o‘ziga xos forpost sifatida foydalangani, “Yangi shahar” qismi esa mustamlaka ma’muriyat uchun Samarqand viloyati va uning markazini boshqarishda ma’muriy-harbiy, ijtimoiy-xo‘jalik vazifasini o‘taganligi ochib berilgan;
Samarqand shahrida yuz bergan ijtimoiy-iqtisodiy transformatsiyalar ijtimoiy hayotga sezilarli ta’sir ko‘rsatgani, xususan, iqtisodiy, migratsiya singari omillar aholi milliy tarkibida o‘zgarishlarga sabab bo‘lgani, jamiyat hayotiga Evropa turmush-tarziga xos yangi jihatlarning kirib kelishi (maishiy xizmat, hayot, kiyinish uslubi va b.) hamda  “Eski shahar” va “Yangi shahar” aholisining o‘zaro integratsiyalashuvi (g‘oyaviy, kasbiy, madaniy) alomatlarining paydo bo‘lishi aniqlangan;
Samarqand shahri gubernatorlikning muhim iqtisodiy markazlaridan biri sifatida, o‘lkani iqtisodiy jihatdan metropoliya bilan bog‘lagan transport va kommunikatsiya (temir yo‘l, telegraf, pochta va h.z.) markazi sifatida roli hamda savdo, sanoat va tovar-pul munosabatlarini rivojlantirgan davlat va xususiy kapitallarning yetakchi markazi bo‘lganligi jihatlari ko‘rsatib berilgan;
XIX asr ikkinchi yarmi – XX asr boshlarida Samarqand Turkiston ilm-fani, maorif tizimida o‘ziga xos o‘rin tutgan holda, tarixiy shahar mavqeiga ega bo‘lishi orqali bu erda ilm-fan jamiyatlari tashkil topib, faoliyat olib borishining ahamiyati, rus va mahalliy ta’limdagi yangilanish va an’anaviy holatlar (ta’lim shakllari, yangi va eski o‘qitish uslublari va b.) aniqlangan, shuningdek teatr, san’at sohasidagi o‘zgarishlarning aholi hayotiga ko‘rsatgan ta’sir omillari (ma’naviy, madaniy va b.) ochib berilgan.    
IV. Tadqiqot natijalarning joriy qilinishi. 
XIX asr ikkinchi yarmi – XX asr boshlarida Samarqand shahridagi ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy jarayonlar bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Samarqand shahrining XIX asr ikkinchi yarmi – XX asr boshlariga oid ishlab chiqarish, hunarmandchilik tarmoqlari hamda shaharsozlikda yangi uslubdagi me’morchilikning shakllanishiga doir tadqiqot materiallari Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasining “Hunarmandchilik va shaharsozlik” ekspozisiyasini shakllantirishda foydalanilgan (Madaniyat vazirligining 2019 yil 14 maydagi 01-12-10-2258-son  ma’lumotnomasi). Tadqiqotning ilmiy xulosalari XIX asr oxiri – XX asr boshlariga oid an’anaviy ishlab chiqarish munosabatlari hamda shaharsozlikda yuz bergan o‘zgarishlarni ochib berishga xizmat qilgan;
Samarqand shahrida yuz bergan ijtimoiy-iqtisodiy transformatsiyalarning ijtimoiy hayotga sezilarli ta’siri, jamiyat hayotiga Evropa turmush-tarziga xos yangi jihatlarning kirib kelishi to‘g‘risidagi ilmiy yangiliklardan “Buxoro merosi” ilmiy- tadqiqot markazining “Samarqandning Buxoro amirligi va mustamlaka davri tarixi” mavzusidagi ilmiy loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasining 2019 yil 19 iyuldagi 04-06/200-01-son va “Buxoro merosi” markazining 2019 yil 20 apreldagi 3-son ma’lumotnomalari). Taqdim etilgan materiallar XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Samarqanddagi ijimoiy-iqtisodiy transformatsiyalar tarixini yangi materiallar asosida keng jamoatchilikka targ‘ib qilishga asos bo‘lgan;
Samarqand viloyat televideniesida tadqiqotning XIX asr ikkinchi yarmi – XX asr boshlarida Samarqandning siyosiy boshqaruv tizimida tutgan o‘rni, maorif tizimida davlat siyosatining mohiyati bilan mahalliy ta’limdagi transformatsion holatlar hamda shahar madaniy hayotida yuz bergan o‘zgarishlar bilan bog‘liq xulosalardan “Meros”, “Moziyga sayohat” ko‘rsatuvlarini tayyorlashda foydalanilgan (Samarqand viloyat teleradiokompaniyasining 2019 yil 4 apreldagi 0902/14-son ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijalari XIX asr ikkinchi yarmi – XX asr boshlarida Samarqand madaniy hayotidagi an’anaviy va transformatsion jarayonlarni yoritib berishga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish