Aminjonova Matluba Axmedovnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): «Sug‘urta shartnomasida taraflarning majburiyati va javobgarligi masalalari», 12.00.03–Fuqarolik huquqi. Tadbirkorlik huquqi. Oila huquqi. Xalqaro xususiy huquq  (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.1.DSc/Yu96.  
Ilmiy maslahatchi: Usmonova Muborak Akmaljonovna, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy-texnik instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Milliy Gvardiyasi Harbiy-texnik instituti, DSc.30.08.2018.Yu.74.01.
Rasmiy opponentlar: Nasriev Ilxom Ismoilovich, yuridik fanlar doktori, professor; Kamalov Oybek Axmatovich, yuridik fanlar doktori, professor; Rustambekov Islombek Rustambekovich, yuridik fanlar doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi Bojxona instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik. 
II. Tadqiqotning maqsadi: sug‘urta shartnomasida taraflarning majburiyati va javobgarligi masalalarini ta’minlash bilan bog‘liq huquqiy munosabatlarni kompleks tahlil qilish asosida fuqarolik-huquqiy munosabatlar sohasidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish va huquqni qo‘llash amaliyotining samaradorligini ta’minlash bo‘yicha ilmiy-amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
sug‘urta tovoni yo‘lovchilarning hayoti, sog‘lig‘i va (yoki) mol-mulkiga etkazilgan zarar miqdorida, lekin sug‘urta puli miqdoridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda to‘lanishi, shuningdek, sug‘urtalovchi yo‘lovchilarning hayoti, sog‘lig‘i va (yoki) mol-mulkiga etkazilgan zararni bartaraf qilish va (yoki) kamaytirish yuzasidan tashuvchining tashabbusiga yoki sug‘urtalovchining talabiga ko‘ra kechiktirib bo‘lmaydigan choralar ko‘rilishi munosabati bilan tashuvchining yuzaga kelgan barcha bildirilgan va isbotlanadigan xarajatlari o‘rnini hatto bu choralar muvaffaqiyatsiz bo‘lgan hollarda ham qoplab berishi, bunda sug‘urta tovonining va tashuvchi mazkur xarajatlarining umumiy summasi sug‘urta puli miqdoridan ortiq bo‘lishi mumkin emasligi asoslangan; 
sug‘urtalovchining sug‘urta tovonini to‘lash haqidagi yoki to‘lashni rad etish to‘g‘risidagi qarori tashuvchiga u sug‘urta tovonini to‘lash talabi ko‘rsatilgan yozma shakldagi ariza bilan murojaat etganidan keyin o‘n besh kundan kechiktirmay xabar qilinishi, sug‘urtalovchining sug‘urta tovonini to‘lashni rad etish to‘g‘risidagi qarorida rad etishning asoslantirilgan sabablari ko‘rsatilgan bo‘lishi, sug‘urta tovoni sug‘urtalovchi sug‘urta tovonini to‘lash to‘g‘risida qaror qabul qilgan kundan e’tiboran besh ish kunidan kechiktirmay bevosita jabrlanuvchiga yoki naf oluvchiga to‘lanishi haqidagi taklif asoslab berilgan; 
sug‘urtalovchi jabrlanuvchining yoki naf oluvchining talabnomasini tashuvchi tomonidan ko‘rib chiqishda ishtirok etish, zarur bo‘lgan hollarda esa tegishli ekspertlarni jalb etish, sug‘urta hodisalari yuzaga kelishining oldini olish bo‘yicha tavsiyalar berish, tashuvchiga regress talabi qo‘yish huquqiga ega bo‘lishi hamda tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish shartnomasi shartlari bilan tashuvchini tanishtirishi, shu jumladan uning huquq va majburiyatlarini tushuntirishi, o‘z faoliyatini amalga oshirish natijasida olingan tashuvchi va jabrlanuvchi yoki naf oluvchi to‘g‘risidagi ma’lumotlarning maxfiyligini ta’minlashi kabi majburiyatlarni belgilash asoslab berilgan; 
sug‘urta hodisasi kelib chiqishi ehtimoli mavjudligi sababli sug‘urta qilingan voqea shartnoma amalda bo‘lgan davrda sodir bo‘lsa-da, etkazilgan zarar shartnomaning amal qilish muddati tugaganidan so‘ng aniqlansa, foydasiga sug‘urta shartnomasi tuzilgan shaxs (sug‘urta qildiruvchi, naf oluvchi), agar zarar shartnoma amalda bo‘lgan davrida etkazilgan yoki etkazilishi boshlangan bo‘lsa, sug‘urta tovonini talab qilishga haqliligi, ushbu holatda zarar sug‘urta shartnomasi amalda bo‘lgan davrda etkazilgan yoki etkazilishi boshlanganligini isbotlash majburiyati sug‘urta qildiruvchi (naf oluvchi) zimmasiga yuklatilishi haqidagi taklif asoslantirilgan;
sug‘urta qildiruvchi (naf oluvchi) sug‘urta hodisasi yuz berganligi haqida sug‘urtalovchi o‘z vaqtida bilganligini yoxud sug‘urtalovchida bunday ma’lumot mavjud emasligi uning sug‘urta tovonini to‘lash majburiyatiga ta’sir qilmasligini, ya’ni bunday ma’lumotlarning mavjud emasligi uning (sug‘urtalovchining) sug‘urta hodisasining haqiqatda sodir bo‘lganligi va etkazilgan zarar miqdorini aniqlash imkoniyatiga ta’sir qilmasligi haqidagi dalillarni taqdim qilib, sug‘urtalovchining sug‘urta tovonini to‘lashni rad etganligi yuzasidan nizolashish imkoniyatiga ega ekanligi asoslab berilgan. 
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Sug‘urta shartnomasida taraflarning  majburiyati va javobgarligi masalalariga oid tadqiqot ishi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish shartnomasi bo‘yicha sug‘urta tovonini to‘lashga oid takliflar O‘zbekiston Respublikasining «Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida»gi Qonuni 12-moddasida o‘z ifodasini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2019 yil 16 maydagi 06/1-05/1806vk-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning joriy etilishi sug‘urta tovoni sug‘urta hodisasi natijasida ko‘rilgan zarar uchun to‘lov ekanligi va bu to‘lovni to‘lash majburiyati sug‘urtalovchining zimmasida bo‘lishini ta’minlashga, shuningdek, amaliyotda sug‘urta tovoni o‘rniga sug‘urta badali tushunchasini ishlatilishi kabi xatolikni bartaraf etishga xizmat qilgan;
sug‘urta tovonini to‘lash tartibiga oid ya’ni sug‘urtalovchining sug‘urta tovoni to‘lash majburiyatini ijro etish muddati chegarasini belgilash bilan bog‘liq takliflar O‘zbekiston Respublikasining «Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida»gi Qonunning 14-moddasida o‘z ifodasini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2019 yil 16 maydagi 06/1-05/1806vk-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning joriy etilishi tashuvchi korxonalar tomonidan yo‘lovchilarga sug‘urta hodisasi natijasida etkazilgan zararni, ya’ni sug‘urta tovonini o‘z vaqtida to‘lashni kafolatlashga xizmat qilgan;
sug‘urtalovchining majburiyatlarini belgilashga oid takliflar O‘zbekiston Respublikasining «Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida»gi Qonuni 17-moddasida o‘z ifodasini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2019 yil 16 maydagi 06/1-05/1806vk-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning joriy etilishi sug‘urtalovchi tashkilotlarning tashuvchi korxonalarga sug‘urta xizmati ko‘rsatish bo‘yicha majburiyatini lozim darajada bajarilishini ta’minlashga xizmat qilmoqda;
sug‘urta hodisasi kelib chiqishi tasodifiy bo‘lganligi sababli sug‘urta qilingan voqea shartnoma amalda bo‘lgan davrda sodir bo‘lsa-da, etkazilgan zarar shartnomaning amal qilish muddati tugaganidan so‘ng aniqlangan hollarda ham agar zarar shartnoma amalda bo‘lgan davrida etkazilgan yoki etkazilishi boshlangan bo‘lsa, sug‘urta tovonini talab qilishi mumkinligi haqidagi taklif O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining «Sudlar tomonidan sug‘urta shartnomasidan kelib chiqadigan nizolarni hal etishda qonun hujjatlarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida»gi 2017 yil 29 noyabrdagi 45-sonli qarorining 11.1-bandida o‘z ifodasini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2019 yil  20 avgustdagi PL-46-19-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning joriy etilishi sug‘urta shartnomasi amalda bo‘lgan vaqtda sodir etilgan, lekin sug‘urta shartnomasi muddati tugagan hollarda ham sodir etilgan hodisaning natijasida etkazilgan zararlarni to‘lanishini ta’minlashga xizmat qilgan;
sug‘urta hodisasi haqida o‘z vaqtida xabar bermaganlik holatida, agar sug‘urta hodisasi natijasida zarar etkazilganlikni isbotlash imkoniyati mavjud bo‘lsa, sug‘urta tovonini to‘lash bo‘yicha nizolashish huquqini belgilashga oid taklif O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining «Sudlar tomonidan sug‘urta shartnomasidan kelib chiqadigan nizolarni hal etishda qonun hujjatlarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida»gi 2017 yil 29 noyabrdagi 45-sonli qarorining 12-bandida o‘z ifodasini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2019 yil  20 avgustdagi PL-46-19-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning joriy etilishi sug‘urtalovchi tashkilotlar tomonidan sug‘urta tovonini to‘lashni assosiz rad etilishining oldini olishga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish