Chinqulov Qahramon Ravshanovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Aksiyadorlik jamiyatlarini korporativ qimmatli qog‘ozlar orqali moliyalashtirishni takomillashtirish”, 08.00.07–Moliya, pul muomalasi va kredit (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.3.PhD/Iqt.386.
Ilmiy rahbar: Xamidulin Mixail Borisovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent moliya instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent moliya instituti, DSc.27.06.2017.I.17.01.
Rasmiy opponentlar: Jumaev Nodir Xosiyatovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Xudoyqulov Xurshid Xurramovich, iqtisodiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot: G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent shahridagi filiali.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: aksiyadorlik jamiyatlarini aksiyalar orqali moliyalashtirishni takomillashtirish yuzasidan ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ustav kapitalida davlat yoki xo‘jalik boshqaruvi organlari ulushi mavjud aksiyadorlik jamiyatlarini moliyalashtirishning ustuvor yo‘nalishi sifatida ular aksiyalarini birlamchi ommaviy taklif (IPO) orqali joylashtirish natijasida aksiyadorlik jamiyatlariga qo‘shimcha mablag‘ hamda xususiy investorlarni jalb etish mexanizmi asoslangan;
ustav kapitalida davlat ulushi mavjud aksiyadorlik jamiyatlari aksiyalarini ikkilamchi ommaviy taklif (SPO) orqali sotish asosida davlat ulushini kamaytirish taklif etilgan;
kuzatuv kengashi tarkibiga mustaqil a’zolarni kiritish asosida aksiyadorlik jamiyatlarining investision jozibadorligini oshirish taklif etilgan;
«aksiyadorlik jamiyatlarini aksiyalar orqali moliyalashtirish» tushunchasi aksiyadorlik jamiyatlarini dastlabki, IPO orqali, kapitalizatsiyalashgan foyda hisobiga ikkilamchi, yopiq obuna asosida qo‘shimcha hamda imtiyozli aksiyalar va aksiyalarga konvertatsiya qilinadigan qimmatli qog‘ozlar orqali moliyalashtirishga ustuvorlik berish asosida takomillashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Aksiyadorlik jamiyatlarini korporativ qimmatli qog‘ozlar orqali moliyalashtirish yuzasidan olingan ilmiy natijalar asosida:
ustav kapitalida davlat yoki xo‘jalik boshqaruv organlarining ulushi (aksiya paketi) mavjud bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatlarini moliyalashtirishning ustuvor yo‘nalishi sifatida davlat hamda xo‘jalik boshqaruvi organlarining ulushlari (aksiya paketlari)ni birlamchi ommaviy taklif (IPO) o‘tkazish orqali joylashtirish bo‘yicha taklifi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 3 apreldagi «Kimyo sanoatini yanada isloh qilish va uning investisiyaviy jozibadorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-4263-sonli qarorida o‘z aksini topgan (Davlat aktivlarini boshqarish agentligining 2019 yil 10 apreldagi 557/02-15-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida «O‘zkimyosanoat» AJ tizimidagi aksiyadorlik jamiyatlarini aksiyalar orqali moliyalashtirishni samarali tashkil etish, iqtisodiyotda davlat ulushini kamaytirish hamda xususiy investorlar ulushini oshirish va mamlakat moliya bozorini rivojlantirish imkoniyatlari yaratilgan;
ustav kapitalida davlat yoki xo‘jalik boshqaruv organlarining ulushi (aksiya paketi) mavjud bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatlarini moliyalashtirishning ustuvor yo‘nalishi sifatida davlat aksiyalari paketini ikkilamchi SPO o‘tkazish orqali joylashtirish bo‘yicha taklifi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 19 fevralda «Davlat mulki ob’ektlaridan samarali foydalanish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF-5666-sonli farmonida o‘z aksini topgan (Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi Davlat aktivlarini boshqarish markazining 2019 yil 15 martdagi 02/06-192-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida aksiyadorlik jamiyatlarini aksiyalar orqali moliyalashtirishni samarali tashkil etish, iqtisodiyotda davlat ulushini kamaytirish hamda xususiy investorlar ulushini oshirish va mamlakat moliya bozorini rivojlantirish imkoniyatlari yaratilgan;
aksiyadorlik jamiyatlari kuzatuv kengashlari tarkibiga mustaqil a’zolarni kiritish bo‘yicha taklifi Davlat aktivlarini boshqarish markazi tomonidan ustav kapitalida davlat ulushi bo‘lgan avtomobil` hamda telekommunikatsiya sanoati tarmog‘idagi yirik aksiyadorlik jamiyatlari faoliyatida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi Davlat aktivlarini boshqarish markazining 2019 yil 15 martdagi 02/06-192-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida aksiyadorlik jamiyatlari moliyaviy-xo‘jalik faoliyati samaradorligini oshirish hamda korporativ boshqaruvning zamonaviy usullarini joriy etishga erishilgan;
«aksiyadorlik jamiyatlarini aksiyalar orqali moliyalashtirish» tushunchasining takomillashtirilgan ta’rifi bo‘yicha 5230600 - Moliya yo‘nalishi talabalari uchun tavsiya etilgan “Biznes moliyasi” nomli o‘quv qo‘llanma ishlab chiqilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 9 fevraldagi 133-son buyrug‘i, 133-154 guvohnomasi). Mazkur taklifni joriy etilishi aksiyadorlik jamiyatlarini aksiyalar orqali moliyalashtirishni nazariy-uslubiy jihatlarini takomillashtirishga hamda ta’lim sifatini oshirishga xizmat qilgan.