Qo‘shoqova Barnoxon Yo‘ldoshevnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Til funksional rivojlanishining sotsiolingvistik tahlili (o‘zbek tili misolida)», 10.00.11–Til nazariyasi. Amaliy va kompyuter lingvistikasi.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.PhD/Fil637/
Ilmiy rahbar: Madjidova Ra’no Urishevna, filologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Farg‘ona davlat universiteti, DSc.27.06.2017.Fil.05.02.
Rasmiy opponentlar: Berdaliev Abduvali, filologiya fanlari doktori, professor; Xudoyberganova Durdona Siddiqovna, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot nomi: Namangan davlat universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqot maqsadi: til ijtimoiy funksiyalarining kengayishi va uning lug‘at tarkibi taraqqiyotiga ta’sirini o‘zbek tili misolida yoritib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ijtimoiy-kommunikativ tizim rivojlanishi bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan ijtimoiy-siyosiy, tarixiy, iqtisodiy, madaniy, mafkuraviy sharoitlar tilning ichki strukturasi va uning funksiyalaridagi o‘zgarishlar hamda til mavqei ko‘tarilishining asosiy omili bo‘lganligi dalillangan;
tilning ijtimoiy funksiyalari kengayishi so‘zlarda ma’no ko‘chishi, ma’no hajmi kengayishi/torayishi, arxaizmlarning qayta faollashuvi, grammatik, semantik va so‘z o‘zlashtirish usullari orqali neologizmlar hosil qilinishiga olib kelganligi miqdoriy ko‘rsatkichlar asosida isbotlangan;
o‘zbek tilining lug‘at tarkibida tilning ijtimoiy funksiyalari kengayishi natijasida yuzaga kelgan so‘z ma’nosining taraqqiyotidagi hamda so‘zlarning uslubiy qo‘llanilish doirasidagi o‘zgarishlar izohli lug‘atning yangi avlodini yaratish tadriji jadallashuvini taqozo qilishi aniqlangan;
tilda paydo bo‘lgan ko‘plab neologizmlar hamda lug‘at tarkibidagi so‘zlarning qayta uslubiy taqsimlanishi bevosita tilning kommunikativ, kognitiv, akkumulyativ, ekspressiv kabi ijtimoiy funksiyalari kengayishining in’ikosi ekanligi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Til, xususan, o‘zbek tili funksional rivojlanishining sotsiolingvistik tadqiqi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar va amaliy takliflar asosida:
til lug‘at tarkibining jamiyatning turli sohalarida rivojlanishi so‘zlarning uslubiy qo‘llanilish doirasida ijtimoiy funksiyalar kengayishini aks ettiruvchi lug‘at tarkibidagi o‘zgarishlar to‘g‘risidagi ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalardan, xulosalardan OT-F8-062-raqamli “Til taraqqiyotining derivatsion qonuniyatlari” mavzusidagi fundamental tadqiqot loyihasida foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 1714/30.02.01-son ma’lumotnomasi). Natijada lug‘at tarkibining taraqqiy etishi til ijtimoiy funksiyalari kengayishi natijasida tilda paydo bo‘lgan neologizmlar va mavjud so‘zlarning qayta uslubiy chegaralanishi masalalariga oydinlik kiritilgan;
so‘z ma’no hajmi kengayishining miqdoriy ko‘rsatkichi yuqori ekanligi, ijtimoiy funksiyalar kengayishi natijasida tilda ko‘plab neologizmlar paydo bo‘lishi, lug‘at tarkibidagi so‘zlar qayta uslubiy taqsimlanishiga oid ilmiy xulosalardan Toshkent davlat pedagogika universitetida bajarilgan ITD-1-07-raqamli “Tilshunoslik asoslari fanidan darslik, o‘quv-uslubiy majmua va ularning elektron nusxalarini yaratish” nomli amaliy loyihasida foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 29 noyabrdagi 89-03-4127-son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu amaliy loyiha doirasida yaratilgan darslik va o‘quv-uslubiy majmua yangi ilmiy dalillar bilan boyitilgan;
o‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi, o‘zbek tilining ijtimoiy maqomi va funksiyalari kengayishining ilmiy asoslari, ya’ni so‘z ma’nosi taraqqiyoti va so‘zlarning uslubiy qo‘llanilishi, shuningdek, ijtimoiy funksiyalarning kengayishini aks ettiruvchi o‘zbek tilining lug‘at tarkibidagi o‘zgarishlar to‘g‘risidagi tahliliy fikrlar asosida O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “O`zbekiston” teleradiokanali DUK “Madaniy-ma’rifiy va badiiy eshittirishlar” muharririyati tomonidan “Bedorlik” dasturining 2018 yil may-oktyabr` oylaridagi sonlari ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O’zbekiston” teleradiokanalining 2018 yil 25 oktyabrdagi O’z/R-1-176-son ma’lumotnomasi). Natijada mazkur eshittirishlar ma’naviy-ma’rifiy hamda badiiy jihatdan boyigan, ommabopligi, ilmiyligi ta’minlangan.