Giyasov Sarvar A’zamovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Korxonalarning innovatsion-investision faoliyatini tartibga solishda soliq imtiyozlarini takomillashtirish», 08.00.07–Moliya, pul muomalasi va kredit (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.1.PhD/Iqt832.
Ilmiy rahbar: Niyazmetov Islambek Masharipovich, iqtisodiyot fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi, DSc.27.06.2017.I.16.03.
Rasmiy opponentlar: Toshmuradova Buvsara Egamovna, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; O‘rmonov Jahongir Jaloliddinovich, iqtisodiyot fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Byudjet-soliq tadqiqotlari instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: korxonalar innovatsion-investision faoliyatini tartibga solishda soliq imtiyozlarini takomillashtirishga qaratilgan ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
korxonalarga investisiya faoliyati uchun soliq imtiyozlarini aniq shartlar va maqsadlar asosida taqdim etish, xususan, eksport hajmining o‘sishi majburiyatini yuklash taklifi asoslangan;
soliq imtiyozlarini taqdim etishning amaldagi tartibini soliq solishning adolatlilik prinsipiga muvofiqligini ta’minlash orqali sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish uchun yakka tartibdagi xususiyatga ega soliq imtiyozlarini bekor qilish taklifi ishlab chiqilgan;
innovatsion va investision faoliyat uchun nomuayyan muddatga to‘liq ozod qilish tarzidagi samarasi past bo‘lgan soliq imtiyozlari o‘rniga soliq krediti institutini tatbiq etish asoslangan;
soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha imtiyozlarni belgilovchi me’yoriy-huquqiy hujjatlar tarkibi alohida hollarda ijro etuvchi hokimiyatning markaziy organi qarorlarida nazarda tutilgan afzalliklar va imkoniyatlarni kiritish orqali takomillashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Korxonalarning innovatsion va investision faoliyatini tartibga solishda soliq imtiyozlarini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
soliq imtiyozlarini taqdim etish vakolatiga ega organlarga aniqlik kiritish orqali soliq imtiyozlari belgilanadigan me’yoriy-huquqiy hujjatlar tarkibini takomillashtirish taklifi O‘zbekiston Respublikasining 2018 yil 24 dekabrdagi «Soliq va byudjet siyosatining 2019 yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘RQ-508-son Qonunining 2-moddasi 3-bandini shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining 2019 yil 12 martdagi 14-07536-son ma’lumotnomasi). Bu soliq imtiyozlarini taqdim etishning huquqiy asoslaridagi nomuvo-fiqliklar va ziddiyatlar bartaraf etilishini ta’minlagan;
soliq imtiyozlari aniq maqsadlarga taqdim etilishi va individual xususiyatga ega bo‘lmasligi yuzasidan kiritilgan taklifi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 31 maydagi «Imtiyozlar va preferensiyalar berish tartibini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-3756-son qarorining 1, 2-bandlarida hamda 2018 yil 26 dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasining 2019 yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va davlat byudjeti parametrlari hamda 2020-2021 yillarga byudjet mo‘ljallari to‘g‘risida»gi PQ-4086-son qarorining 13-ilovasi 1-bandida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining 2019 yil 31 yanvardagi 14-02817-son va 2019 yil 12 martdagi 14-07536-son ma’lumotnomalari). Soliq imtiyozlari individual tarzda bo‘lmasdan aniq maqsadlarda taqdim etilishi ularning natijadorligini oshiradi va sog‘lom raqobat muhitini ta’minlaydi. Ushbu taklifning amaliyotga tatbiq etilishi natijasida «Jeneral Motors O‘zbekiston» YoAJ uchun berilgan soliq imtiyozlari bekor bo‘lib, birgina 2019 yil 1-choragida byudjetga qo‘shimcha 101,3 mlrd. so‘m mablag‘ tushishiga erishilgan;
innovatsion-investision faoliyat uchun nomuayyan muddatga to‘liq ozod qilish tarzidagi soliq imtiyozlari o‘rniga soliq krediti institutini joriy etish taklifi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 1 avgustdagi «O‘zbekiston Respublikasida investisiya muhitini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-5495-son farmoni bilan tasdiqlangan Mamlakatning investisiyaviy jozibadorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturining 13-bandini shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining 2019 yil 31 yanvardagi 14-02817-son ma’lumotnomasi). Bu taklifning amaliyotga tatbiq etilishi soliq imtiyozlari hisobiga byudjet daromadlaridagi yo‘qotishlarining oldini olish va soliq imtiyozlari natijadorligini oshirishga yordam bergan;
investision faoliyat uchun soliq imtiyozlarining ma’lum bir shartlar asosida taqdim etish, jumladan eksport hajmini oshirish bo‘yicha majburiyat yuklash, bunday majburiyat bajarilmagan taqdirda imtiyozni bekor qilish taklifidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 21 dekabrdagi «Erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini muvofiqlashtirish va boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-5600-son farmonining 1-bandida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining 2019 yil 31 yanvardagi 14-02817-son, 2019 yil 12 martdagi 14-07536-son ma’lumotnomalari). Soliq imtiyozlarining ma’lum bir shartlar asosida taqdim etilishi soliq imtiyozlaridan foydalanish mas’uliyatini, shu bilan birga soliq imtiyozlari hisobiga iqtisodiy natijaga erishish manfaatdorligini oshirishga xizmat qilgan.