Quchqarov Xamidullo Abdurasulovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): “Fuqarolik protsessida ishlarni soddalashtirilgan tartibda ko‘rishning huquqiy asoslarini takomillashtirish”, 12.00.04–Fuqarolik protsessual huquqi. Xo‘jalik protsessual huquqi. Hakamlik jarayoni va mediatsiya ixtisosligi (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.PhD/Yu94.
Ilmiy rahbar: Mamasiddiqov Muzaffarjon Musajonovich, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi harbiy-texnik instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy-texnik instituti, DSc.30.08.2018.Yu.74.01.
Rasmiy opponentlar: Esanova Zamira Normuratovna, yuridik fanlar doktori, professor, Hazratqulov Odilbek Tursunovich, yuridik fanlar nomzodi.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: fuqarolik protsessida ishlarni soddalashtirilgan tartibda ko‘rishning huquqiy asoslarini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy xulosalar va qonunchilikni rivojlantirishga qaratilgan tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
da’vo ishini yuritishda taraflar sud protsessining har qanday bosqichida ishni kelishuv bitimi tuzish yoki birinchi instansiya sudida sud alohida xonaga (maslahatxonaga) sud hujjatini qabul qilish uchun chiqquniga qadar mediativ kelishuv tuzish orqali tugallashga haqli ekanligi asoslab berilgan;
kasaba uyushmalari xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilib, sudga da’vo arizasi bilan, shuningdek sud buyrug‘ini chiqarish to‘g‘risidagi ariza bilan murojaat qilishga haqli ekanligi asoslantirib berilgan;
fuqarolik ishlarini soddalashtirilgan tartibi da’vo summasi kam miqdorda bo‘lishi, yozma dalillarning etarli va tasdiqlangan bo‘lishligi hamda taraflarning ishni soddalashtirilgan tartibda ko‘rilishiga qarshi emasli haqidagi yozuvning bo‘lishi kabilar asosida asoslantirib berilgan;
fuqarolik ishlarida yozma dalillarga asosiy urg‘u berilishini e’tiborga olgan holda “Soddalashtirilgan tartibda ish yuritish”ni ta’rifi takomillashtirilgan;
da’vo arizalarini qabul qilish hamda ularni ko‘rib chiqish borasidagi dastlabki jarayonlarni da’vo arizasini elektron qayd qilish, uni elektron taqsimlash va javobgarning da’vo arizasiga nisbatan yozma fikr bildirish tartibini joriy etish asoslantirilgan;
sud muhokamasi boshlanishiga qadar taraflar o‘zaro kelishuvga erishsalar, ular tomonidan to‘langan davlat bojining yarmini qaytarib berish taklifi asoslantirilgan;
sudlar tomonidan da’vo summasi kam miqdorda bo‘lgan nizoli ishlarni soddalashtirilgan tartibda ko‘rish to‘g‘risidagi normalarni fuqarolik protsessual qonunchilikka kiritish taklif etilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Fuqarolik protsessida ishlarni soddalashtirilgan tartibda ko‘rishning huquqiy asoslarini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
fuqarolik sud ishlarida ishtirok etuvchi shaxslarning protsessual huquq va majburiyatlarini ta’minlashga oid takliflar O‘zbekiston Respublikasining 2019 yil 20 martdagi O‘RQ-531-son «Mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonuni 17-moddasiga asosan O‘zbekiston Respublikasining 2018 yil 22 yanvarda qabul qilingan O‘RQ-460-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi 44-moddasining to‘rtinchi qismiga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarda o‘z ifodasini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Qonunchilik va sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining 2019 yil 29 apreldagi 147-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflar fuqarolik sud ishlarini yuritishda ishtirok etuvchi taraflarning protsessual huquq va majburiyatlarini ta’minlashga xizmat qilgan;
kasaba uyushmalarining qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishga doir huquqlarini ta’minlashga oid takliflari 2016 yil 28 noyabrdagi O‘zbekiston Respublikasining «Kasaba uyushmalari, ularning huquqlari va faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqidagi Qonunining to‘qqizinchi bandiga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarda o‘z ifodasini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Qonunchilik va sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining 2017 yil 2 martdagi 06/02-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflar kasaba uyushmalarining qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishga doir huquqlarini ta’minlashga xizmat qilgan;
O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi 173-moddasi birinchi bandini “davlat boji” degan so‘zlardan keyin “va pochta xarajatlari” degan so‘zlar bilan to‘ldirishga oid taklifi O‘zbekiston Respublikasining 2018 yil 11 oktyabrdagi O‘RQ-486-sonli “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga odil sudlovni amalga oshirish samaradorligini yanada kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonuni bilan O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi 173-moddasining birinchi bandida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Qonunchilik va sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining 2019 yil 29 apreldagi 147-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflarning kiritilishi fuqarolik protsessida buyruq tartibida ish yuritishni takomillashtirishga xizmat qilgan;
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 44, 49, 51, 69, 166-moddalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi taklifi O‘zbekiston Respublikasining 2019 yil 20 martdagi O‘RQ-531-sonli “Mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunning 17-moddasi birinchi bandiga hamda o‘n birinchi bandiga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarda o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Qonunchilik va sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining 2019 yil 29 apreldagi 147-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflarning joriy etilishi fuqarolik sud ishlarini yuritishni soddalashtirish, shaxs huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilishni yanada mustahkamlashga xizmat qilgan.