Nematov Erkinjon Hamroevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Mineral xomashyolarni maydalaydigan rotatsion turdagi yuritmalarning kinematikasi va dinamikasini modellashtirish», 05.02.02–Mexanizmlar va mashinalar nazariyasi. Mashinashunoslik va mashina detallari (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.3.PhD/T360.
Ilmiy rahbar: Karimov Rasul` Isxoqovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat texnika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Toshkent davlat texnika universiteti va O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.28.02.2018.T.03.04.
Rasmiy opponentlar: Alimuxamedov Shavkat Pirmuxamedovich, texnika fanlari doktori, professor; Umurzokov Akromjon Xakimovich, texnika fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: mineral xomashyolarni maydalaydigan rotatsion turdagi mashina yuritmalarni ishlov berilayotgan materialning massa markazining koordinatasi o‘zgaruvchanligini hisobga olgan holda ishchi organning kinematikasi va dinamikasini modellashtirish, hisoblash usullarini ishlab chiqish, planetar maydalagichning sanoat namunasini yaratishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ishchi organi oddiy va murakkab harakatlanuvchi rotatsion turdagi mashinalarda mineral xomashyolarni massa markazi o‘zgarishining kinematik parametrlarini aniqlaydigan analitik ifodalar takomillashtirilgan;
ishlov berilayotgan materialning massa markazining radius-vektori o‘zgaruvchan bo‘lgandagi qonuniyatlar maydalagichning ishchi organi rotatsion turdagi yuritmalarining kinetostatik tenglamalari ishlab chiqilgan;
olingan analitik natijalarni kompyuterda echish uchun dastur ishlab chiqilgan, ishchi organi oddiy harakatni amalga oshiradigan, shuningdek, bir va ikki erkinlik darajasiga ega planetar yuritmalar kinematik juftlarida hosil bo‘ladigan reaksiyalarning o‘zgarish qonuniyatlarini aniqlash usullari ishlab chiqilgan;
mineral xomashyolarni maydalashda ratsional konstruksiyalar hamda ishchi organi oddiy rotatsion va murakkab planetar yuritmali maydalagichni istiqbolli tajriba nusxasi konstruksiyasi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Ishchi organining og‘irlik markazi inersiya radiusi o‘zgaruvchan bo‘lganda oddiy va murakkab harakatlanadigan maydalash mashinasida mineral xomashyolarni maydalashda ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga qaratilgan maydalash mexanizmlari uchun rotatsion yuritmalarning kinematikasi va dinamikasini modellashtirish tadqiqotlari bo‘yicha olingan natijalar asosida:
rudani maydalash uchun takomillashgan konstruksiyali universal maydalagich “Mineral resurslar instituti” davlat korxonasida joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya qo‘mitasining 2019 yil 27 maydagi 05/11-son ma’lumotnomasi). Natijada mineral xom-ashyo universal maydalagichi rudani maydalash vaqtini 2 barobar qisqartirish imkonini bergan;
rudani boyitishga tayyorlash uchun universal planetar maydalagich qurilmasining sinov natijalarini o‘tkazish usuli “Mineral resurslar instituti” davlat korxonasida joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya qo‘mitasining 2019 yil 27 maydagi 05/11-son ma’lumotnomasi). Natijada rudalarni maydalash jarayonida elektr energiyani 40–45% ga tejashga erishilgan;
universal planetar maydalagichda chastotali o‘zgartirgichni qo‘llash usuli “Mineral resurslar instituti” davlat korxonasida joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya qo‘mitasining 2019 yil 27 maydagi 05/11-son ma’lumotnomasi). Natijada bu usul bilan maydalagichning kinematik va dinamik xarakteristikalarini nazorat qilishga erishilgan.