Dadaxo‘jaev Xasanboy Tulanbaevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «G‘o‘za nav va tizmalarining morfo-fiziologik va qimmatli xo‘jalik belgilariga garmselning ta’sirini o‘rganish», 06.01.05–Seleksiya va urug‘chilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.PhD/Qx92.
Ilmiy rahbar: Raxmankulov Saidakbar Raxmonkulovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.27.06.2017.Qx.13.01.
Rasmiy opponentlar: Narimanov Abdujalil Abdusamatovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Davronov Qodirjon Sotvoldievich, biologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘simlikshunoslik ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: g‘o‘za nav va tizmalarining miqdoriy va sifat belgilariga, morfo-fiziologik ko‘rsatkichlariga garmselning ta’siri, ushbu stress omilga bardoshli g‘o‘za navlarini tanlash va ularni garmselga bardoshli yangi g‘o‘za nav va tizmalarini yaratish bo‘yicha genetik-seleksion izlanishlarga hamda garmselga moyil mintaqalarda ekib ko‘paytirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor sun’iy va tabiiy garmsel sharoitlarida g‘o‘za nav va tizmalarining garmselga bardoshlilikni belgilovchi morfo-fiziologik ko‘rsatkichlari aniqlangan;
sun’iy va tabiiy garmsel sharoitlarida O‘zbekistonda yaratilgan va keng maydonlarda ekilayotgan 30 dan ortiq g‘o‘za nav va tizmalarining qimmatli xo‘jalik belgilariga garmselning ta’siri aniqlangan va bardoshli nav va tizmalar ajratib olingan;
g‘o‘za nav va tizmalarining saqlanib qolgan hosil elementlari miqdori, fiziologik adaptiv ko‘rsatkichlari hamda morfologik belgilari bo‘yicha garmselga bardoshliligini bilvosita aniqlash mumkin ekanligi isbotlangan;
modellashtirilgan sun’iy garmsel sharoitida g‘o‘za navlarining garmselga bardoshliligi bo‘yicha olingan natijalar tabiiy garmsel sharoitida ham tasdiqlangan, natijada garmselga bardoshlilikni sun’iy garmsel sharoitida aniqlash mumkin ekanligi isbotlangan;
garmselga bardoshli deb topilgan g‘o‘za nav va tizmalari ushbu omilga bardoshli yangi g‘o‘za nav va tizmalarini yaratish borasidagi genetik-seleksion izlanishlarga boshlang‘ich manba sifatida ajratilgan;
ertapishar, yuqori tola sifatiga ega va garmselga bardoshli yangi S-2120 g‘o‘za navi yaratilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
G‘o‘za navlarining morfo-fiziologik ko‘rsatkichlariga va qimmatli xo‘jalik belgilariga garmselning ta’siri bo‘yicha olib borilgan ilmiy izlanish natijalari asosida:
sun’iy va tabiiy garmsel sharoitida g‘o‘za nav va tizmalarining garmselga bardoshliligini aniqlash usullari yaratilgan va ishlab chiqarishga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 02/020-59-son ma’lumotnomasi). Natijada garmselga bardoshli deb topilgan g‘o‘za navlaridan gektaridan 39,243,1 sentner yoki andoza navga nisbatan 4,6–8,7 sentner yuqori paxta hosili olishga erishilgan;
2015-2018 yillarda garmselga bardoshli deb topilgan g‘o‘zaning “Sulton” navi 63748 gektar, “Buxoro-102” navi 27061 gektar, “Istiqlol-14” navi 1000 gektar, “S-6775” navi 1345 gektar va “S-8290” navi 14150 gektar maydonga joriy etilgan (Innovatsion rivojlanish vazirligining 01/02-441-son ma’lumotnomasi). Natijada garmselga bardoshli ushbu g‘o‘za navlaridan mazkur mintaqalarda yuqori va sifatli paxta hosili olish imkoni yaratilgan;
garmselga bardoshli “Sulton”, “Istiqlol-14”, “Buxoro-102”, “S-8290” va “Jarqo‘rg‘on” g‘o‘za navlari va L-422, L-588, L-7276 tizmalari boshlang‘ich ashyo sifatida seleksion-genetik izlanishlarda qo‘llanilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 02/020-59-son ma’lumotnomasi). Natijada garmselga bardoshli g‘o‘za nav va tizmalarini yaratish va garmselga moyil mintaqalarda ekib ko‘paytirish hamda ko‘zlangan hosilni olish imkoniyatini bergan.