Urmanova Munisa Nezamiddinovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Silliq shirinmiya (Glycyrrhiza glabra L) urug‘idan ko‘chat etishtirish agrotexnikasi va uning tuproq unumdorligiga ta’siri», 06.01.01–Umumiy dehqonchilik. Paxtachilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.2.PhD/Qx267.
Ilmiy rahbar: Abdalova Guliston Nuranovna, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar universiteti. 
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.27.06.2017.Qx.42.01.
Rasmiy opponentlar: Boltaev Saydulla Maxsudovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Kamilov Baxtiyor Sultonovich, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: O‘simlikshunoslik ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Toshkent viloyatining sug‘oriladigan tipik bo‘z tuproqlari sharoitida silliq shirinmiya o‘simligini ko‘chat va ildiz hosilini etishtirishda tuproqqa ishlov berish usullari, ma’dan o‘g‘itlar me’yori va sug‘orish tartiblari, ularning tuproq unumdorligiga, shuningdek izdosh ekin sifatida ekilgan kuzgi bug‘doyning o‘sishi, rivojlanishi hamda hosildorligiga ta’sirini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor sug‘oriladigan tipik bo‘z tuproqlari sharoitida silliq shirinmiya o‘simligining ikki yillik ko‘chatlarini tayyorlash hamda silliq shirinmiyaning to‘rt yillik ildiz hosiliga tuproqqa ishlov berish usullari va o‘g‘it me’yorlarining ta’siri aniqlangan;
ikki yillik silliq shirinmiya o‘simligining tuproq unumdorligiga va undagi umumiy va harakatchan oziqa moddalar miqdoriga ta’siri aniqlangan;
silliq shirinmiyaning ikki yillik urug‘ ko‘chatlarini etishtirishda sug‘orish tartiblari hamda izdosh ekin kuzgi bug‘doy hosildorligiga  sug‘orish tartiblari va o‘g‘it me’yorlarining ta’siri  aniqlangan;
silliq shirinmiyaning to‘rt yillik ildiz hosili va kuzgi bug‘doyni etishtirishda qo‘llanilgan agrotexnik tadbirlarning iqtisodiy samaradorligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Toshkent viloyatining sug‘oriladigan tipik bo‘z tuproqlar sharoitida silliq shirinmiya urug‘idan ko‘chat etishtirish agrotexnikasi, ikki yillik urug‘ ko‘chatlaridan keyin ekilgan kuzgi bug‘doy hosildorligini oshirishda ma’dan o‘g‘itlar me’yoriga bog‘liq holda maqbul sug‘orish tartiblarini ishlab chiqish bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:
fermer xo‘jaliklari uchun «Silliq shirinmiya etishtirish» bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 11 apreldagi 02/020-236-son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu tavsiyalar Toshkent viloyatining dorivor o‘simliklar va g‘allachilik yo‘nalishidagi fermer xo‘jaliklarida shirinmiya urug‘idan ko‘chat etishtirish va undan keyingi izdosh ekinlar hosildorligi hamda tuproq unumdorligini oshirish uchun qo‘llanma sifatida xizmat qilgan;
ikki va to‘rt yillik silliq shirinmiya o‘simligini etishtirish va uning ildiz hosili hamda tuproq unumdorligini oshirish texnologiyasi Toshkent viloyati Toshkent tumani tipik bo‘z tuproqlari sharoitida jami 12 gektar maydonga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 11 apreldagi 02/020-236-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida tuproqni 30–35 sm chuqurlikda shudgor qilish va N70P90K110 kg/ga me’yorda qo‘llash agrotexnikasi silliq shirinmiya o‘simligidan yuqori va davlat andozalariga mos keladigan ildiz hosili olinishi, uning so‘nggi ta’sirlariga bog‘liq holda kuzgi bug‘doydan nazoratga nisbatan gektaridan 8,4 sentner qo‘shimcha hosil olishga erishilgan;
urug‘idan ekilgan ikki yillik silliq shirinmiya ko‘chatlari Jizzax viloyati Zarbdor tumani hududiga ko‘chirilib, 5 gektar maydonda joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 11 apreldagi 02/020-236-son ma’lumotnomasi). Natijada ko‘chatlarning ko‘karib rivojlanishi ushbu hududdagi ildizpoya va urug‘dan o‘stirilayotgan silliq shirinmiya o‘simligiga nisbatan 85–95% yashovchanlikka ega bo‘lgan ko‘chatlar olishga erishilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish