Usmonov Turg‘un Tilakovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Sizot suvlari turli chuqurlikda joylashgan tuproqlarda kuzgi bug‘doy uchun o‘g‘it qo‘llash tizimini ishlab chiqish», 06.01.04–Agrokimyo (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.3.PhD/Qx160.
Ilmiy rahbar: Sattorov Juraqul Sattorovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor, akademik.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.27.06.2017.Qx/B.43.01.
Rasmiy opponentlar: Sanaqulov Akmal Lapasovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, dotsent; Mirzaev Lutfullo Aribjanovich, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti Qashqadaryo filiali.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: sizot suvlari turli chuqurlikda bo‘lgan sug‘oriladigan cho‘l o‘tloqi va o‘tloqi tuproqlarning mexanik, suv-fizik, agrokimyoviy xossalariga, kuzgi bug‘doyning o‘sishi, rivojlanishi, hosil strukturasi va donning sifat belgilariga mineral o‘g‘it me’yori va muddatlarining ta’sirini aniqlash, kuzgi bug‘doyning yuqori va sifatli hosil shakllantirishiga asos bo‘ladigan maqbul o‘g‘it qo‘llash tizimini ishlab chiqish va joriy etishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
sug‘oriladigan cho‘l o‘tloqi va o‘tloqi tuproqlarning agrokimyoviy xossalari, kuzgi bug‘doy donining kimyoviy tarkibiga o‘g‘it me’yorlarining ta’siri aniqlangan;
kuzgi bug‘doyning «Krasnodarskaya-99» navining potensial imkoniyatlaridan to‘liq foydalanishda o‘g‘itlarga talabchanligi aniqlangan;
o‘g‘itlarni tabaqalab qo‘llash natijasida kuzgi bug‘doyning o‘sishi va rivojlanishi yaxshilanganligi hamda oziq moddalari ko‘p to‘planganligi aniqlangan;
kuzgi bug‘doy doni, uni va nonining sifat ko‘rsatkichlariga o‘g‘it me’yorlari va muddatlarning ta’siri aniqlangan;
mineral o‘g‘itlarni maqbul me’yor va muddatlarda qo‘llash natijasida don hosildorligi oshib, o‘g‘itlar samaradorligi ortganligi isbotlangan;
sizot suvi chuqurligini hisobga olib, sug‘oriladigan cho‘l o‘tloqi va o‘tloqi tuproqlar sharoitida kuzgi bug‘doyning «Krasnodarskaya-99» navi uchun maqbul mineral o‘g‘it qo‘llash tizimi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Sizot suvlari turli chuqurlikda joylashgan tuproqlarda kuzgi bug‘doy uchun o‘g‘it qo‘llash tizimini ishlab chiqish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
sug‘oriladigan cho‘l o‘tloqi tuproqlar uchun N250P150K100 kg/ga va o‘tloqi tuproqlar uchun N250P150K50 kg/ga maqbul o‘g‘it qo‘llash me’yorlari Buxoro viloyati Jondor tumani Mustaqillik, Somonchuq, Aleli, Oxshix QFYlari hududidagi fermer xo‘jaliklarining sug‘oriladigan cho‘l o‘tloqi tuproqlarida 358,4 gektarga, sug‘oriladigan o‘tloqi tuproqlarida 120,7 gektarga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 10 iyuldagi 02/025-1073-son ma’lumotnomasi). Natijada kuzgi bug‘doyning «Krasnodarskaya-99» navidan sug‘oriladigan cho‘l o‘tloqi tuproqlarda o‘rtacha 7,6 s/ga, sug‘oriladigan o‘tloqi tuproqlarda o‘rtacha 9,0 s/ga qo‘shimcha don hosili olishga erishilgan;
kuzgi bug‘doy hosili va don sifatini oshirishga qaratilgan maqbul o‘g‘it qo‘llash miqdorlari va muddatlari (azotli o‘g‘it yillik me’yorining 20 foizi ekish davrida, 30 foizi tuplanish davrida va 40 foizi naychalash davrida va 10 foizi sut-mum pishish davrida, fosforli va kaliyli o‘g‘itlar yillik me’yorining 60 foizi ekish davrida, 40 foizi tuplanish davrida qo‘llash) tavsiya etilgan va sug‘oriladigan cho‘l o‘tloqi tuproqlarda 358,4 gektarga, sug‘oriladigan o‘tloqi tuproqlarda 120,7 gektarga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 10 iyuldagi 02/025-1073-son ma’lumotnomasi). Natijada fermer xo‘jaliklari tuproqlarining agrokimyoviy xususiyatlari hamda kuzgi bug‘doyning o‘sib-rivojlanishi yaxshilanishiga, qo‘llanilgan o‘g‘itlarning samaradorligi oshib, sug‘oriladigan cho‘l o‘tloqi tuproqlarda gektariga 1484 ming so‘m (rentabellik 44,8%) va o‘tloqi tuproqlarda 2014 ming so‘m (rentabellik 66,9%) sof foyda olishga erishilgan;
kuzgi bug‘doy doni tarkibidagi oqsil miqdorini oshirishga qaratilgan maqbul o‘g‘it qo‘llash (N250P150K100 kg/ga) me’yorlari ishlab chiqilgan hamda Buxoro viloyati Jondor tumani Oxshix QFY hududidagi fermer xo‘jaliklarining sug‘oriladigan cho‘l o‘tloqi tuproqlarida 63,0 gektarga, o‘tloqi tuproqlarda 30,5 gektarga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 10 iyuldagi 02/025-1073-son ma’lumotnomasi). Natijada kuzgi bug‘doyning «Krasnodarskaya-99» navida don sifat ko‘rsatkichlari yaxshilangan, don tarkibidagi oqsil miqdori sug‘oriladigan cho‘l o‘tloqi tuproqlarda 0,9 foizga va o‘tloqi tuproqlarda 0,8 foizga oshirishga erishilgan.