G‘ofurov Dilshod Umaralievichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Qisqa navbatlab ekish tizimidagi g‘o‘za hamda takroriy ekin mosh va makkajo‘xorida qo‘llaniladigan ma’dan o‘g‘itlar me’yorlarining samaradorligi (Toshkent viloyatining sug‘oriladigan tipik bo‘z tuproqlari misolida)”, 06.01.04–Agrokimyo (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.1.PhD/Qx161.
Ilmiy rahbar: Mirzaev Lutfullo, qishloq xo‘jaligi  fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.27.06.2017.Qx/B.43.01.
Rasmiy opponentlar:  Xoshimov Farxod Xakimovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor, dotsent; Iminov Abduvali, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Toshkent viloyatining cug‘oriladigan tipik bo‘z tuproqlari sharoitida kuzgi bug‘doy, takroriy (makkajo‘xori, mosh) ekinlarda qo‘llanilgan mineral o‘g‘itlarning maqbul me’yorlariga bog‘liq holda kelgusi yili ekiladigan g‘o‘zadan yuqori va sifatli hosil olishda maqbul ma’dan o‘g‘itlarning maqbul me’yorlarini aniqlashdan iborat.  
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
sug‘oriladigan tipik bo‘z tuproqlar sharoitida kuzgi bug‘doyda qo‘llaniladigan mineral o‘g‘itlarning maqbul me’yorlari aniqlangan;
kuzgi bug‘doydan bo‘shagan maydonlarda takroriy ekinlardan (makkajo‘xori va mosh) yuqori va sifatli hosil olishni ta’minlash maqsadida mineral o‘g‘itlarning maqbul me’yorlari aniqlangan;
takroriy makkajo‘xori va moshda qo‘llanilgan mineral o‘g‘itlarning maqbul fonlarida kelgusi yilda ekilgan g‘o‘zaning o‘sishi, rivojlanishi, quruq massa to‘plashi, paxta hosili va tolaning texnologik sifat ko‘rsatkichlarining yaxshilanishi uchun ozuqa tartiblari ishlab chiqilgan;
tipik bo‘z tuproqlar sharoitida kuzgi bug‘doy, takroriy ekilgan makkajo‘xori va moshda hamda kelgusi yili ekiladigan g‘o‘zada qo‘llanilgan mineral o‘g‘it me’yorlarining iqtisodiy samaradorligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Toshkent viloyatining sug‘oriladigan tipik bo‘z tuproqlar sharoitida g‘o‘za va uning majmuidagi ekinlarda qo‘llanilgan ma’dan o‘g‘it me’yorlarining samaradorligi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
paxtachilik va g‘allachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari uchun “G‘o‘za va kuzgi bug‘doyda o‘g‘itlarni qo‘llash bo‘yicha tavsiyalar” ishlab chiqilgan va Bo‘ka tumanida 331 gektar, PSUEAITIning markaziy tajriba xo‘jaligida 10 gektar maydonga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 12 avgustdagi 02/021-1710-son ma’lumotnomasi). Natijada kuzgi bug‘doydan 10–12 s/ga qo‘shimcha don hosili olishga erishilgan;
takroriy ekilgan makkajo‘xori va mosh ekinlaridan yuqori don hosili olish agrotadbirlari ishlab chiqilgan va Bo‘ka tumanida makkajo‘xori 123 gektar, mosh 208 gektar, PSUEAITIning markaziy tajriba xo‘jaligida mosh 5 ga, makkajo‘xori ham 5 gektar maydonga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 12 avgustdagi 02/021-1710-son ma’lumotnomasi). Natijada makkajo‘xoridan don hosili 5–8 s/ga, pichan hosili 80 s/ga, moshdan esa 2–4 s/ga qo‘shimcha don hosili olinib, rentabellik darajasi 35–40 foizni tashkil qilishiga erishilgan;
takroriy ekin makkajo‘xoridan keyin ekilgan g‘o‘zani oziqlantirishda maqbul mineral o‘g‘it me’yorlari ishlab chiqilgan va Bo‘ka tumanida 123 gektarga hamda PSUEAITIning markaziy tajriba xo‘jaligida 5 gektar maydonda amalyotga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 12 avgustdagi 02/021-1710-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida g‘o‘za bo‘yi, hosil shoxlari, ko‘saklar sonining ortishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, 3–4 s/ga qo‘shimcha paxta hosil olishga erishilgan;
takroriy moshdan keyin ekilgan g‘o‘zaga mineral o‘g‘itlarni qo‘llash me’yorlari ishlab chiqilgan va Bo‘ka tumanida 208 gektarga va PSUEAITIning markaziy tajriba xo‘jaligida 5 gektar er maydonga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 12 avgustdagi 02/021-1710-son ma’lumotnomasi). Natijada qo‘shimcha paxta hosili 5,4 s/ga ni, rentabellik darajasi 25–30 foizni tashkil etgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish