Sayt test rejimida ishlamoqda

Yuldashev Rustam Daniyorovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Ta’lim falsafasi – ta’lim jarayonini rivojlantirishning nazariy–konseptual asosi”, 09.00.04–Ijtimoiy falsafa (falsafa fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.PhD/Fal67.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Samarqand davlat universiteti, DSc.27.06.2017.F.02.02.
Ilmiy rahbar: Yaxshilikov Jo‘raboy Yaxshilikovich, falsafa fanlari doktori, professor.
Rasmiy opponentlar: Xakimov Nazar Xakimovich, falsafa fanlari doktori, professor; Xajieva Maqsuda Sultonovna, falsafa fanlari doktori, professor.
Etakchi tashkilot: Toshkent tibbiyot akademiyasi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: ta’lim falsafasini ta’lim jarayoni (innovatsion ta’lim)ni rivojlantirishning umumnazariy konseptual asoslarini belgilab beruvchi yo‘nalishi sifatida asoslash va sohaga oid taklif-tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
kompetentlik shaxsning ma’lum bir sohada biror ishni bajarishga bo‘lgan qodirlilik qobiliyati va shunga qarab rasmiy yoki norasmiy ravishda unga beriladigan vakolatlar doirasi ekanligi aniqlangan;
ta’lim jarayonini shakllantirish va rivojlantirishda falsafiy paradigma (gnoseologik, kul`turologik, ijtimoiy, texnokratik, gumanistik va b.q.)larning konseptual va regulyatorlik vazifasi asoslangan;
jamiyatning moddiy va ma’naviy hayotini rivojlantirish, o‘zgartirishga qaratilgan yangi g‘oyalarni ilgari suruvchi, ilmiy-amaliy ishlanmalarni yaratuvchi, ularni amaliyotga tatbiq qiluvchi iqtidorli, talantli inson (innovatsion shaxs)ni shakllantirish zarurligi tizimlilik, izchillilik va komplekslilik tamoyili asosida isbotlangan;
innovatsion shaxsni shakllantirish va rivojlantirish ishlarining miqdoriy va sifatiy ko‘rsatkichlarini takomillashtirishning metodik, shaxsiy, kreativ, informatsion va  innovatsion mezonlari aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Mamlakatimizda ta’lim falsafasini o‘quv fani sifatida o‘qitish, ta’lim jarayonining falsafiy paradigmalarining potensial imkoniyatlaridan foydalanish, ta’lim jarayonini tashkil etishning yangicha falsafiy mazmundagi milliy innovatsion konsepsiyasini tadqiq etish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
kompetentlik – bu shaxsning ma’lum bir sohada biror ishni bajarishga bo‘lgan qodirlilik qobiliyati va shunga qarab rasmiy yoki norasmiy ravishda unga beriladigan vakolatlar doirasi ekanligi xususidagi ilmiy xulosalardan “Milliy g‘oya: O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasi” darsligida foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 1 fevraldagi 89-03-594-son ma’lumotnomasi). Ushbu ilmiy tadqiqot natijalari darslikdan foydalanuvchilar uchun “professional kompetentlik” tushunchasi yuzasidan xulosalar chiqarish imkonini bergan;
ta’lim jarayonini shakllantirish va rivojlantirishda konseptual asos vazifasini o‘taydigan falsafiy paradigmalar nazariy va amaliy jihatdan tasniflangan hamda ularning potensial imkoniyatlaridan foydalanish zarurligi to‘g‘risidagi ilmiy natija va xulosalardan Samarqand viloyati xalq ta’limi tizimida innovatsion rivojlantirish dasturini ishlab chiqishda foydalanilgan (Xalq ta’lim vazirligining 2019 yil 15 yanvardagi 04-35-son ma’lumotnomasi). Natijada xalq ta’limi sohasida xizmat qilayotgan pedagoglar faoliyatida ta’lim sifatining potensialini ko‘tarishga xizmat qilgan;
“innovatsion shaxs” tushunchasiga ta’rif berilib, uni shakllantirish va rivojlantirish prinsiplari, metodikasi, usul va vositalari, infratuzilmasini yaratish va ishga tushirish borasida ishlab chiqilgan taklif va tavsiyalardan Samarqand viloyat teleradiokompaniyasining “Ochiq muloqot” va “Dolzarb mavzu” ko‘rsatuvlarini tayyorlashda foydalanilgan (Samarqand viloyat teleradiokompaniyasining 2019 yil 15 yanvardagi 0912/4-son ma’lumotnomasi). Mazkur tadqiqot natijalari ning efirga uzatilishi yoshlarni innovatson shaxs sifatida shakllantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarning jadallashuviga xizmat qilgan;
milliy innovatsion ta’lim tizimida innovatsion shaxsni shakllantirish va rivojlantirish talablari asosida ishlarining miqdoriy va sifatiy ko‘rsatkichlarini aniqlash mezonlarini ishlab chiqish va amalda qo‘llash bo‘yicha taklif va tavsiyalardan Samarqand davlat universiteti huzuridagi Xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi tinglovchilari uchun “Zamonaviy ta’lim texnologiyalari” nomli o‘quv qo‘llanmasini tuzishda foydalanilgan (Samarqand davlat universitetining 2019 yil 12 avgustdagi 10-3594-son ma’lumotnomasi). Mazkur ilmiy natijaning amaliyotga tatbiq etilishi ta’lim oluvchilarning innovatsion tafakkurini yanada yuksaltirishga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish