Xalimova Firuza Rustamovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Poetik matnning lingvofonetik xususiyatlari va tarjimaning pragmatik muammolari”, 10.00.06–Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.3.PhD/Fil279.
Ilmiy rahbar: Safarov Shaxriyor Safarovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat chet tillar instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.27.06.2017.Fil.21.01.
Rasmiy opponentlar: Dadaboev Hamidulla Aripovich, filologiya fanlari doktori, professor; Ergasheva Guli Ismoil qizi, filologiya fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: poetik matn lingvofonetik tuzilishini qiyosiy tahlil qilish orqali fonik xususiyatlarning pragmatik mazmunga ta’sirini aniqlash hamda ushbu mazmunni tarjimada qayta yaratish usullarini yoritib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
poetik matnlarda ohang va mazmun mutanosibligini belgilovchi hodisalarning lingvofonetik xususiyatini belgilashining fonosemantik va fonostilistik usullari ishlab chiqilgan;
lingvofonetik vositalarning o‘zbek va ingliz tili she’riyatidagi pragmatik xususiyatlari tahlili asosida yumshoq, neytral, qattiq va agressiv tovushlarning salbiy, ijobiy va kontrast emotsiya ifodalashdagi o‘rni aniqlangan;
estetik axborotning maxsus lisoniy vositalar faollashuvida poetik matn mazmuniga ustqurma sifatida shakllanishi isbotlangan;
muallifning voqelikka sub’ektiv munosabatini ifodalovchi ritm, tovush, intonatsiya kabilar poetik matnga emotsional mazmunni singdirishi dalillangan;
she’riy tarjima adekvatliligini belgilashda emotsional mazmunning ustunligi va matnning umumiy obrazi lisoniy-tafakkur faoliyatining asosiy kognitiv birligi ekanligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Poetik matnning lingvofonetik xususiyatlari va tarjimaning pragmatik muammolarini tadqiq etish asosida:
badiiy matnda mavjud fonetik, fonosintaktik, fonografik va fonosemantik aloqalar matnning lingvofonetik xususiyatini belgilashi, ushbu xususiyatlar poetik asarning mazmuniy qiymatiga ta’sir etishi bo‘yicha olingan xulosalar OT–F8–062 raqamli «Til taraqqiyotining derivatsion qonuniyatlari» nomli fundamental tadqiqotlar loyihasida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 25 dekabrdagi 89-03-4457-son ma’lumotnomasi). Ushbu fundamental loyiha doirasida poetik matnlarning lingvofonetik tahlili yangicha yondashuvga turtki berib, sintaktik, semantik, pragmatik jihatdan poetik matnlar derivatsiyasi muammolarini tipologik tadqiq etish tamoyillarini yanada boyitish uchun xizmat qilgan;
poetik matnlarda ohang va mazmun mutanosibligini belgilovchi lingvofonetik yondashuv tadqiqi, lingvofonetik vositalarning she’riyatdagi pragmatik xususiyatlari va emotsiya turlari, poetik tarjimalarning tahlili natijasida fonik vositalarining mazmun shakllanishidagi roli bo‘yicha olingan natijalardan I-204-4-5 raqamli «Ingliz tili mutaxassislik predmetlaridan axborot-kommunikatsion texnologiyalari asosida virtual resurslar yaratish va o‘quv jarayoniga joriy etish» nomli innovatsion tadqiqot loyihasida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 25 dekabrdagi 89-03-4457-son ma’lumotnomasi). Natijada lingvofonetik vositalarining mazmunini hamda asliyat va tarjima tili o‘rtasidagi adekvatlik darajasini aniqlash yo‘llari “Nazariy grammatika va fonetika”, “Qiyosiy tilshunoslik”, “Lingvistik tahlil metodlari” kabi fanlarning nazariy asoslarini boyitishga xizmat qilgan;
poetik matn tarkibidagi lingvofonetik vositalarning pragmatik mazmun ifodalashdagi roli va she’riyat tarjimasi jarayonida adekvat tarjimani amalga oshirish, asliyat matni pragmatikasini qayta yaratish maqsadida ushbu vositalarni inobatga olish zarurati, tahlil va tarjima yo‘llari bilan bog‘liq natijalaridan “5120100-Filologiya va tillarni o‘qitish (ingliz tili va adabiyoti)”, “5111400-Xorijiy til va adabiyoti”, “5120200-Tarjima nazariyasi va amaliyoti” bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari hamda “5A120201-Qiyosiy tilshunoslik, lingvistik tarjimashunoslik” magistratura mutaxassilarining malaka talablariga singdirilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 25 dekabrdagi 89-03-4456-son ma’lumotnomasi). Natijada “Qiyosiy tilshunoslik”, “Nazariy fonetika”, “Tarjima nazariyasi va amaliyoti”, “Qiyosiy tarjimashunoslik”, “Stilistika va matn tahlili”, “Lingvistik tahlil metodlari” kabi fanlarning nazariy asoslarini boyitishga asos bo‘lgan.