Ermetov Avaz Abdullaevichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbekistonda ichki ishlar organlari faoliyati (1925–1991 yy.)”, 07.00.01–O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.DSc/Tar8.
Ilmiy maslahatchi: Murtazaeva Rahbar Xamidovna, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasalar nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, Qoraqalpoq ijtimoiy fanlar ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.27.06.2017.Tar.01.04.
Rasmiy opponentlar: Rajabov Qahramon Kenjaevich, tarix fanlari doktori, professor; Xaitov Shodmon Axatovich, tarix fanlari doktori; Azizov Numon Pardaevich, yuridik fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Toshkent moliya instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: sobiq sovet davrida O‘zbekistonda ichki ishlar (milisiya) organlarining tashkil etilishi va faoliyati tarixini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
O‘zbekistonda sovet tuzumining o‘rnatilishi jarayonida ichki ishlar organlarining funksional vazifalari majburiy ravishda proletariat diktaturasini mustahkamlash, xususan, asosan ishchi va dehqonlarning manfaatlarini himoya qilish, xususiy mulkchilikni tugatish, quloqlashtirish va ocharchilikka qarshi ko‘tarilgan g‘alayonlarni to‘xtatishga yo‘naltirilganligi ochib berilgan;
XX asrning 20–30-yillaridagi siyosiy qatag‘onliklar davrida milisiya organlari vakolat doirasidan tashqarida bo‘lgan “aksilinqilobchi” yoki “siyosiy jinoyatchi” deb topilganlarni hibsga olish jarayonida ham ishtirok etib, oxir-oqibat o‘zlari ham ushbu siyosatning qurboniga aylanganligi isbotlangan;
Ikkinchi jahon urushi yillarida respublika jinoiy qidiruv bo‘limi xodimlari va Toshkent milisiya maktabi tinglovchilarining katta qismi jang maydonlariga yuborilgan bo‘lsa-da, milisiya organlari yoshlar orasida sodir etilayotgan jinoyatlarni kamaytirish borasida yutuqlarga erishib, turli hududlardan evakuatsiya qilingan aholini joylashtirish, harbiy yuklarni talon-taroj qilishning oldini olish, oziq-ovqat va sanoat mahsulotlarini nazorat qilish, bolalarning qarovsizligiga qarshi kurashish kabi qo‘shimcha vazifalarni bajarganligi ochib berilgan;
milisiya organlarining tarkibi asosan ishchi-dehqon va kambag‘allardan shakllantirilganligi, xodimlarning kasbiy layoqati past darajada bo‘lganligi va ular maxsus tayyorgarlikdan o‘tmaganligi, milisiya organlaridan har yili minglab xodimlarning ishdan ketishi, shaxsiy tarkibda malakali kadrlarning etishmasligi oqibatida jamiyatda og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarning sodir etilishi holatlarining muntazam ravishda ortib borganligi aniqlangan;
ichki ishlar idoralariga boshqa respublikalar va O‘zbekistondan maxsus tayyorgarligi bo‘lmagan xodimlarning ishga olinishi, XX asrning 80-yillarida jinoyatning yangi turlari, xususan, uyushgan jinoyatchilik, mansabdor shaxslar tomonidan katta hajmdagi iqtisodiy jinoyatlarning sodir etilishi holatlari milisiya organlari faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, jamiyatda mavjud bo‘lgan ijtimoiy muammolarni yanada keskinlashuviga sabab bo‘lganligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
1925–1991 yillarda O‘zbekiston ichki ishlar organlarining faoliyati tarixiga oid ishlab chiqilgan ilmiy xulosalar va takliflar asosida:
sovet davrida O‘zbekistonda ichki ishlar organlarining tashkil etilishi, ularning tarkibiy tuzilishi va vazifalari, o‘lkadagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlardagi ishtiroki, tizimdagi ziddiyatli holatlar, urush yillarida ichki ishlar organlari xodimlarining fashizmga qarshi kurashda ko‘rsatgan matonati haqida olingan ilmiy natijalaridan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tarixi muzeyining “Turkistonda ishchi-dehqon milisiyasining tashkil etilishi va faoliyati (1917–1924 yillar)”, “XX asrning 20-30-yillarida ichki ishlar organlari tizimidagi o‘zgarishlar”, “Ikkinchi jahon urushi yillarida ichki ishlar organlari” nomli bo‘limlarini qayta shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 2017 yil 12 maydagi 2/2110-son ma’lumotnomasi). Qo‘llanilgan natijalar mazkur davrni faktik materiallar, manbalar va ma’lumotlar bilan to‘ldirishga ko‘mak berib, ichki ishlar organlari xodimlarining faoliyatini ilmiy asosda yoritishga xizmat qilgan;     
O‘zbekistonda sovet hokimiyatining o‘rnatilishi, davlat qurilishi va boshqaruviga oid ilmiy natijalardan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining rejasi asosida O‘zbekiston Milliy universitetida nashr etilgan “O‘zbekistonda davlat va mahalliy boshqaruv tarixi” nomli darslikda foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 1 maydagi 89-03-1613-son ma’lumotnomasi). Xususan, darslikning “Turkistonda sovetlar hukmronligining o‘rnatilishi” hamda “Sovet hukmronligi davrida O‘zbekistonda davlat qurilishi va boshqaruvi” kabi mavzularni tayyorlash, ularni birlamchi manbalar asosida boyitish va ilmiy xulosalarni kengaytirishda qo‘llanilgan;
XX asrning 30-yillaridagi kollektivlashtirish, quloqlashtirish, “katta qirg‘in” oqibatlari bo‘yicha yangi faktlarga asoslangan ilmiy natijalar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyining 2011 yil 15 iyundagi 3/1/-u-sonli buyrug‘iga muvofiq “1937–1938 yillardagi siyosiy qatag‘onlar” nomli bo‘limini boyitishda foydalanilgan (Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyining 2018 yil 17 yanvardagi 6-son ma’lumotnomasi).  Tadqiqotda XX asrning 30-yillarida O‘zbekistonda qatag‘onlik siyosatining yangi to‘lqinining boshlanishi va bu jarayonlarda ichki ishlar organlarining ishtiroki haqida keltirilgan ma’lumotlarning muzey ekspozisiyasida namoyish qilinishi sovet hokimiyati yillarida O‘zbekistondagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlar xususida yangicha tarixiy tafakkurni shakllantirishga xizmat qiladi;
Sovet davrida olib borilgan qatag‘onlik siyosati va uning oqibatlariga doir ma’lumotlardan Andijon viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyining “Andijon viloyati sovet hokimiyati tuzumi davrida” hamda Namangan viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi ekspozisiyalarining “1930–1940 yillarda qatag‘onlik” mavzularini jihozlash va shakllantirishda foydalanilgan (Madaniyat vazirligining 2018 yil 19 apreldagi 01-11-10-2732-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning Andijon va Namangan viloyatlaridagi muzey ekspozisiyalariga joriy etilishi sovet boshqaruv tizimidagi xususiyatlar, xususan, ichki ishlar organlarining faoliyati va qatag‘on siyosatida ularning ishtirokini salbiy oqibatlarini tarixiy manbalar asosida ochib berishga xizmat qilgan;  
XX asr 20–80-yillarida O‘zbekistonda olib borilgan ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va ma’naviy o‘zgarishlarning mohiyati, jumladan kollektivlashtirish jarayoni, jamiyatda yuzaga kelgan ijtimoiy muammolar, tartibsizliklar, ikkinchi jahon urushi yillarida ichki ishlar organlari xodimlarining jang maydonlaridagi qahramonliklari, 80-yillarning ikkinchi yarmida jamiyatda tanglik holatining kuchayishi, respublikada “paxta ishi”, “o‘zbek ishi” kabi kampaniyalarning o‘tkazilishi bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha olingan ilmiy natijalar IFA2012-1-4 raqamli “O‘zbekistonning sovet davridagi tarixi (1917–1991 yillar). 2-jild” mavzusidagi innovatsion loyihada foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 1 maydagi 89-03-1614-son ma’lumotnomasi). Bu sovet davrida o‘tkazilgan ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy jarayonlarni birlamchi manbalar asosida chuqurroq yoritib berishga imkon yaratgan;
XX asr 30-yillarining ikkinchi yarmida O‘zbekistonda o‘tkazilgan qatag‘onlik siyosati, shuningdek, ikkinchi jahon urushi yillarida ichki ishlar organlari xodimlarining jang maydonlaridagi qahramonliklariga oid tadqiqotlar tahlili bo‘yicha ilmiy xulosalar O‘zbekiston Milliy teleradiokampaniyasi “Mahalla” telekanalining ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma’rifiy mavzusidagi “Mustaqillik odimlari” ko‘rsatuvining ssenariysini tuzish va tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokampaniyasi “Mahalla” teleradiokanali davlat unitar korxonasining 2018 yil 4 maydagi 02-02-493-son ma’lumotnomasi). Ko‘rsatuvda ta’qib va tazyiqqa uchragan insonlarning taqdirida ayanchli iz qoldirgan tarixiy haqiqatlar, jang maydonlaridagi qiyinchiliklar teletomoshabinlarga ta’sirli etkazilib, bugungi obod va farovon hayotning qadriga etish, shukronalik tuyg‘usining mustahkamlanishiga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish