Xoshimov Xikmatulla Boqijonovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Oyoqog‘itma makoni – ilk neolit davri tosh industriyasi», 07.00.06–Arxeologiya (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.PhD/Tar505.
Ilmiy rahbar: Sayfullaev Baxtiyor Qurbonovich, tarix fanlari nomzodi.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Arxeologik tadqiqotlar instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Arxeologik tadqiqotlar instituti, DSC.27.06.2017.Tar.45.01.
Rasmiy opponentlar: Asqarov Ahmadali Asqarovich tarix fanlari doktori, professor, akademik; Xushvaqtov Nabi Olimovich, tarix fanlari nomzodi.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekistonning yangi tosh davriga oid Oyoqog‘itma makoni ilk neolitga doir komplekslari tosh industriyalarini ilmiy muomalaga kiritish, ularni texnik-tipologik tadqiq qilish hamda makonning Kaltaminor madaniyati tizimidagi o‘rni va ahamiyatini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Oyoqog‘itma makoni ilk neolit davri tosh industriyalarining tipologik tasnifi asosida o‘rganilayotgan texnokomplekslarning tip-varaqalari ishlab chiqilgan;
Oyoqog‘itma makoni ilk neolitga oid 9–5-madaniy qatlamlardan topilgan 15000 ta tosh industriyalarining morfologik tahlili yordamida yodgorlikda qo‘llanilgan tosh xomashyolarining turlari (kremniy, xalsedon, qayroqtosh, kvars) va tarqalish geografiyasi aniqlangan;
Oyoqog‘itma makonidagi tosh buyumlarini texnologik tahlil qilish asosida toshga ishlov berishning o‘ndan ziyod texnologik usullari (toshlarni og‘ir va engil tosh ushatg‘ichlar, organik (suyak va yog‘och) ushatg‘ichlar, kiyik shoxi qadalgan yog‘och vositachi yordamida zarb berish yoki kiyik shoxi o‘rnatilgan yog‘och moslama yordamida ezib sindirish usullari) qo‘llanilganligi va ularning ishlanish bosqichlari aniqlangan;
Oyoqog‘itma makoni ilk neolitga oid materiallarini qiyoslash asosida yodgorlikda toshga ishlov berishda Samarqand so‘nggi paleolit madaniyatida hukm surgan texnik an’analarning davom etganligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
 Oyoqog‘itma makoni - ilk neolit davri tosh industriyaci mavzusidagi tarix fanlar bo‘yicha falsafa doktori ilmiy darajasini olish uchun yozilgan dissertatsiya bo‘yicha qo‘lga kiritilgan ilmiy natijalar asosida:
Kaltaminor madaniyatining kelib chiqishi hamda uning hududidagi bronza va ilk temir davri madaniyatlariga rivojlanib o‘tganligi, shuningdek  Kaltaminor madaniyati aholisining hayot tarzi, xo‘jaligi turmush darajasi va diniy qarashlari haqidagi ilmiy asoslangan ma’lumotlardan Arxeologik tadqiqotlar institutida bajarilgan A1-FA-89675 raqami «Zarafshon vohasini qadim va o‘rta asrlarda antropogen o‘zlashtirish dinamikasi va aholisini etnomadaniy sintezi (Samarqand va Buxoro Sug‘di  arxeologik materiallari asosida)» mavzusidagi amaliy loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2019 yil 22 fevraldagi 3/1255-357-son ma’lumotnomasi). Dissertatsiyada ta’kidlangan yodgorliklar Buxoro va Navoiy viloyatlari arxeologik yodgorliklar majmuasini yaratishda qo‘llanilib, yodgorliklarning joylashuvi, saqlanishi asosida ularni davlat himoyasiga olish  tavsiya etilgan;
Kaltaminor madaniyatiga oid artefaktlar - nukleuslar, qirg‘ichlar, kesgichlar, tosh bigizlar, geometrik mikrolitlar va pichoqsimon plastinkalar Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasidagi “O‘zbekiston dunyo madaniyatlari chorrahasida” ekspozisiyasiga kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining 2019 yil 7 maydagi 01-12-10-2143-son ma’lumotnomasi). Muzey eksponatlari orasidan joy olgan arxeologik materiallar va qazishma chizmalari vatanimizning qadimgi ovchi-termachi qabilalarini madaniy-iqtisodiy hayoti haqida muzeyga tashrif buyuruvchilarga ma’lumotlar berishga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish