Israilova Nigora Amanullaevnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Yosh bolalarda o‘tkir pnevmoniyada yurak-qon tomir sistemasining holati, oqibatini prognozlash va korreksiyalash yo‘llari», 14.00.09–Pediatriya (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.PhD/Tib53.
Ilmiy rahbar: Karimjonov Ilxomjon Asamovich, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent tibbiyot akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent pediatriya tibbiyot instituti, DSc.27.06.2017.Tib.29.01.
Rasmiy opponentlar: Shamsiev Furqat Muhitdinovich, tibbiyot fanlari doktori, professor; Ismailova Adolat Abduraximovna, tibbiyot fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti.
Dissertatsiyaning yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: erta yoshdagi bolalarda o‘tkir pnevmoniyada yurak-qon tomir tizimi zararlanishini patogenetik davolash maqsadida erta tashxislash va prognozlash mezonlarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
erta yoshdagi bolalarda o‘tkir pnevmoniyada miokarditni erta tashxislash, prognozlash mezonlari ishlab chiqilgan;
erta yoshdagi bolalarda o‘tkir pnevmoniyada yurak-qon tomir tizimidagi o‘zgarishlar qon zardobidagi kardiospesifik fermentlar va troponin miqdorining oshishi, yurak o‘tkazuvchanligi va ritmining, shuningdek qorinchalar miokardi repolyarizatsiyasining buzilishlari bilan kechishi isbotlangan;
erta yoshdagi bolalarda miokardit bilan asoratlangan o‘tkir pnevmoniyaning klinik namoyon bo‘lishi EKG ko‘rsatkichlari va miokard zararlanishi markerlari bilan bog‘liqligi isbotlangan;
erta yoshdagi bolalarda miokardit bilan asoratlangan o‘tkir pnevmoniyada yurak-qon tomir tizimidagi o‘zgarishlarni rivojlanishida metabolik buzilishlarning ahamiyati aniqlangan;
erta yoshdagi bolalarda o‘tkir pnevmoniyada yurak-qon tomir tizimi zararlanishining etiopatogenetik mexanizmlarini aniqlash asosida samarali kompleks davo usuli ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Erta yoshdagi bolalarda o‘tkir pnevmoniyada yurak-qon tomir tizimi zararlanishini patogenetik davolash maqsadida erta tashxislash, prognozlash mezonlarini ishlab chiqish bo‘yicha olib borilgan ilmiy tadqiqot natijalari asosida:
“Erta yoshdagi bolalarda o‘tkir pnevmoniyada kardit: klinik xususiyatlari, tashxislash va davolash” bo‘yicha uslubiy tavsiyanoma tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2016 yil 1 noyabrdagi 8H-d/67-son ma’lumotnomasi). Ushbu uslubiy tavsiyanoma o‘tkazilgan davo samaradoriligini oshirishga, o‘tkir pnevmoniyada kardit asoratlari bilan kasallanishni kamaytirishga, surunkalanish xavfini kamaytirishga yordam bergan;
yosh bolalarda o‘tkir pnevmoniyada yurak-qon tomir sistemasining holati, oqibatini prognozlash va korreksiyalash bo‘yicha olib borilgan ilmiy tadqiqot natijalari Toshkent tibbiyot akademiyasi 1-klinikasi bolalar pul`monologiyasi va kardiologiyasi bo‘limida, Andijon viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiy markazining pul`monologiya bo‘limida, Toshkent shahar 4-bolalar shifoxonasida klinik amaliyotga tatbiq etilgan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2018 yil 10 dekabrdagi 8H-z/228-son ma’lumotnomasi). Ilmiy ishning natijalari tatbig‘ida erta yoshdagi bolalarda o‘tkir pnevmoniyada miokarditning surunkalanish chastotasining 3,2 martaga qisqarishiga imkon yaratgan.