Qodirov Valijon Abdurahmonovichning
fan doktori (DSs) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Umumta’lim maktablarida mumtoz adabiyot namunalarini o‘qitishning ilmiy-metodik asoslari”, 13.00.02–Ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi (o‘zbek adabiyoti) (pedagogika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.4.DSc/Ped98.
Ilmiy maslahatchi: Yo‘ldoshev Qozoqboy Boybekovich, pedagogika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Andijon davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi: Namangan davlat universiteti, PhD.28.09.2018.Ped.76.02 raqamli bir martalik ilmiy kengash..
Rasmiy opponentlar: Husanboeva Qunduzxon Parpalievna, pedagogika fanlari doktori, professor; To‘xliev Boqijon, filologiya fanlari doktori, professor; Matchonov Sapo Murodovich, pedagogika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: umumta’lim maktablarida mumtoz adabiyot namunalarini o‘qitishning nazariy va amaliy jihatlarini tadqiq etish, o‘qitish samaradorligini oshirishning ilmiy-pedagogik asoslarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
mumtoz adabiyotni o‘qitish samaradorligini oshirishning didaktik asosi bo‘lgan “mumtoz badiiy tafakkur” tushunchasi ilk bor ilmiy-metodik muomalaga kiritilgan hamda uni amalda qo‘llash metodikasi ishlab chiqilgan;
mumtoz asarlarni o‘qitishdagi eng murakkab bo‘limlar hisoblangan aruz o‘lchamlari, mumtoz qofiya, ilmi balog‘aga doir nazariy ma’lumotlarni o‘quvchilarga singdirishda vaznlar qiyosi, optimal sharh hamda ijodiy lavha singari ta’lim texnologiyalari ishlab chiqilgan, ulardan amalda foydalanish metodikasi yaratilgan;
mumtoz asarlar serqatlamligining an’anaga tayanish, hasbi holdan kelib chiqish va e’tiqod o‘zgachaligi singari omillari ilk bor aniqlangan hamda ularni adabiy ta’limga tatbiq etishning metodik tizimi belgilab berilgan;
o‘quvchilarning yosh xususiyatlarini hisobga olib, tasavvuf ta’limoti to‘g‘risida ilk tushuncha berish, so‘fiyona ruhdagi bitiklarni o‘rgatishni osonlashtirish orqali agiografik asarlarni o‘qitish samaradorligini oshirish tizimi takomillashtirilgan;
mumtoz asarni tahlil qilishda uning janri, kompozision qurilishi va semantik qolipini hisobga olgan holda yondashish zarurati ilmiy jihatdan asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Maktab adabiy ta’limida mumtoz adabiyot namunalarini o‘qitishning ilmiy-metodik asoslari tadqiqi bo‘yicha erishilgan ilmiy natijalar asosida:
ilmiy muomalaga kiritilgan va mumtoz adabiyot namunalarini tushunish va tushuntirishda kalit vazifasini o‘taydigan “mumtoz badiiy tafakkur tarzi” tushunchasi 7-sinf Adabiyot (Toshkent: “Sharq” nashriyoti, 2017, 4-nashr), 9-sinf Adabiyot (Toshkent: “O‘zbekiston”, 2019, 4-nashr) darsliklaridagi maqolalar, nazariy ma’lumotlar, savol va topshiriqlar mazmun-mohiyatiga singdirilgan (Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika ta’lim markazining 2019 yil 22 iyuldagi 01/11-03/4-1676-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘quvchilarda mumtoz badiiy tafakkur tarziga xos poetik komponentlarni shakllantirishda sezilarli ijobiy natijalarga erishilgan;
nazariy ma’lumotlarni singdirish borasidagi yo‘riqlardan kelib chiqib, mavzulararo hamda fanlararo integratsiyadan foydalanish bo‘yicha tavsiyalardan 7- va 9-sinf Adabiyot darsliklarini yaratishda foydalanilgan (Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika ta’lim markazining 2019 yil 22 iyuldagi 01/11-03/4-1676-son ma’lumotnomasi). Bu orqali o‘quvchilarning nazariy ma’lumotlarni idrok etish, ularni amaliy qo‘llash ko‘nikmalari ortgan;
tadqiqotda ishlab chiqilgan adabiy ta’lim uchun g‘oyat murakkab va chigal hisoblangan agiografik asarlarni o‘rganishning samarali yo‘llari, xususan, tasavvuf to‘g‘risida tushuncha berish, so‘fiyona ruhdagi asarlarni o‘rganish yo‘riqlari o‘quvchilar yosh xususiyatlarini hisobga olib 7- va 9-sinf Adabiyot darsliklarini yaratishda inobatga olingan (Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika ta’lim markazining 2019 yil 22 iyuldagi 01/11-03/4-1676-sonli ma’lumotnomasi) Natijada o‘quvchilarda agiografik asarlarni sharhlab o‘rganish ko‘nikmalari, tasavvuf adabiyotiga mansub asarlarni tahlil qilish malakalari shakllangan;
mumtoz asarlarga xos ma’no qatlamlilik va uni vujudga keltiruvchi omillarga taalluqli dissertatsiya bo‘limlaridan qisman 7-sinf Adabiyot, batafsilroq tarzda 9-sinf Adabiyot darsliklarini yaratishda iste’foda etilgan (Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika ta’lim markazining 2019 yil 22 iyuldagi 01/11-03/4-1676-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘qituvchilarning kasbiy kompetensiyasida, o‘quvchilarning mumtoz asarlardagi ma’no qatlamlilikni idrok etish darajasida ijobiy natijalar kuzatilgan ;
badiiy matnlarni tahlil qilish va sharhlashda qaysi adabiy tur hamda janrga mansubligini hisobga olish yo‘llari, har bir janrga xos bo‘lgan tahlil bosqichlari o‘quvchilar yosh xususiyatlarini hisobga olib, 7- va 9-sinf Adabiyot darsliklarini yaratishda foydalanilgan (Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika ta’lim markazining 2019 yil 22 iyuldagi 01/11-03/4-1676-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘quvchilarning mumtoz matnlarni adabiy tur va janr xususiyatiga ko‘ra tahlil qilish kompetensiyalari rivojlangan.