To‘laganova Sanobar Panjievnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Ijodkor shaxsi va adabiy qahramon muammosi (Abdulla Qodiriy ijodi misolida)», 10.00.02–O‘zbek adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.3.DSc/Fil18.
Ilmiy maslahatchi: Karimov Naim Fotihovich, filologiya fanlari doktori, professor, akademik.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zbek tili, adabiyot va fol`klori instituti, DSc.27.06.2017.Fil.46.01.
Rasmiy opponentlar: Karimov Bahodir Nurmetovich, filologiya fanlari doktori, professor; Doniyorova Shoira, filologiya fanlari doktori; Nosirov Azmiddin Normamatovich, filologiya fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat pedagogika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: ijodkor shaxsi va adabiy qahramon muammosini adabiyotshunoslik kategoriyasi sifatida asoslash, Abdulla Qodiriy hayoti va ijodini bir butunlikda shaxs konsepsiyasi doirasida ochib berish, adib shaxsiyati va roman qahramonlari orasidagi ruhiy, ijtimoiy-biografik, ma’naviy-ma’rifiy jihatdan bog‘liqlik, estetik ideal va qahramon parallelizmi masalasining o‘zbek adabiyotidagi ilmiy-nazariy asoslarini isbotlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ijodiy “men” va biografik “men” tushunchasi, ijod psixologiyasi, ijodiy muhit, ijodiy uslub, estetik idealning ijtimoiylashuvi, ijodiy konsepsiya kabi ijod mexanizmini tashkil qiluvchi komponentlar yaxlit bir butunlikda ko‘rsatilgan;
ijodkor badiiy-estetik konsepsiyasida ijodiy “men” va biografik “men” mutanosibligi, o‘zlikni ifoda qilish shakli, yozuvchi hayotiy aqidalari, ijtimoiy-falsafiy qarashlarining badiiy qahramonda zuhurlanishi asoslangan;
ijodkor shaxsi va adabiy qahramon muammosiga adabiyotshunoslikning badiiy-estetik kategoriyasi sifatida yondashilib, Abdulla Qodiriy ijodiy fenomeni shaxs konsepsiyasi doirasida ochib berilgan;
ijodkor dunyoqarashi va epik tafakkuri tadrijida A.Qodiriyning otasi – xonlikning bosh noziri va qo‘mondoni Qodirmuhammad boboning informator vazifasini bajargani hamda roman qurilmasi shakllanishida muhim halqa sifatidagi o‘rni isbotlangan;
Abdulla Qodiriy shaxsiyati va roman qahramonlari o‘rtasidagi ijtimoiy-biografik, badiiy-estetik butunlik yozuvchi romanlarida badiiy konsepsiya, adabiy qahramon va estetik ideal munosabati natijasi sifatida yuzaga kelgan badiiy kashfiyotlar tizimi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Ijodkor shaxsi va adabiy qahramon muammosiga adabiy-estetik kategoriya sifatida konseptual yondashish, qahramonlar talqinida biografik omillarni aniqlash, estetik idealning ijtimoiylashuvini badiiyatda aks etishi jihatidan tadqiq etish asosida:
XX asr sho‘ro davri adabiyoti namunalarini jahon adabiyoti namunalari bilan qiyoslab o‘rganish asnosida ijodkor shaxsi va adabiy qahramon muammosining umumiy va xususiy holatlaridan kelib chiquvchi tipologiyaga doir xulosalaridan FA-F1-G040 raqamli “O‘zbek adabiyoti qiyosiy adabiyotshunoslik aspektida: tipologiya va adabiy ta’sir” fundamental loyihasida foydalanilgan (Fanlar akademiyasining 2019 yil 5 iyuldagi 311255-1878-son ma’lumotnomasi). O‘zbek nasrida ijodkor shaxsi va adabiy qahramon muammosi badiiy kategoriya sifatida adabiyotshunoslikda o‘rganilishi joiz degan xulosalariga asos bo‘lgan;
Abdulla Qodiriy shaxsiyati va roman qahramonlari o‘rtasidagi ijtimoiy-biografik, ma’naviy-ma’rifiy, badiiy-estetik butunlik borasida chiqarilgan ilmiy-nazariy xulosalardan ITD-A-1-118 raqamli “Alisher Navoiy obrazining tasvir va talqinlariga oid qo‘llanmasini tayyorlash va nashr etish” (2015–2017) loyihasida foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 9 iyuldagi 89-03-2718-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarni qo‘llash tufayli ijodkor shaxsi, davr va ijodkor, adabiy shaxsiyat, muallif shaxsining qahramonda zuhurlanishi kabi poetik muammolarga biografik kontekst asosida yondashilgan, talabalarning badiiy matnni teran anglashiga erishilgan;
ijodkor ilmiy tarjimai holini yaratish, muallif hayoti va ijodini yaxlitlikda o‘rganish, ijodkor shaxsi va adabiy qahramon muammosi asosida chiqarilgan ilmiy-nazariy xulosalaridan Ozarbayjon Milliy ilmlar akademiyasi Nizomiy Ganjaviy nomidagi Adabiyot institutining “Ozarbayjon-turkman-o‘zbek adabiy aloqalari” bo‘limida Ozarbayjon o‘zbekshunoslari tomonidan foydalanilgan (Nizomiy Ganjaviy nomidagi Adabiyot inctitutining 2019 yil 8 iyundagi ma’lumotnomasi). Natijada ijodkor shaxsi va badiiy qahramon masalasi ilmiy-nazariy muammo va Abdulla Qodiriy biografiyasi bilan bog‘liq yangi ma’lumot hamda qo‘shimcha izohlar tadqiqotchilarning o‘zbek adabiyoti haqidagi bilimlarini kengaytirishga xizmat qilgan;
o‘zbek adabiyotida roman janrining paydo bo‘lishi, Abdulla Qodiriy milliy romanchilik maktabining asoschisi, ijodkor shaxsining badiiy qahramonda aks etishi, badiiy matnga biografik kontekstda yondashuv kabi tahlil usullaridan Turkiyaning Anqara universiteti Til va tarix-jug‘rofiya fakul`teti ilmiy jarayonida foydalanilgan (Anqara universitetining 2019 yil 10 iyuldagi ma’lumotnomasi). Bu esa Abdulla Qodiriyning ijodi misolida XX asr o‘zbek adabiyotini o‘rganayotgan yosh tadqiqotchilarga va doktorantlarga nazariy manba sifatida foydalanish imkoniyatini yuzaga keltirgan;
XX asr boshidagi o‘zbek adabiyoti va adabiy jarayon, o‘zbek nasridagi poetik o‘zgarishlar, Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Oybek ijodidagi o‘ziga xos jihatlar, o‘zbek romani kompozisiyasida milliy koloritning saqlanishiga doir chiqarilgan ilmiy-nazariy xulosalardan Abilayxon nomidagi Qozog‘iston xalqaro aloqalar va dunyo tillari universiteti hamda Boku davlat universiteti talabalari uchun tayyorlanayotgan “Turk prozasi” darsligida foydalanilgan (Abilayxon nomidagi Qozog‘iston xalqaro aloqalar va dunyo tillari universitetining 2019 yil 9 iyuldagi ma’lumotnomasi). Natijada qardosh xalqlar o‘quv yurti talabalari turkiy xalqlar adabiyoti va yangi o‘zbek nasrining yuzaga kelishi, dastlabki o‘zbek romanlari haqidagi bilimlarining yangi ma’lumotlar bilan boyitilishiga erishilgan;
O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining XX asr o‘zbek adabiyoti, yangi o‘zbek adabiyotining shakllanishi, o‘zbek romani, Abdulla Qodiriy hayoti va ijodi, muallif shaxsiyati, ijodkor romanlarida biografik unsurlarning o‘rni, istiqlol davri romanchiligida Abdulla Qodiriy ana’nalari yuzasidan yangi ma’lumotlar bilan bir qator ko‘rsatuvlarda tadqiqot birlamchi metodologik asos bo‘lib xizmat qilgan (“O‘zbekiston” telekanalining 2019 yil 31 maydagi 01-35-957, “Madaniyat va ma’rifat” kanalining 2019 yil 30 maydagi 01-11-214, “Mahalla” telekanalining 2019 yil 31 maydagi 03-18-696-son ma’lumotnomalari). Ijodkor badiiy-estetik konsepsiyasi, adabiy qahramon va estetik ideal munosabati, badiiy adabiyot va adabiy shaxsiyat masalasi, ijod psixologiyasi va muallif tafakkur tarzi, A.Qodiriy romanlarining badiiy kashfiyotlar tizimini ochib berish orqali ko‘rsatuvlarning saviyasi oshirilishiga erishilgan.