Xojieva Shaxlo Xazratovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomli): “Cho‘lpon she’riyatida poetik tafakkurning yangilanish tamoyillari”, 10.00.02–O‘zbek adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya  mavzusi  ro‘yxatga  olingan  raqam: B2019.1.PhD/Fil717.
Ilmiy rahbar: Shodmonov Nafas Namozovich, filologiya fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qarshi davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Qarshi davlat universiteti, PhD.30.05.2018.Fil.70.01.
Rasmiy opponentlar: Naim Karimov, filologiya fanlari doktori, professor, akademik; O‘raeva Darmon, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.    
Dissertatsiya yo‘nalishi:  nazariy va amaliy ahamiyatga  molik.
II. Tadqiqot maqsadi: Cho‘lpon she’riyatida milliy poetik tafakkurning yangilanish tamoyillarini ilmiy-nazariy asosda ochib berishdan iborat.    
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ijtimoiy-adabiy muhit va individual ijodiy tafakkur Cho‘lpon she’riyatidagi poetik yangilanishning asosiy omillaridan ekani XX asr boshlari jahon adabiyoti kontekstida ochib berilgan;
fol`klorizmlarning stilizatsion, analitik kabi tiplaridan, oddiy hamda murakkab ko‘rinishlaridan mahorat bilan foydalanilgani, diniy-mifologik obrazlar va makon timsollari (jannat, rizvon, hur, pari, kavsar),  mifologik obrazlar stilizatsiyasi (jin, alvasti, dev, shayton) va ramziy obrazlar (boyqush, bulbul)dan istifoda etilgani, shoir she’riyatining yangilanishida o‘zbek xalq og‘zaki ijodining ta’siri kuchli bo‘lgani isbotlangan;
Alisher Navoiy, Uvaysiy, Furqat kabi buyuk shoirlarning poetik mazmun, poetik obraz va poetik shaklga doir ijodiy an’analari Cho‘lpon tomonidan takomilga etkazilgani hamda boyitilgani dalillangan;
Cho‘lpon she’riyatidagi poetik obraz yangilanishida rus va Evropa adabiyoti ijodiy tajribalarining adabiy-estetik ta’siri ilmiy-nazariy jihatdan asoslangan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
“Cho‘lpon she’riyatida poetik tafakkurning yangilanish tamoyillari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Cho‘lpon she’riyati yangilanishida poetik mazmundagi o‘zgarishlar asosiy o‘rin tutishi ijtimoiy-adabiy muhit va individual ijodiy tafakkur bilan chambarchas bog‘liq ekani XX asr boshlari jahon adabiyoti kontekstida yoritilganiga doir ilmiy xulosalardan Samarqand davlat universitetidagi 5.1.17-raqamli “Sharq mumtoz adabiyotida komil inson konsepsiyasi” mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 28 iyundagi 89-03-2626-son ma’lumotnomasi). Natijada badiiy obraz yangilanishida mumtoz poetik an’analarning o‘rni, Sharq va dunyo adabiyoti namoyandalari bilan ijodiy tajriba almashinuvi poetik shakl yangilanishining adabiy-estetik manbai ekani, she’riyatda poetik janr va vazn yangilanishi bilan bog‘liq matnlar Sharq mumtoz so‘z san’atida komil inson konsepsiyasini asoslash bo‘yicha muayyan xulosalar chiqarish imkonini bergan;
Cho‘lpon she’riyatida poetik obraz yangilanishida rus va Evropa adabiyotidagi ijodiy tajribalar ta’siriga oid xulosalardan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi va hududlardagi oliy ta’lim muassasalari tuzilmasida Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeylarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2017 yil 22 noyabrdagi 936-son qarori asosida Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyining “Milliy uyg‘onish harakati, uning namoyon bo‘lishi va amaliy yo‘nalishlari” nomli 2-bo‘limi hamda “1937–1938 yillardagi siyosiy qatag‘onlar” nomli 7-bo‘limi ekspozisiyalarini boyitish, shuningdek, viloyatlardagi oliy ta’lim muassasalari tuzilmalarida tashkil etilgan Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeylari ekspozisiyasining “Milliy uyg‘onish harakati, uning namoyon bo‘lishi va amaliy yo‘nalishlari” mavzuidagi 2-bo‘limini yaratishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyining 2019 yil 28 iyundagi 104-son ma’lumotnomasi). Natijada Cho‘lpon she’riyati misolida Turkistonda shakllangan, taraqqiy etgan va mustamlaka siyosati natijasida tugatilgan milliy uyg‘onish adabiyoti, uning Vatan va millat hayotida tutgan o‘rni, milliy adabiyotimizning XX asr boshlaridagi yangilanishi masalalarini amaliy yoritish imkoniyati yaratilgan;
ijodkor she’riyatidagi yangilanishning asosiy tamoyillaridan biri mumtoz she’riyatimizning boy tajribasi ekani Cho‘lpon nazmiy asarlarida  Alisher Navoiy, Uvaysiy, Furqat kabi salaflari an’analarining boyitilishiga oid ilmiy-nazariy xulosalardan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan Ishoqxon Ibrat, Hamid Olimjon va Zulfiya, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Ibrohim Yusupov, Muhammad Yusuf ijod maktablarida o‘tilgan mahorat darslarida, shuningdek, ijodiy seminarlarda foydalanilgan (O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining 2019 yil 1 iyuldagi 01-03-01/766-son ma’lumotnomasi). Natijada ijod maktablarida tahsil olayotgan iste’dodli yoshlarda kitobxonlik madaniyati oshgan, ularning XX asr boshlaridagi milliy she’riyatimizda kechgan poetik yangilanish jarayoni haqidagi tasavvurlari kengaygan hamda Cho‘lpon adabiy merosiga doir bilim va ko‘nikmalari mustahkamlangan. 

Yangiliklarga obuna bo‘lish