Sanakulov Jahongir Xudayberdievichning

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i):
“Tarjimada multimadaniyat hodisasining lisoniy xususiyatlari (o‘zbekcha va fransuzcha tarjimalar misolida)”, 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik va tarjimashunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: № B2022.4.PhD/Fil2982.
Ilmiy rahbar: Raximova Gulsanam Ashirbekovna, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti, PhD.03/2025.27.12.Fil.06.05
Rasmiy opponentlar: Ismailov Ishaqjon Otabaevich, filologiya fanlari doktori (DSc), professor; Djafarova Dildora Ilhomovna, filologiya fanlari doktori (DSc), professor.
Yetakchi tashkilot: Buxoro davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi o‘zbekcha va fransuzcha tarjimalar misolida multimadaniyat hodisasining lisoniy xususiyatlarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
o‘zbekcha va fransuzcha tarjimalar misolida multimadaniyat hodisasining lisoniy tabiati qiyosiy-tarjimashunoslik aspektida maxsus tadqiqot obekti sifatida lingvomadaniy, lingvokognitiv, funksional-kommunikativ va qiyosiy-tipologik yondashuvlar asosida tizimli o‘rganilib, mazkur hodisaning tarjimashunoslikdagi konseptual maqomi, uning madaniyatlararo muloqot, lingvokulturema, milliy-madaniy kod, tarjima adekvatligi va kommunikativ ekvivalentlik kategoriyalari bilan uzviy bog‘liqligi aniqlangan;
fransuz va o‘zbek tillaridagi lingvokulturemalarning semantik, pragmatik, aksiologik va diskursiv xususiyatlari badiiy, ilmiy va tarjima matnlari materiali asosida tizimli tahlil qilinib, ularni tarjima jarayonida transliteratsiya, transkripsiya, izohli tarjima, funksional muqobillashtirish, lingvomadaniy adaptatsiya, kompensatsiya va kontekstual qayta ifodalash usullari orqali berish mexanizmlari ishlab chiqilgan hamda multimadaniy birliklarning asliyat va tarjima matnlaridagi semantik-pragmatik yuklamasini saqlash imkoniyatlari dalillangan;
tarjimada lingvomadaniy belgilarni saqlash, transformatsiyalash yoki yo‘qotish holatlari madaniy asimmetriya, lakuna, realiya, milliy kolorit, mental birlik va “madaniy mozaika” tushunchalari bilan bog‘liq holda ochib berilib, o‘zbek va fransuz tillari o‘rtasidagi madaniy tafovutlar tarjima sifatiga, retsipient idrokiga, matnning kommunikativ ta’sir kuchiga hamda asliyatdagi milliy-madaniy mazmunning tarjimada qayta voqelanish darajasiga bevosita ta’sir ko‘rsatishi asoslangan;
multimadaniy muhitda fransuzcha-o‘zbekcha va o‘zbekcha-fransuzcha tarjima jarayonining kognitiv, sotsiolingvistik va lingvopragmatik omillari tahlil qilinib, til siyosati, ijtimoiy kontekst, madaniy xotira, kollektiv identifikatsiya va tarjimonning lingvomadaniy kompetensiyasi multimadaniy mazmunni adekvat ifodalashning muhim shartlari ekani isbotlangan hamda tarjimada multimadaniyat hodisasini lisoniy, madaniy va kognitiv omillar integratsiyasi asosida tadqiq etishning nazariy-metodologik modeli taklif etilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbekcha va fransuzcha tarjimalarda multimadaniyat hodisasining lisoniy xususiyatlarini qiyosiy-tarjimashunoslik aspektida tadqiq etish natijasida olingan ilmiy xulosalar asosida:
o‘zbekcha va fransuzcha tarjimalar misolida multimadaniyat hodisasining lisoniy tabiati, lingvokulturemalarning tarjimada tutgan o‘rni, madaniy lakunalar va asimmetriyaning tarjima sifatiga ta’siri, shuningdek, madaniy belgilarni ifodalashda yuzaga keladigan lisoniy qiyinchiliklarni qiyosiy tarjimashunoslik aspektida tahlil qilishga oid ilmiy-nazariy xulosalardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida Davlat ilmiy-texnika dasturi doirasida 2022–2024-yillarda bajarilgan IL-402104209-raqamli “Axborot-qidiruv tizimlari (Google, Yandex, Google translate) uchun avtomatik ishlov berish vositasi – o‘zbek tilining morfoleksikoni va morfologik analizatori dasturiy vositasini yaratish” mavzusidagi amaliy grant loyihasida foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2025-yil 8-fevraldagi №04/1-496-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘zbek va fransuz tillari o‘rtasidagi tarjima jarayonlarini takomillashtirish, tizimlashtirish, lingvokulturemalarni o‘rganish, madaniy lakunalar va asimmetriya masalalarini qiyosiy tahlil qilishga doir nazariy yondashuvlarning samaradorligiga erishilgan;
tarjimada lingvomadaniy belgilarni saqlash, transformatsiyalash yoki yo‘qotish holatlari, madaniy asimmetriya, lakuna, realiya, milliy kolorit, mental birlik va “madaniy mozaika” tushunchalarining asliyat va tarjima matnlarida qayta voqelanishiga oid ilmiy-amaliy natijalardan Fransiyadagi Fransuz tili xalqaro kengashi (Conseil international de la langue française (CILF)) bilan hamkorlikda o‘zbek va fransuz madaniyatlarini aks ettiruvchi “Nouvelles et légendes ouzbèkes” nomli ikki tilli fransuzcha-o‘zbekcha to‘plamni tayyorlash va nashrga tavsiya etish jarayonida foydalanilgan (Parij shahridagi Fransuz tili xalqaro kengashi (Conseil international de la langue française) prezidenti Yuber Joli tomonidan 2025-yil 27-fevralda berilgan ma’lumotnoma). Natijada o‘zbek xalq maqollari, zamonaviy o‘zbek adabiyoti namunalari, o‘zbek madaniyati va lug‘aviy qatlamiga oid izohlar, frankofon o‘quvchilar uchun pedagogik topshiriqlar hamda madaniyatlararo kommunikatsiyani rivojlantirishga xizmat qiluvchi materiallar asosida o‘zbek madaniyatini fransuzzabon auditoriyaga yetkazish imkoniyati kengaytirilgan;
multimadaniy muhitda fransuzcha-o‘zbekcha va o‘zbekcha-fransuzcha tarjima jarayonining kognitiv, sotsiolingvistik va lingvopragmatik omillari, tarjimonning lingvomadaniy kompetensiyasi hamda multimadaniy mazmunni adekvat ifodalash shartlariga doir ilmiy natijalardan “Sahhof” mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan hamkorlikda fransuz va o‘zbek madaniyatlarini aks ettiruvchi hikoyalar hamda rivoyatlardan iborat “Nouvelles et légendes ouzbèkes – O‘zbek rivoyat va hikoyalari” nomli ikki tilli asarni nashr etishda foydalanilgan (“Sahhof” MChJning 2025-yil 10-fevraldagi №25-05-son ma’lumotnomasi). Natijada 176 sahifadan iborat ushbu nashr orqali o‘zbek va fransuz tillarida madaniy mazmunni qiyosiy yoritish, o‘zbek madaniyati va adabiy an’analarini fransuzzabon kitobxonlarga tanishtirish, tarjimada multimadaniyat hodisasining lisoniy, madaniy va kognitiv omillar integratsiyasi asosida voqelanishini amaliy jihatdan namoyon etish imkoniyati yaratilgan;
fransuz va o‘zbek tillaridagi lingvokulturemalarning semantik, pragmatik, aksiologik va diskursiv xususiyatlari, ularning madaniyatlararo muloqot, madaniy turfa xillik, ko‘pmadaniyatlilik, madaniy to‘qnashuvlar hamda tarjima jarayonidagi bevosita va bilvosita to‘siqlar bilan bog‘liq holda voqelanishiga oid ilmiy xulosa va tavsiyalardan O‘zMTRK “O‘zbekiston tarixi” telekanalida efirga uzatilgan “Chegara bilmas tarix” ko‘rsatuvi ssenariylarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zMTRK “O‘zbekiston teleradiokanali” davlat muassasasining 2024-yil 22-iyuldagi №06-29-870-son ma’lumotnomasi). Natijada ko‘rsatuv ssenariylarida madaniyatlararo aloqadorlik, tarixiy-madaniy tafakkur, tarjimada multimadaniy mazmunni anglash, xorijiy va mahalliy olimlarning ilmiy qarashlarini ommabop tarzda yoritish imkoniyati kengaygan hamda tayyorlangan materiallarning ilmiy-ma’rifiy saviyasi boyitilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish