Mullaxanov Javlon Baxtiyarovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Eshakem bilan xastalangan bemorlarda immun va mikrobiologik holatining klinik-diagnostik ahamiyati va davolash usullarini takomillashtirish», 14.00.11–Dermatologiya va venerologiya (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.2.PhD/Tib479.
Ilmiy rahbar: Mavlyanova Shaxnoza Zakirovna, tibbiyot fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent pediatriya tibbiyot instituti, DSc.27.06.2017.Tib.29.01.
Rasmiy opponentlar: Tashkenbaeva Umida Alisherovna, tibbiyot fanlari doktori; Xaitov Kaxramon Najmitdinovich, tibbiyot fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy va nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: organizmning immunologik, biokimyoviy va mikrobiologik ko‘rsatkichlarini hisobga olgan holda eshakemni tashxislash va davolash usullarini mukammallashtirish.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor eshakemi bilan og‘rigan bemorlarning qon zardobida gamma-globulin miqdorining ko‘payishi sog‘lom odamlarnikiga qaraganda 2,6 barobar yuqori ekanligi aniqlangan;
eshakemining surunkali shaklida allergik reaksiyalarning faollashishi natijasida teri mikrobiotasidagi Staphylococcus spp. mikroorganizmlarining kolonizatsiyalanish darajasini sog‘lom guruhlarga nisbatan oshishi isbotlangan;
sitokin status faollanishi umumiy IgE giperproduksiyasi fonida shartli patogen mikroorganizmlarining patogenli fermentlari ajralishi asosida yallig‘lanish oldi (IL-6) va yallig‘lanishga qarshi (IL-4, IL-10) sitokinlar ishlab chiqishining ortishi isbotlangan;
ilk bor eshakemining og‘ir shaklini davolash natijasida VKLN-terapiyasining yallig‘lanishga qarshi samaradorligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Eshakemning paydo bo‘lishi, kechishi, uni davolash va profilaktikasining klinik-patogenetik xususiyatlari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
«Eshakemini davolashga yangicha yondashuv» nomli uslubiy tavsiyanoma tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2019 yil 11 apreldagi 8n-r/130-son ma’lumotnomasi). Ushbu tavsiyanoma eshakemga chalingan bemorlarda davolash samaradorligini oshirishga imkon yaratagan;
eshakem bilan xastalangan bemorlarda immun va mikrobiologik holatining klinik-diagnostik ahamiyati va davolash usullarini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar sog‘liqni saqlash amaliyotiga, jumladan Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va Toshkent shahar TTKD, Respublika teri-tanosil shifoxonasi, Namangan va Navoiy viloyatlari TTDda amaliyotiga tatbiq etilgan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2019 yil 7 fevraldagi 8n-d/20-son ma’lumotnomasi). Natijada eshakemning klinik shakllarini hisobga olgan holda optimal etiopatogenetik davolash usuli ishlab chiqilgan.