Yuldasheva Nigora Xusnullaevnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Triterpen glikozidlar, flavonoidlar va modifikatsiyalangan ekdisteroidlarning tajribaviy qandli diabetda samaradorlik ta’sirini farmakologik baholash», 14.00.17–Farmakologiya va klinik farmakologiya (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.PhD/Tib433.
Ilmiy rahbar: Sirov Vladimir Nikolaevich, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: akad. S.Yu. Yunusov nomidagi O‘simlik moddalari kimyosi instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent tibbiyot akademiyasi huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.27.06.2017.Tib.30.02 raqamli Ilmiy kengash asosidagi bir martalik ilmiy kengash
Rasmiy opponentlar: Daminova Lola Turg‘unpo‘latovna, tibbiyot fanlari doktori, professor; Najmiddinova Dilorom Qamariddinovna, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent pediatriya tibbiyot instituti
Dissertatsiyaning yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: triterpen glikozidlar, flavonoidlar, modifikatsiyalangan ekdisteroidlarga tegishli bo‘lgan birikmalarning gipoglikemik xususiyatlarini aniqlash va ularni diabetga qarshi foydalanishdagi samaradorligini baholashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Zygophyllum oxianumdan olingan triterpen glikozidlarning jamlanma preparatlari, Thermopsis alterniflora, Pseudosophora alopecuroides, Ammothamnus lehmaniidan olingan tarkibida flavonoidlarni saqlovchi jamlanma preparatlarning sog‘lom hayvonlar va turli giperglikemik holatdagi, shuningdek, alloksan diabeti sharoitidagi hayvonlarda namoyon bo‘luvchi yaqqol gipoglikemik ta’sirga ega ekanligi isbotlangan;
ilk bor ma’lum bir gipoglikemik faollikka ega bo‘lgan ekdisteroid molekulalarining kimyoviy jihatdan o‘zgartirish yoki ularning Helianthus tuberosusdan olingan biologik faol moddalari bilan birlashtirish yo‘li orqali yanada sezilarli gipoglikemik ta’sirga ega bo‘lgan birikmalar va jamlanma preparatlarni qo‘lga kiritish mumkinligi aniqlangan;
tadqiq qilingan vositalar ichida, alloksan diabetida qon tarkibidagi qand miqdorini kamaytirish qobiliyati bo‘yicha eng faollari – ma’lum maninil dori vositasiga nisbatan afzalliklarga ega (ular uzoq muddatli qo‘llashda, shuningdek, yuqori ko‘rsatkichlardagi giperglikemiyada o‘z ta’sirini saqlaydilar), ko‘p hollarda metformindan qolishmaydilar va o‘simlik dori vositalari (jamlanmalari) – arfazetin va glyukeyrga nisbatan ancha ustunlikka ega ekanligi isbotlangan;
triterpen glikozidlar, flavonoidlar va ekdisteroidlarni (ko‘proq darajada) o‘z ichiga olgan fitopreparatlarning gipoglikemik ta’sir mexanizmida alloksanning oshqozon osti bezining morfo-funksional holatiga toksik ta’sirlarining bartaraf etilishi, insulin ta’sirini potensiyalash (kuchaytirish) va to‘qimalar tomonidan glyukoza so‘rilishini ko‘paytirilishi ahamiyatga ega ekanligi aniqlangan;
ilk bor triterpen glikozidlari, flavonoidlar va ekdisteroidlarni o‘z ichiga olgan fitopreparatlar yallig‘lanishga qarshi ta’sirga ega ekanligi aniqlanib (ekdisteroidlar yallig‘lanishning ekssudativ fazasiga to‘sqinlik qiladi), shu bilan birga keyingi ikki guruh gepatoprotektiv ta’sirga ega va yara tuzalishiga bog‘liq patologik jarayonlarning ancha og‘irlashishiga sabab bo‘luvchi alloksanli diabetga chalingan hayvonlarda jarohat tuzalishini stimullashi isbotlangan;
flavonoidlar va ekdisteroidlarni o‘z ichiga olgan ba’zi preparatlarda (ekdisteroidlar yanada yaqqolroq) tetiklashtiruvchi va adaptogen ta’sirlarning mavjudligi aniqlanib, bu diabetni davolashda ulardan uzoq muddatli foydalanishda xavfsiz ekanligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Triterpen glikozidlar, flavonoidlar va modifikatsiyalangan ekdisteroidlarning tajribaviy qandli diabetda samaradorlik ta’sirini farmakologik baholash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
tetiklashtiruvchi, aktoprotektiv va adaptogen ta’sirga ega bo‘lgan dori vositasini ishlab chiqish usuliga Intellektual mulk agentligining patenti (№IAP 05395, 21.04.2017y.) olingan. Natijalar organizmning, shu jumladan, diabetda, moslashuvchanlik salohiyatini oshiruvchi samarali dori vositasini ishlab chiqishga imkon bergan;
Ammothamnus lehmaniining er yuzidagi qismidan gepatoprotektiv vositani olish usuliga Intellektual mulk agentligining patenti (№ IAP 05553, 20.02.2018y.) olingan. Natijalar diabetda, jigarning metabolik-funksional holatini normallashtirish uchun gepatoprotektiv vositani qo‘lga kiritishga imkon bergan;
gipoglikemik ta’sirga ega bo‘lgan 2,3-O-Di-(etilkarbonat)-20,22-O-karbonat-20-gidroksiekdizonning olinish usuliga Intellektual mulk agentligining patenti (№ IAP 20150331, 30.08.2018y.) olingan. Natijalar tabiatda keng tarqalgan fitoekdisteroid–ekdisterondan yarimsintetik yo‘l bilan yuqori samaradorlikka ega bo‘lgan gipoglikemik vosita olish imkonini bergan;
olingan natijalar asosida “Gipoglisan” ozuqaga biologik faol qo‘shimcha (BFQ) yaratish bo‘yicha texnik shartlari (Ts 23325453-002:2015) ishlab chiqilgan va “O‘zstandart” agentligi tomonidan tasliqlangan. Gipoglisan O‘zbekiston Respublikasi ro‘yxatiga kiritilgan (O‘zR SSV saytida ro‘yxatga olingan: www.minzdrav.uz) gipoglikemik biologik faol qo‘shimcha sifatida qo‘llash uchun ruxsat berilgan;
Flateron – gipolipidemik ta’sirga ega bo‘lgan “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” davlat unitar korxonasining ro‘yxatidan o‘tkazilganlik guvohnomasi olingan (№00198/07/15, 17.07.2015y.). Natijada Flateronning diabetda gipoglikemik ta’sir ko‘rsatishi bo‘yicha olingan ma’lumotlarning qo‘llanilishini yanada kengaytirish imkonini bergan.