Asemenova Dilfuza Yakupbaevnaning

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Barg qo‘ng‘izlari (Chrysomelidae) oilasiga qarshi uyg‘unlashtirilgan kurashning bioekologik asoslari”, 03.00.06 - Zoologiya (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.3.PhD/B1551.
Ilmiy rahbar: Juginisov Tangirbergen Isaevich, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qoraqalpoq davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Qoraqalpoq davlat universiteti, PhD.03/2025.27.12.B.04.09.M.
Rasmiy opponentlar: Shakarbaev Ulug‘bek Abdulakimovich biologiya fanlari doktori, katta ilmiy xodim, Zokirov Islomjon Ilxomjonovich, biologiya fanlari doktori, professor
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida tarqalgan barg qo‘ng‘izlari (Chrysomelidae) oilasi vakillarining xilma-xilligi, biologik-ekologik xususiyatlari, populyasiya zichligi va zararkunandalik darajasini aniqlash hamda ularga qarshi uyg‘unlashtirilgan kurashning bioekologik asoslarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Qoraqalpog‘iston Respublikasining tabiiy va antropogen-transformatsiyalangan ekotizimlarida barg qo‘ng‘izlari (Chrysomelidae) oilasi vakillarining taksonomik tarkibi o‘rganilib, 7 ta kenja oila, 20 ta avlodga mansub 39 ta (37 ta tur va 2 ta kenja tur) turi aniqalangan;
ilk bor Qoraqalpog‘iston Respublikasining tabiiy va antropogen-transformatsiyalangan ekotizimlarida Chrysomela populi Linnaeus, 1758, Xanthogaleruca luteola (Müller, 1766), Altica deserticola Weise, 1889, Gonioctena fornicata (Brüggemann, 1873), hamda Oulema melanopus (Linnaeus, 1758), turlari dominant fitofaglar sifatida, Leptinotarsa decemlineata Say, 1824 esa iqtisodiy ahamiyatga ega zararli tur sifatida qayd etilgan;
dominant va iqtisodiy ahamiyatga ega barg qo‘ng‘izlari turlarining trofik bog‘liqligi, tarqalishi hamda bioekologik xususiyatlari ochib berilgan;
dominant barg qo‘ng‘izlari turlariga qarshi kurashda entomopatogen mikroorganizm Beauveria tenella zamburug‘ining VD-85 shtammi asosidagi Biofirin biologik preparati qo‘llanilib, 72,5-80,6 % biologik samaradorlik qayd etilgan;
dominant va iqtisodiy ahamiyatga ega barg qo‘ng‘izlarining lichinkalariga qarshi "Sermit" (10% sus.em.) preparatini qo‘llash orqali 85-94 %, imago bosqichiga qarshi "Fipronil Ekstra" (20%) preparati yordamida esa 78-87 % biologik samaradorlikka erishilgan hamda ularga qarshi uyg‘unlashtirilgan kurashning bioekologik asoslari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida tarqalgan barg qo‘ng‘izlari (Chrysomelidae) oilasi vakillarining bioekologik xususiyatlari va ularga qarshi uyg‘unlashtirilgan kurashning ilmiy asoslari yuzasidan olingan ilmiy natijalar asosida:
Qishloq xo‘jaligi ekinlari va agrofitotsenozlarida uchraydigan Chrysomela populi, Xanthogaleruca luteola, Altica deserticola, Oulema melanopus hamda Gonioctena fornicata dominant turlarining tarqalishi, bioekologiyasi va zararkunandalik faoliyati bo‘yicha natijalar hamda uyg‘unlashtirilgan kurash choralari bo‘yicha ishlab chiqilgan amaliy tavsiyalar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi amaliyotiga joriy qilingan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2025-yil 18-maydagi 02/012-2048-son ma’lumotnomasi). Natijada ekinlarni zararli qo‘ng‘izlardan himoya qilish, fitosanitar monitoringni samarali tashkil etish hamda zararkunandalar populyasiyasini boshqarish imkonini bergan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududidagi o‘rmon va yashil hududlarda uchraydigan Chrysomela populi, Xanthogaleruca luteola, Altica deserticola, Clytra atraphaxidis hamda Gonioctena fornicata dominant barg qo‘ng‘izlari turlarning tarqalishi, trofik aloqalari va bioekologik xususiyatlari to‘g‘risida olingan ilmiy natijalar Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘rmon va yashil hududlarni ko‘paytirish, cho‘llanishga qarshi kurashish agentligi faoliyatiga joriy qilingan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘rmon va yashil hududlarni ko‘paytirish, cho‘llanishga qarshi kurashish agentligining 2026-yil 30-martdagi 1-486-son ma’lumotnomasi). Natijada, o‘rmon daraxtlari va boshqa o‘simliklarini fitofag qo‘ng‘izlar zararidan himoya qilish, ularning yashash tarzi, rivojlanish bosqichlari, ozuqa o‘simliklari va qishlov fazalarini aniqlash, o‘rmon zararkunandalarining ommaviy ko‘payishi hamda tarqalish o‘choqlarining yuzaga kelishi va kengayishining oldini olish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish