Musulmonova Shahlo Nasriddinovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Mintaqada kambag‘allik darajasini kamaytirishning asosiy yo‘nalishlari (Buxoro viloyati misolida)” 08.00.12 - Mintaqaviy iqtisodiyot.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2026.1.PhD/Iqt6604
Ilmiy rahbar: iqtisodiyot fanlari doktori, professor Nizamov Aslitdin Badreddinovich
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat texnika universiteti
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Buxoro davlat texnika universiteti, PhD.03/2025.27.12.I.16.06
Rasmiy opponentlar: iqtisodiyot fanlari doktori, professor Yavmutov Dilshod Shoyimardonqulovich; iqtisod fanlari falsafa doktori (PhD), dotsent Nazarov Nazirjon Narzullaevich.
Yetakchi tashkilot: Nukus davlat texnika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: ilmiy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi mintaqaviy kambag‘allik darajasini kamaytirish bo‘yicha ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
minimal iste’mol xarajatlari (MIX), hududlar nisbiy daromadlari farqlari koeffitsienti (K₁) va Alkire-Foster ko‘p o‘lchovli kambag‘allik indekslariga asoslangan uch komponentli mintaqaviy kambag‘allikni kompleks baholash metodologiyasi – NMPI takomillashtirilgan;
Buxoro viloyati mahallalarida mavjud holatga ko‘ra Kambag‘allikni Qisqartirish Imkoniyatlarining Indeksi (KQII) ishlab chiqilgan va mahallalar ushbu indeks bo‘yicha yuqori (7–10], o‘rta (5–7], past (3–5], juda past (0–3] imkoniyat darajalariga tabaqalashtirilgan;
hududiy kambag‘allikni tizimli qisqartirishda bir-birini kuchaytiruvchi zaiflik koeffitsienti, inson kapitali klasteri, tadbirkorlik ekotizimi, shartli aktiv transferi va smart yordam hamda graduatsiya protokoli va muvofiqlashtiruvchi monitoring kompleks yondashuviga asoslangan besh bo‘g‘inli “Ijtimoiy-iqtisodiy Transformatsiya” (IIT) zanjiri modeli ishlab chiqilgan;
Buxoro viloyati hududlarida kambag‘allik darajasiga ta’sir etuvchi ijtimoiy-iqtisodiy omillar ekonometrik usullar yordamida miqdoriy baholangan va bazaviy, pessimistik hamda optimistik ssenariylarni o‘z ichiga olgan ko‘p variantli prognoz parametrlari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Mintaqada kambag‘allik darajasini kamaytirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
minimal iste’mol xarajatlari, hududlar o‘rtasidagi nisbiy daromadlar tafovutini ifodalovchi hududiy koeffitsient (K₁) hamda Alkire-Foster ko‘p o‘lchovli deprivatsiya mezonlarini yagona baholash tizimiga integratsiyalash asosida mintaqaviy kambag‘allikni kompleks baholashning takomillashtirilgan metodologiyasi bo‘yicha takliflardan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 23-sentabrdagi PF-143-son “Kambag‘allikni qisqartirish va aholi turmush farovonligini oshirish borasidagi chora-tadbirlarni yangi bosqichga olib chiqish to‘g‘risida”gi Farmonida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash doirasida Buxoro viloyati kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi hamda O‘zbekiston mahallalari uyushmasi Buxoro viloyati boshqarmasi faoliyatida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining 2026-yil 3-iyuldagi 01/00-03/7114-sonli ma’lumotnomasi). Mazkur metodologiyaning tanlov asosidagi mahallalarda qo‘llanilishi kambag‘al aholini manzilli aniqlash samaradorligini 15 foizga oshirishga xizmat qilgan;
mahallalarning kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha mavjud imkoniyatlarini ehtiyoj, iqtisodiy salohiyat va ijtimoiy infratuzilma komponentlari asosida integral baholovchi 0-10 ballik shkalasi asosida mahallalarni yuqori, o‘rta, past va juda past imkoniyat darajalariga tabaqalashtirish mezonlariga asoslangan kambag‘allikni qisqartirish imkoniyatlari indeksi (KQII) bo‘yicha takliflardan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 3-dekabrdagi PF-29-son Farmonida belgilangan mahallalarda bandlikni ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish vazifalarini amalga oshirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining 2026-yil 3-iyuldagi 01/00-03/7114-sonli ma’lumotnomasi). KQII metodikasi asosida Buxoro viloyatidagi 516 ta mahalla 4 guruhga, jumladan, 5 ta yuqori, 27 ta o‘rta, 237 ta past va 247 ta juda past imkoniyatli mahallaga ajratilgan. KQII asosida ishlab chiqilgan qisqa, o‘rta va uzoq muddatli chora-tadbirlar tizimi O‘zbekiston mahallalari uyushmasi Buxoro viloyati boshqarmasi ish rejalariga kiritilgan. Natijada 247 ta mahallada “oila pasporti” tizimi asosida manzilli ishlash yo‘lga qo‘yilib, juda past imkoniyatli 24 ta mahalla keyingi - past imkoniyatli guruhga o‘tgan;
kambag‘al oilalarni bir martalik ijtimoiy yordamga qaramlikdan barqaror iqtisodiy faollikka olib chiqishga yo‘naltirilgan zaiflikni baholash - inson kapitalini klasterlash - mahalliy mikrokorxona ekotizimini shakllantirish - shartli aktiv transferi - graduatsiya protokoli ketma-ketligiga asoslangan besh bo‘g‘inli “Ijtimoiy-iqtisodiy transformatsiya” (IIT) zanjiri modeli ishlab chiqilib, pirovardida ijtimoiy himoya, bandlik, tadbirkorlik va inson kapitalini rivojlantirish choralarini o‘zaro muvofiqlashtirish mexanizmi bo‘yicha taklif va tavsiyalardan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi PF-60-son “2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmonida belgilangan aholi bandligi va farovonligini oshirish vazifalarini hududiy darajada amalga oshirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining 2026-yil 3-iyuldagi 01/00-03/7114-sonli ma’lumotnomasi). Mazkur modelning alohida elementlari Buxoro viloyati kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasining dasturlarini shakllantirishda, shuningdek, Jondor va Olot tumanlarida kambag‘al oilalar bilan ishlash mexanizmlarini takomillashtirishda qo‘llanilgan;
Buxoro viloyatining hududlari bo‘yicha kambag‘allik darajasiga o‘rtacha ish haqi, aholi jon boshiga investisiyalar va ishsizlik darajasining statistik ahamiyatli ta’siri miqdoriy baholangan hamda aniqlangan bog‘liqliklar asosida 2026-2030-yillarga bazaviy, pessimistik va optimistik ssenariylar bo‘yicha ishlab chiqilgan ko‘p variantli prognoz parametrlaridan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-sentabrdagi PF-158-son “O‘zbekiston - 2030” strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmonida belgilangan maqsadlarni hududiy darajada amalga oshirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining 2026-yil 3-iyuldagi 01/00-03/7114-sonli ma’lumotnomasi). Prognoz natijalari Buxoro viloyati kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasining 2026-2030-yillarga mo‘ljallangan ish rejalari va hududiy dasturlarini shakllantirishda, shuningdek, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi Buxoro viloyati boshqarmasining o‘rta muddatli ish rejalarida hududlar bo‘yicha maqsadli yordam choralarini belgilashda qo‘llanilgan.