Sindorov Abdumo‘min O‘rolbek o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Nurota fitogeografik okrugida Asteraceae oilasi turlarining sistematikasi va molekulyar-genetik tahlili”, 03.00.05 – Botanika (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2026.1.PhD/B1694.
Ilmiy rahbar: Dehqonov Davron Burxonovich, biologiya fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Namangan davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Namangan davlat universiteti, PhD03/2025.27.12.B.22.05.
Rasmiy opponentlar: Esanov Husniddin Qurbonovich, biologiya fanlari doktori, professor; Turginov Orzimat Turdimatovich, biologiya fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Qarshi davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekistonning Nurota fitogeografik okrugida Asteraceae oilasi turlarining xilma-xilligini, ularning hayotiy shakllari, tarqalishi, xo‘jalik ahamiyati hamda molekulyar-genetik xususiyatlarini kompleks o‘rganish va ilmiy jihatdan asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
Nurota fitogeografik okrugida Asteraceae oilasining zamonaviy taksonomik tarkibi aniqlanib, 59 turkumga mansub 184 tur qayd etilgan hamda ITS markerlari asosida 45 turkumga mansub 85 turning Asteroideae, Carduoideae va Cichorioideae oilachalari doirasidagi filogenetik munosabatlari aniqlashtirilgan;
Nurota fitogeografik okrugi endem turi Cousinia botschantzevii ning to‘liq xloroplast genomi ilk bor sekvensiyalanib, uning 152 681 juft nukleotiddan iborat tuzilishi, 131 ta gen tarkibi va LSC mintaqasidagi inversiya xususiyati tavsiflangan hamda ycf1, trnE-UUC–rpoB va trnL-UAA–trnF-GAA hududlari istiqbolli molekulyar markerlar sifatida ajratilgan;
Scorzonera gageoides va Gelasia circumflexa turlarining to‘liq xloroplast genomlari O‘zbekistondan olingan namunalar asosida sekvensiyalanib, ularning yuqori filogenetik yaqinligi (bootstrap — 100%, genetik masofa — 0,001) aniqlangan hamda Scorzonera gageoides turining Gelasia turkumiga mansubligini qo‘llab-quvvatlovchi molekulyar-filogenetik dalillar olingan;
Cousinia pseudolanata, C. lanata, Achillea arabica va Artemisia diffusa turlarida abiotik stresslarga javob bilan bog‘liq CAT, GR, NCED1, NCED2, CSP3, POD va RBOH genlariga xos molekulyar markerlar PCR usulida tahlil qilinib, ularning ayrim turlarda amplifikatsiya qilinishi bo‘yicha farqlanishlar aniqlangan hamda stressga moslashuvning genetik asoslarini keyingi tadqiqotlarda baholash uchun molekulyar ma’lumotlar olingan;
Nurota fitogeografik okrugida Asteraceae oilasining tur (SR), turkum (GR) va filogenetik xilma-xilligi (PD) fazoviy jihatdan notekis taqsimlanganligi aniqlanib, BU189 katagida 44 tur va PD = 7,07 ko‘rsatkichi qayd etilgan. Standartlashtirilgan filogenetik xilma-xillik (SES.PD) tahlili asosida ayrim hududlarda filogenetik klasterlashuv, boshqalarida esa filogenetik tarqoqlik kuzatilishi, shuningdek, SR, GR va PD ko‘rsatkichlarining balandlik hamda yillik yog‘in miqdori bilan musbat, yillik harorat bilan manfiy bog‘liqligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Nurota fitogeografik okrugida Asteraceae oilasi turlarining sistematikasi, molekulyar-genetik xususiyatlari va geografik tarqalishini o‘rganish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Nurota fitogeografik okrugida Asteraceae oilasiga mansub 59 turkum va 184 turning taksonomik tarkibi, geografik tarqalishi, ekologik xususiyatlari hamda kamyob turlarni muhofaza qilishga oid ilmiy natijalardan O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobining navbatdagi nashrini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2026-yil 13-yanvardagi 4/1255-76-sonli ma’lumotnomasi). Natijada Nurota fitogeografik okrugidagi kamyob va endem o‘simliklarning tarqalishi hamda muhofaza holatiga oid ilmiy ma’lumotlarni to‘ldirish imkoniyati yaratilgan;
Scorzonera gageoides turining to‘liq xloroplast genomi bo‘yicha olingan molekulyar-genetik ma’lumotlar AQSh Milliy biotexnologiya axborot markazining (NCBI) GenBank xalqaro ma’lumotlar bazasiga PX370050 raqami bilan kiritilgan (2025-yil 10-sentabr). Natijada mazkur turning xloroplast genomiga oid ma’lumotlardan xalqaro molekulyar-sistematik va filogenetik tadqiqotlarda foydalanish imkoniyati yaratilgan.