Allakuliev Akmal Baltaevichning

fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Natijaga asoslangan o‘rta muddatli byudjetlashtirish jarayonlari va metodologiyasini takomillashtirish”, 08.00.07 – “Moliya, pul muomalasi va kredit”.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.4.DSc/Iqt576.
Ilmiy maslahatchi: Xaydarov Nizomiddin Xamraevich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent Kimyo xalqaro universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi qoshidagi ilmiy darajalarni beruvchi DSc.04/2025.27.12.I.01.03
Rasmiy opponentlar: Ergashev Erkin Iroqovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor, Olimjonov Odil Olimovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor, Toshqulov Abduqodir Xamidovichlar, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi natijaga asoslangan o‘rta muddatli byudjetlashtirish jarayonlari va metodologiyasini takomillashtirishga qaratilgan ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
davlat byudjeti xarajatlari iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantiruvchi darajaga yaqinlashgan sharoitda byudjet siyosatining ustuvor yo‘nalishlari, xarajatlar hajmini oshirishdan ularning samaradorligini oshirishga yo‘naltirish taklifi ilmiy jihatdan asoslangan;
davlat byudjeti daromadlarini prognozlashtirishning ilmiy-uslubiy asoslarini takomillashtirish maqsadida soliq tushumlarining uzoq va qisqa muddatli elastiklik koeffisientlari hamda byudjet balansining iqtisodiy o‘sishga ta’sirchanligini prognoz modellariga integratsiyalash bo‘yicha taklif ilmiy jihatdan asoslangan;
soliq siyosatining ustuvor vazifasi sanalgan soliq yukini pasaytirishdan soliq tizimining moslashuvchanligini oshirish hisobiga iqtisodiy o‘sishni maksimallashtiruvchi intervalga bosqichma-bosqich yaqinlashtirish taklifi ilmiy jihatdan asoslangan;
natijaga asoslangan o‘rta muddatli byudjetlashtirishni 2026-2030 va 2031-2035 yillarda bosqichma-bosqich rivojlantirishning «ikki avlodli yo‘l xaritasi» hamda uning konsolidatsiyalashgan byudjet parametrlariga ta’sirini inersion va natijaviylikka asoslangan ssenariylar bo‘yicha baholash taklifi ilmiy jihatdan asoslangan;
natijaga asoslangan byudjetlashtirishni joriy etishning institutsional izchillik va uzluksizlikka tayangan olti bosqichli modeli, islohotlarning barqarorligini ta’minlovchi o‘nta tamoyil hamda institutsional tayyorgarlik darajasini miqdoriy baholashga xizmat qiluvchi integral etuklik indeksi ishlab chiqilib, ilmiy-uslubiy jihatdan asoslangan;
natijaga asoslangan o‘rta muddatli byudjetlashtirishda resurs bazasini uch omilli model` asosida prognozlash, xarajatlar chegaralari va fiskal makonni aniqlash hamda byudjet mablag‘larini to‘rtta mezon bo‘yicha taqsimlashni nazarda tutuvchi olti bosqichli metodologiya ishlab chiqilib, ilmiy jihatdan asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Natijaga asoslangan o‘rta muddatli byudjetlashtirish jarayonlari va metodologiyasini takomillashtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan ilmiy takliflar asosida:
davlat byudjeti xarajatlari iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantiruvchi darajaga (YaIMning 22,2 foizi) yaqinlashgan sharoitda byudjet siyosatining ustuvor vazifasini xarajatlar hajmini oshirishdan ularning samaradorligini oshirishga yo‘naltirish taklifi O‘zbekiston Respublikasining 2025 yil 25 dekabrdagi O‘RQ-1105-son «2026 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida»gi Qonunidagi konsolidatsiyalashgan byudjet parametrlari va taqchillikning YaIMga nisbatan 3 foizlik cheklangan miqdorini asoslashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasining 2026 yil 14 oktyabrdagi 04/2-11-33-sonli ma’lumotnomasi). Natijada davlat byudjeti xarajatlarining YaIMga nisbatan 21-22 foiz atrofidagi iqtisodiy jihatdan maqbul darajasini saqlash, fiskal barqarorlikni ta’minlash hamda qo‘shimcha byudjet resurslarini xarajatlarning miqdoriy kengayishiga emas, balki ularning ijtimoiy-iqtisodiy qaytimini va natijadorligini oshirishga yo‘naltirishning ilmiy-uslubiy asoslari takomillashtirilgan;
davlat byudjeti daromadlarini prognozlashtirishning ilmiy-uslubiy asoslarini takomillashtirish maqsadida soliq tushumlarining uzoq (0,93) va qisqa muddatli (0,82) elastiklik koeffisientlari hamda byudjet balansining iqtisodiy o‘sishga ta’sirchanligini (0,47 foiz) prognoz modellariga integratsiyalash bo‘yicha ishlab chiqilgan ilmiy taklifdan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 30 dekabrdagi PQ-397-son qarorida byudjet daromadlarini manbalar kesimida prognozlashtirish uslubiyotini takomillashtirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasining 2026 yil 20 oktyabrdagi 20-134338-sonli ma’lumotnomasi). Natijada 2021-2025 yillarda byudjet daromadlari ijrosining tasdiqlangan parametrlardan o‘rtacha 10,5 foizga chetlanishi sharoitida retrospektiv baholashda o‘rtacha mutlaq prognoz xatoligi 3,2 foizni tashkil etgan yondashuv ilmiy asoslanib, o‘rta muddatli byudjet prognozlarining aniqligi va ishonchliligini oshirish imkoniyati yaratilgan;
soliq siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida soliq tizimining moslashuvchanligini oshirish va soliq salohiyatidan samarali foydalanish orqali soliq yukini iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantiruvchi optimal intervalga (YaIMning 19,1-19,5 foizi) bosqichma-bosqich yaqinlashtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan taklifdan soliq va byudjet siyosatining 2026 yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlarini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasining 2026 yil 20 oktyabrdagi 20-134338-sonli ma’lumotnomasi). Mazkur taklif O‘zbekiston Respublikasining 2025 yil 25 dekabrdagi O‘RQ-1108-son Qonuni bilan Soliq kodeksiga kiritilgan soliq imtiyozlarini cheklash hamda soliq bazasini kengaytirishga qaratilgan o‘zgartirishlarda o‘z aksini topgan. Natijada haqiqiy soliq yuki bilan uning iqtisodiy jihatdan optimal darajasi o‘rtasidagi tafovutni kamaytirish, shuningdek, soliq salohiyatidan to‘liq foydalanilmaslik darajasini (2025 yilda 0,34 foiz) bosqichma-bosqich qisqartirishning institutsional va iqtisodiy asoslarini mustahkamlash imkoniyati yaratilgan;
natijaga asoslangan o‘rta muddatli byudjetlashtirishni 2026-2030 va 2031-2035 yillarda bosqichma-bosqich rivojlantirishning «ikki avlodli yo‘l xaritasi» hamda uning konsolidatsiyalashgan byudjet parametrlariga ta’sirini inersion va natijaviylikka asoslangan ssenariylar bo‘yicha baholash taklifidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 8 apreldagi 210-son qarori bilan tasdiqlangan 2025-2030 yillarda davlat moliyasini boshqarish tizimini takomillashtirish strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni ishlab chiqish jarayonlarida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasining 2026 yil 14 oktyabrdagi 04/2-11-33-sonli ma’lumotnomasi). Natijada soliq tizimining moslashuvchanligini 0,93 dan 1,05 gacha oshirish hisobiga 2030 yilda konsolidatsiyalashgan byudjet daromadlarini inersion ssenariyga nisbatan 46,5 trln so‘mga (YaIMning 1,3 foiziga) ko‘paytirish hamda byudjet taqchilligini YaIMning 2,0 foizigacha pasaytirish imkoniyati ilmiy jihatdan asoslangan;
natijaga asoslangan byudjetlashtirishni joriy etishning olti bosqichli modeli, uning uzluksizligini ta’minlovchi o‘nta tamoyil hamda institutsional tayyorgarlik darajasini baholashga mo‘ljallangan integral etuklik indeksini ishlab chiqish bo‘yicha ilmiy-nazariy va uslubiy takliflardan 60410500 - «Moliya va moliyaviy texnologiyalar» bakalavr ta’lim yo‘nalishi hamda 70410512 - «Davlat moliyasini boshqarish» magistratura ta’lim yo‘nalishi talabalari uchun mo‘ljallangan darsliklarni tayyorlashda foydalanilgan (Ta’lim va ilm-fan vazirligining 2026 yil 13 oktyabrdagi 02/17-8987-sonli ma’lumotnomasi). Mazkur ilmiy natijalarning o‘quv jarayoniga tatbiq etilishi mutaxassislik doirasidagi talabalarda natijaga asoslangan byudjetlashtirishga o‘tishning institutsional bosqichlari, ularning o‘zaro uzviy bog‘liqligi hamda davlat moliyasini boshqarish tizimining institutsional etukligini miqdoriy baholash mexanizmlari yuzasidan tizimli bilim va ilmiy-tahliliy ko‘nikmalarni shakllantirishga xizmat qilgan;
natijaga asoslangan o‘rta muddatli byudjetlashtirish doirasida resurs bazasini uch omilli model asosida prognozlashtirish, xarajatlar chegaralarini belgilash, bazaviy xarajatlar va fiskal makonni aniqlash hamda byudjet resurslarini to‘rtta mezon asosida taqsimlashni nazarda tutuvchi olti bosqichli metodologiyani takomillashtirishga oid ilmiy-nazariy va uslubiy takliflardan 60410500 - «Moliya va moliyaviy texnologiyalar» bakalavr ta’lim yo‘nalishi hamda 70410512 - «Davlat moliyasini boshqarish» magistratura mutaxassisliklari uchun mo‘ljallangan darsliklarni tayyorlashda foydalanilgan (Ta’lim va ilm-fan vazirligining 2026 yil 13 oktyabrdagi 02/17-8987-sonli ma’lumotnomasi). Mazkur ilmiy natijalarning o‘quv jarayoniga joriy etilishi talabalarda o‘rta muddatli byudjet parametrlarini prognozlashtirish, fiskal makonni baholash va byudjet resurslarini natijadorlik mezonlari asosida taqsimlash bo‘yicha nazariy bilimlar hamda amaliy-tahliliy ko‘nikmalarni shakllantirishga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish