Norov Abduraxmon Ubaydulloevichning
fan doktori (DSs) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Umurtqa pog‘onasi kanali degenerativ stenozining klinikasi, diagnostikasi va jarrohlik davolash», 14.00.28–Neyroxirurgiya (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.3.DSc/Tib246.
Ilmiy maslahatchi: Kariev Shuxrat Maratovich, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Respublika ixtisoslashtirilgan neyroxirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, DSc.28.02.2018.Tib.62.01.
Rasmiy opponentlar: Chmutin Gennadiy Egorovich, tibbiyot fanlari doktori (Rossiya Federatsiyasi); Xudoyberdiev Qobil Tursunovich, tibbiyot fanlari doktori, professor; Agzamov Mansur Kamolovich, tibbiyot fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Toshkent tibbiyot akademiyasi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maksadi: umurtqa pog‘onasi kanali degenerativ stenozi bilan kasallangan bemorlarning klinik va instrumental diagnostikasi hamda differensial jarrohlik davolash taktikasini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor umurtqa pog‘onasining barcha qismida degenerativ stenozning nisbiy hajmi aniqlangan;
kasallikning erta bosqichlarida tashxislash imkonini beruvchi umurtqa kanali degenerativ stenozining joylashuvi va tarqalishiga ko‘ra klinik kechishining o‘ziga xos spinal, radikulyar, radikulomedullyar va ishemik variantlari aniqlangan;
umurtqa kanali yuzasini o‘lchash uchun takomillashtirilgan diagnostika tartibini qo‘llash degenerativ stenozni ishonchli ravishda aniqlash va jarrohlik amaliyoti taktikasini tanlash imkoniyatini oshirishi isbotlangan;
umurtqa kanali degenerativ stenozining klinik kechishi o‘xshash bo‘lgan kasalliklardan farqlash hamda jarrohlik usulida davolashga aniq ko‘rsatma va qarshi ko‘rsatmalarni belgilash uchun differensial tashxislash mezonlari tavsiya etilgan;
davolash natijalarining erta, oraliq va uzoq muddatlarda keskin yaxshilanishiga olib keluvchi hamda umurtqa kanali degenerativ stenozining joylashishi, tarqalishi, kompressiya yo‘nalishi va umurtqa pog‘onasi harakat segmentining turg‘unligini inobatga oluvchi differensial jarrohlik davolash taktikasi taklif etilgan;
umurtqa pog‘onasi kanali degenerativ stenozini xirurgik davolashda ishlab chiqilgan yara kengaytirgich va implantlarning qo‘llanilishi yumshoq to‘qimalar travmatizatsiyasi, qon ketish miqdori va operatsiya vaqtini keskin kamayishi hamda umurtqa pog‘onasining mustahkam turg‘unligini ta’minlab berishi isbotlangan;
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Umurtqa kanali degenerativ stenozi diagnostikasi va jarrohlik usulida davolash bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqot natijalari asosida:
«Spondilolistezni davolashda dekompressiv-stabillovchi jarrohlik amaliyotlari» nomli uslubiy tavsiyanoma tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2019 yil 12 apreldagi 8n-z/46-son ma’lumotnomasi). Unda tashxislash algoritmi asosida degenerativ stenozni jarrohlik usuli bilan davolashga differensial yondashuv ko‘rsatmalari belgilab berilgan;
«Umurtqa kanali bel qismi degenerativ stenozini differensial jarrohlik usuli bilan davolash» nomli uslubiy tavsiyanoma tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2019 yil 12 apreldagi 8n-z/46-son ma’lumotnomasi). Uslubiy tavsiyalar stenoz jarayonining tarqalishi va joylashishiga ko‘ra umurtqa kanali bel qismi degenerativ stenozini tashxislash tartibi va differensial jarrohlik taktikasini belgilab bergan;
«Umurtqa kanali bo‘yin qismi degenerativ stenozini jarrohlik usulida davolash» nomli uslubiy tavsiyanoma tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2019 yil 12 apreldagi 8n-z/46-son ma’lumotnomasi). Uslubiy tavsiyalar stenoz jarayonining tarqalishi va joylashishiga ko‘ra umurtqa kanali bo‘yin qismi degenerativ stenozini tashxislash algoritmi va differensial jarrohlik usulini belgilab bergan;
umurtqa kanali degenerativ stenozini tashxislash va jarroxlik usulida davolashni o‘rganish jarayonida olingan ilmiy natijalar sog‘liqni saqlash tizimiga, jumladan Buxoro va Navoiy viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlari hamda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Buxoro filiali amaliyotiga joriy etilgan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2019 yil 12 apreldagi 8n-z/46-son ma’lumotnomasi). O‘tkazilgan ilmiy tadqiqot natijalari davolashning jarrohlik usulini tanlashni mukammallashtirish, tashxislash va davolash natijalarining yaxshilanishiga olib kelgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish