Musashayxov Karimjon Xusanxanovich

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: “Professional sportdagi korrupsiyaviy omillarni aniqlash va ularni bartaraf etishning tashkiliy-huquqiy masalalari”, “12.00.12 – Korrupsiya muammolari (yuridik fanlar)”.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.4.PhD/Yu1690
Ilmiy rahbar: Safarov Temur Uktamovich, yuridik fanlari bo‘yicha falsafa doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, DSc.24/2026.31.01Yu.01.02
Rasmiy opponentlar: yuridik fanlar doktori, yu.f.d. (DSc), dotsent Fazilov Farxod Maratovich, yuridik fanlari bo‘yicha falsafa doktori Rasulova Gulbahor Abidjanovna.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
Tadqiqot maqsadi O‘zbekiston Respublikasida professional sportdagi korrupsiyaviy omillarni aniqlash va ularni bartaraf etishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarining ilmiy-nazariy asoslarini yaratish hamda unga doir huquqiy asoslarini takomillashtirish.
Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
sport musobaqalari natijalarini yoki ularning borishini qasddan o‘zgartirish maqsadida, sport musobaqalari ishtirokchilari va tashkilotchilarini pora evaziga og‘dirib olganlik uchun jinoiy javobgarlikni belgilash asoslab berilgan;
professional sportda iqtidorli yosh sportchilarni aniqlash, tanlash va saralab olish (seleksiya)ning shaffof tizimini joriy etish orqali inson omilini qisqartirish hamda sun’iy intellekt texnologiyalardan foydalanish imkoniyatlari asoslantirilgan;
jismoniy tarbiya-sport tashkilotlarining trener-o‘qituvchilari
va yo‘riqchi-uslubchilari hamda sport hakamlariga malaka toifalarini berish orqali sport tashkilotlarida ishga qabul qilish yo‘nalishidagi korrupsiyaviy omillarni bartaraf qilish bo‘yicha takliflar asoslab berilgan;
professional sportda nufuzli musobaqalar g‘oliblariga imtiyozlarni adolatli qo‘llash va korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish maqsadida milliy terma jamoalar, musobaqalar, trenerlar va hakamlar haqidagi ma’lumotlarni sport federatsiyalari faoliyati ochiqligini ta’minlash huquqiy mexanizmlari asoslab berilgan;
ilk bor sport sohasida “sport musobaqalari natijalariga qonunga xilof ravishda ta’sir ko‘rsatish” tushunchasini milliy qonunchilikka kiritish orqali korrupsiya holatlarining oldini olishga qaratilgan kompleks preventiv mexanizmlarni shakllantirish bo‘yicha huquqiy asoslari isbotlab berilgan.
Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
sport musobaqalari natijalarini yoki ularning borishini qasddan o‘zgartirish maqsadida, sport musobaqalari ishtirokchilari va tashkilotchilarini pora evaziga og‘dirib olganlik uchun jinoiy javobgarlikni belgilash haqidagi taklifidan O‘zbekiston Respublikasining “Sport sohasida korrupsiyaning oldini olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonuni (04.11.2024 yil, O‘RQ-988-son) bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksida 2141 va 2142-moddalarini shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari institutining 2024 yil 28 noyabrdagi №3/08-238-son dalolatnomasi). Yuqoridagi tushunchalarning huquqiy jihatdan mustahkamlanishi natijasida jinoyat qonunchiligida yangi turdagi qonunga xilof xatti-harakatlar tarkibi va jinoyatning maxsus sub’ekti ishlab chiqildi;
professional sportda iqtidorli yosh sportchilarni aniqlash, tanlash va saralab olish (seleksiya)ning shaffof tizimini joriy etish bo‘yicha taklifi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jamoaviy sport turlarini rivojlantirish va iqtidorli yoshlarni saralab olish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2024 yil 4 dekabrdagi PQ-421-sonli qarorida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligining 2025 yil 15 sentyabrdagi 02-16/9838-son dalolatnomasi). Ushbu tizimning 2025-2027 yillarda joriy qilinishi natijasida mazkur yo‘nalishda inson omili qisqarib, tegishli ma’lumotlar “ERP-sport” yagona elektron boshqaruv tizimi orqali amalga oshirilishi hamda sun’iy intellekt texnologiyalardan foydalangan holda to‘plangan ma’lumotlarni tahlil qilish imkoniyati yaratiladi;
jismoniy tarbiya-sport tashkilotlarining trener-o‘qituvchilari va yo‘riqchi-uslubchilari hamda sport hakamlariga malaka toifalarini berish jarayonlarini raqamlashtirish taklifi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Jismoniy tarbiya-sport tashkilotlarining trener-o‘qituvchilari va yo‘riqchi-uslubchilari hamda sport hakamlariga malaka toifalarini berish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2025 yil 7 avgustdagi 500-son qarorida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri kotibiyati rahbari o‘rinbosarining 2025 yil 17 oktyabrdagi 09-09-37-sonli dalolatnomasi). Natijada jismoniy tarbiya va sport tashkilotlarining trener-o‘qituvchilari, yo‘riqchi-uslubchilari hamda sport hakamlariga malaka toifalarini berish bo‘yicha davlat xizmatlari “ERP Sport” yagona elektron boshqaruv tizimi orqali proaktiv tarzda ko‘rsatila boshlandi. Shuningdek, barcha jismoniy tarbiya va sport tashkilotlari tomonidan trener-o‘qituvchilar, yo‘riqchi-uslubchilar va sport hakamlari haqidagi ma’lumotlarni “ERP Sport” tizimiga kiritib borish amaliyoti joriy etildi;
professional sportda nufuzli musobaqalar g‘oliblariga beriladigan imtiyozlarni qo‘llash jarayonida korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish maqsadida milliy terma jamoalar a’zolari, nufuzli musobaqalar, trenerlar va hakamlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni sport federatsiyalarining rasmiy veb-saytlarida joylashtirishni ta’minlash taklifi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Kurash milliy sport turini rivojlantirish va ommalashtirishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2024 yil 20 dekabrdagi PQ-450-son qarorida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligining 2025 yil 17 sentyabrdagi 02-16/9953-son dalolatnomasi). Natijada mazkur ma’lumotlarning ochiq e’lon qilinishi ularga nisbatan qonunchilikda belgilangan imtiyozlar va rag‘batlantirish choralarini adolatli qo‘llashni ta’minlab, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olishga xizmat qildi;
ilk bor sport sohasida “sport musobaqalari natijalariga qonunga xilof ravishda ta’sir ko‘rsatish” tushunchasini milliy qonunchilikka kiritish orqali korrupsiya holatlarining oldini olishga qaratilgan kompleks preventiv mexanizmlarni shakllantirish bo‘yicha huquqiy asoslari O‘zbekiston Respublikasining 24.03.2026 yildagi “Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida”gi O‘RQ-1123-son Qonunini ishlab chiqishda inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi qo‘mitasining 2026 yil 7 apreldagi 04/9-08/4-sonli dalolatnomasi). Natijada sport musobaqalari natijalariga qonunga xilof ravishda ta’sir ko‘rsatishning oldini olishga oid preventiv choralarni amalga oshirish yo‘lga qo‘yildi.

Yangiliklarga obuna bo‘lish