Abdirazakov Faxriddin Bekpulatovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Sun’iy nutqni aniqlashning intellektual algoritmlari va dasturiy majmuasini ishlab chiqish”, 05.01.04 – “Hisoblash mashinalari, majmualari va kompyuter tarmoqlarining matematik va dasturiy ta’minoti”.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.3.PhD/T5878
Ilmiy rahbar: Raxmatov Furqat Abdirazzoqovich, texnika fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasalar nomi: Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, DSc.09/2025.27.12.T.01.01.M.
Rasmiy opponentlar: Xamdamov Utkir Rahmatillaevich texnika fanlari doktori, professor; Muxamedieva Dilnoz Tulkunovna, texnika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Farg‘ona davlat texnika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Nutq signallarining akustik parametrlari asosida sun’iy nutqni aniqlash imkonini beruvchi intellektual algoritmlar va dasturiy majmuani ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
nutq signallarini qayta ishlashda shovqin ta’sirini kamaytirishning adaptiv filtrlashga asoslangan takomillashtirilgan Kalman filtri hamda muhim parametrlarni shakllantirish algoritmlari ishlab chiqilgan;
ierarxik tasniflash yondashuvi asosida sun’iy nutqni tabiiy va emotsional nutqdan ajratishga yo‘naltirilgan PER (Person–Emotion–Robot) modeli ishlab chiqilgan;
ajratilgan parametrlar majmuasi asosida sun’iy nutqni aniqlashning intellektual algoritmi ishlab chiqilgan;
taklif etilgan model va algoritmlar asosida sun’iy nutqni aniqlash jarayonini amalga oshirishga mo‘ljallangan dasturiy majmuaning funksional tuzilmasi va muloqot interfeysi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Nutq signallariga raqamli ishlov berish va nutq signalida sun’iy nutqni tanib olishni mavjud hamda taklif etilgan model va algoritmlari asosida yaratilgan dasturiy majmua asosida:
Dissertatsiya natijalarini amaliyotga joriy etish bo‘yicha o‘tkazilgan tajribalar asosida ishlab chiqilgan “Per-detect” dasturiy majmuasi “Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasi, “O‘zsanoatqurilishbank” ATB Sergeli Bank Xizmatlari Markazi hamda “Robotics lab future technology company” MChJ faoliyatiga joriy etilgan (tegishli tashkilotlarning 2026-yildagi dalolatnomalari va Raqamli texnologiyalar vazirligining 2026-yil 6-apreldagi
33-8/3026-son ma’lumotnomasi). Tajriba natijalari dasturiy majmua inson va robot ovozlarini 93 foiz aniqlikda farqlash, ovozli servislar xavfsizligini oshirish hamda sun’iy ovozlar orqali amalga oshiriladigan soxta urinishlarni aniqlash imkonini berishini tasdiqlagan. Shuningdek, bankning call-markazi va masofaviy xizmatlarida mijozlarni ovoz orqali identifikatsiya qilish jarayonini avtomatlashtirish hisobiga operatorlarning vaqt sarfi 10-15 foizga qisqargan.