Norbekova Gulrux Xusan qizining

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Ingliz tilida afsun semantik maydonini tashkil etuvchi leksik birliklarning lisoniy tadqiqi”, 10.00.04- Evropa, Amerika va Avstraliya xalqlari tili va adabiyoti (filologiya).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.1.PhD/Fil4371.
Ilmiy rahbar: Mirsanov Gaybullo Kulmuradovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Jizzax davlat pedagogika universiteti .
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Namangan davlat universiteti, PhD.03/2025.27.12.Fil.22.04.
Rasmiy opponentlar: Ibragimova Gulchehra Madaminjanovna, filologiya fanlari doktori (DSc), professor; Tursunov Akmal Xamidjonovich, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), professor.
Yetakchi tashkilot: Guliston davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga ega.
II. Tadqiqotning maqsadi J. K. Roulingning “Harry Potter” turkumidagi afsun semantik maydonini tashkil etuvchi leksik birliklarning konseptual-kognitiv tuzilishi, morfologik-strukturaviy qolipi, lingvomadaniy konnotatsiyalari hamda pragmatik-funksional imkoniyatlarini yaxlit tizimda aniqlash va shu asosda fentezi diskursidagi maxsus leksikani tavsiflashning lingvokognitiv modelini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
ingliz tilidagi afsun semantik maydoni ilk bor yaxlit tizim sifatida modellashtirilib, uning yadrosini “spell”, “charm”, “curse”, “incantation” giperonimlari, periferiyasini esa okkazional afsun nominatsiyalari tashkil etishi, maydon ichida transformatsiya, himoya, elementar, hexes, qarg‘ish (curses), shifo, jinxes va chaqirish mikromaydonlari ierarxik tarzda joylashishi, miqdoriy yadroni transformativ va himoya birliklari (46,3 %) tashkil etishi hamda salbiy pragmatik yo‘naltirilgan birliklar miqdoran kamchilikni (25,6 %) tashkil etgan holda eng yuqori illokutiv kuch ko‘rsatkichiga ega alohida qatlam sifatida namoyon bo‘lishi aniqlangan;
afsun birliklarining morfologik qolipi ular ifodalaydigan konseptual mazmun bilan qonuniy bog‘liq ekanligi harakat va buyruq semantikasining buyruq maylidagi fe’l shakliga (52,4%), sehrli predmet va hodisa nominatsiyasining “-us”, “-um”, “-en” affiksli otlarga (31,7%), baholovchi-tavsiflovchi mazmunning sifatlarga (15,9%) muvofiq kelishi miqdoriy taqsimot orqali asoslangan;
afsun birliklarining etimologik qatlamlari ilk bor tizimli aniqlanib, ularning o‘zaklari lotin, qadimgi yunon, kelt, aramey va slavyan tillariga borib taqalishi hamda aksariyati ingliz tilining izohli va etimologik lug‘atlarida qayd etilganligi dalillangan va shu asosda lingvomadaniy konnotatsiyaning shakllanish mexanizmi muallif tomonidan anglo-sakson va kelt mifologiyasi, qadimiy xalq e’tiqodlari hamda diniy-mistik tasavvurlarda saqlanib qolgan, ammo zamonaviy tilda faolligini yo‘qotgan madaniy kodlarning qayta faollashtirilishi va birlikning etimologik ma’nosi ustiga yangi badiiy-estetik konnotativ qatlamning yuklanishi ochib berilgan;
afsun birligi nutq akti sifatida bir vaqtning o‘zida lokutiv (nomlash), illokutiv (buyurish va ta’sir ko‘rsatish) hamda perlokutiv (natija hosil qilish) vazifalarni bajarishi, uning illokutiv kuchi so‘zlovchining maqomi va vaziyat konteksti bilan belgilanishi isbotlanib, shu asosda maxsus leksikani tavsiflashning “semantik maydon - morfologik qolip - madaniy kod - pragmatik vazifa” bosqichlaridan iborat lingvokognitiv modeli ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Ingliz tilida afsun semantik maydonini tashkil etuvchi leksik birliklarning lingvistik tahlil qilish jarayonida olingan ilmiy natijalar asosida:
82 ta afsun birligining etimologik o‘zagi, semantik guruhi va morfologik tuzilishi ko‘rsatilgan tizimlashtirilgan ma’lumotlar bazasidan O‘zR FA QQB Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot institutida 2021–2023-yillarda bajarilgan “Qoraqalpoq folklorida olamning etnolingvistik tasvirini monografik aspektda tahlil qilish” mavzusidagi ilmiy loyihada qiyosiy manba sifatida foydalanilgan (O‘zR FA QQB Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot instituti 2025-yil 27-maydagi 301/1-son ma’lumotnomasi). Natijada folklor matnlaridagi afsunga oid birliklarni tavsiflashda qo‘llanilgan mezonlar kengaytirilib, loyiha mazmuni yangi qiyosiy materiallar bilan boyitilgan;
afsun semantik maydonining tematik-semantik tasnifi hamda fentezi matnidagi maxsus leksikani ajratish va guruhlash metodikasidan O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining “English Access Microscholarship Program” xalqaro loyihasini amalga oshirishda hamda o‘quv jarayonida foydalanilgan (2022-2024-yillarda Toshkent shahridagi AQSh elchixonasi va AQSh Davlat departamenti moliyalashtirgan SUZ80021GR3106-raqamli loyihaning 04-01/3696-son ma’lumotnomasi). Natijada badiiy matn asosida leksik birliklarning semantik guruhlarini aniqlash mashqlari ishlab chiqilib, loyiha ishtirokchilarining leksik-semantik tahlil ko‘nikmalari rivojlantirilgan;
fentezi janri, uning namoyondalari va “Harry Potter” turkumidagi afsun leksikasining madaniy-mifologik yuklamasiga oid o‘quv materiallaridan hamda tarjimada konnotativ mazmunni saqlash bo‘yicha tavsiyalardan 5111400 - Xorijiy til va adabiyot ta’lim yo‘nalishi talabalari uchun A. X. Muxamedov, Z. M. Nizomova va G. X. Norbekova tomonidan yaratilgan “The literature of Great Britain and America” darsligida foydalanilgan. (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2022-yil 9-sentyabrdagi 302-0112-son ma’lumotnomasi). Natijada darslikning fentezi janriga bag‘ishlangan bo‘limi lingvistik tahlil materiallari bilan to‘ldirilib, uning ilmiy-amaliy salohiyati oshirilgan;
maxsus leksik qatlamni tavsiflashning “semantik maydon - morfologik qolip - madaniy kod - pragmatik vazifa” bosqichlaridan iborat lingvokognitiv tahlil modelidan 5111400 - Xorijiy til va adabiyot ta’lim yo‘nalishi talabalari uchun G. X. Norbekova, M. A. Mustofakulova, G. B. G‘afurova va N. D. Nazarova tomonidan yaratilgan “Theoretical Grammar of English: O‘rganilayotgan til nazariy aspektlari (Nazariy grammatika)” darsligida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2025-yil 14-apreldagi 136-son buyrug‘i, 44-5506-son ma’lumotnomasi). Natijada grammatik kategoriyalarni izohlashda til birligining semantik, funksional va konseptual qatlamlarini bosqichma-bosqich tahlil qilish tartibi kiritilib, darslikning ilmiy-amaliy ahamiyati oshirilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish