Normurodova Qunduz Tog‘aevnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Kraxmal tutuvchi xomashyolardan etanol olish biotexnologiyasini takomillashtirish», 03.00.12–Biotexnologiya (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.DSc/V26.
Ilmiy maslahatchi: Muratov G‘ayrat Azatovich, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Mikrobiologiya instituti, O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.27.06.2017.V.38.01.
Rasmiy opponentlar: Ismoilov Zafar Fayzullaevich, biologiya fanlari doktori; Azimova Shaxnoz Sadikovna, biologiya fanlari doktori, professor; Abduraximov Saidakbar Abduraxmanovich, texnika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Bioorganik kimyo instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: α-amilaza va glyukoamilaza fermentlarining barqarorlashtirilgan optimal majmuasini ishlab chiqish va ular yordamida etanol olish biotexnologiyasini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor α- amilazaning mahalliy produsenti Bacillus subtilis-150 shtammidan mutagenez usuli yordamida α-amilaza faolligi 2–3 barobar yuqori bo‘lgan termobarqaror Bacillus subtilis NK-16 (320-450 bir./ml) mutant shtammi yaratilgan, 16S rRNK tahlili bo‘yicha identifikatsiya qilingan va GenBankda MH177822 raqami ostida ro‘yxatga olingan;
spirt ishlab chiqarishda qo‘llaniladigan mahalliy α-amilaza va glyukoamilaza fermentlarining to‘planish sharoitlari, tozalashning modifikatsiyalangan samarali usuli tanlab olingan, proteaza fermentini yuqori haroratda inaktivatsiyalanish sharoiti aniqlangan;
ilk bor mahalliy Bacillus subtilis NK-16 α-amilaza va Aspergillus oryzae UzMU K-14 glyukoamilazaning barqarorlashtirilgan majmuasini ishlab chiqarishning tajriba-texnologik reglamenti ishlab chiqilgan;
ilk bor mahalliy α-amilaza va glyukoamilazaning sorbitol, kal`siy atsetat, natriy benzoat, kaliy sorbat tuzlari hamda proteaza fermenti yordamida barqarorlashtirilgan optimal majmualari olingan;
barqarorlashtirilgan glyukoamilaza majmuasi tarkibidagi proteaza fermenti hisobiga erkin amin azotlari miqdorini oshishi natijasida Saccharomyces vini achitqisining ko‘payishi va o‘sishini tezlashishi hamda bijg‘ish jarayonini qisqarishi asoslangan;
barqarorlashtirilgan α-amilaza va glyukoamilaza majmualari yordamida kraxmalning qandlanishini tezlashtirish va bijg‘ish jarayonini qisqartirish orqali kraxmal tutuvchi xomashyolardan etanol olish biotexnologiyasi takomillashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Kraxmal tutuvchi xomashyolardan etanol olish biotexnologiyasini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
barqarorlashtirilgan α-amilaza va glyukoamilaza fermentlar majmuasi “Andijon biokimyo zavodi” AJda etanol ishlab chiqarish jarayonida amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi “O‘zsharobsanoat” AJning 2019 yil 26 apreldagi 01-08/1117-son ma’lumotnomasi). Natijada tavsiya etilayotgan texnologiyaga ko‘ra, 1 tonna shartli bug‘doy kraxmalidan 636 litrdan 670 litrgacha etil spirti olish imkonini bergan;
etil spirti ishlab chiqarishning takomillashtirilgan texnologiyasi “Andijon biokimyo zavodi” AJda amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi “O‘zsharobsanoat” AJning 2019 yil 26 apreldagi 01-08/1117-son ma’lumotnomasi). Natijada kraxmalni suyultirish va qandlashtirish jarayonlarini tezlashtirish, yuqori bijg‘ish jarayonini ta’minlash, achitqilarning yashovchanligi hamda spirt miqdorini ortishi imkonini bergan;
Bacillus subtilis NK-16 shtammidan ajratib olingan proteaza preparati “Orom biopreparati” MChJda probiotiklar ishlab chiqarish sanoatida muhim hisoblangan sut gidrolizatlarini tayyorlash amaliyotiga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Farmatsevtika sanoati davlat aksiyadorlik konsernining 2017 yil 13 iyundagi MD/06-1592-son ma’lumotnomasi). Natijada sut oqsili gidrolizati tayyorlash jarayonini namunaga nisbatan 5–6 soatga qisqartirish imkonini bergan;
B.subtilis NK-16 bakteriya va A.oryzae UzMU K-14 zamburug‘ ho‘jayralarining biosintetik xususiyatlari F-4.1.2 raqamli “Mikroorganizmlarda fermentlarni hosil bo‘lishi va sekresiyasi mexanizmlarini tadqiq qilish” fundamental loyihasida shtammlarning o‘sishi va rivojlanishi jarayonida ozuqa muhiti komponentlari tarkibidagi kaliyli, kal`siyli, azotli va fosforli tuzlarning ta’sirini aniqlash usullaridan foydalanilgan (Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasining 2017 yil 24 apreldagi FTK-03 13/460-son ma’lumotnomasi). Natijada α-amilaza va glyukoamilaza fermentlar faolliklari va spektrlari o‘zgarishini kuzatish, ularning faolliklarini cheklovchi turli omillarni tahlil qilish usullaridan foydalanish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish