Usmanov Il`xam Ikramovichning
dissertatsiya himoyasisiz ixtiro patenti asosida
fan doktori (DSc) ilmiy darajasini berish bo‘yicha e’lon matni
I. Umumiy ma’lumotlar
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘g‘itlar ishlab chiqarish chiqindilari va mirabilitni suyuq o‘g‘itlar, natriy xlorid, sul`fatga qayta ishlash hamda flotatsiyali kaliy xlorid xossasini yaxshilash», 02.00.13–Noorganik moddalar va ular asosidagi materiallar texnologiyasi (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.1.DSc/T258.
Ilmiy tadqiqot ishi bajarilgan muassasalar nomi: Toshkent kimyo-texnologiya instituti.
Ilmiy maslahatchi: Mirzakulov Xoltura Chorievich, texnika fanlari doktori, professor.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Umumiy va noorganik kimyo instituti va Toshkent kimyo-texnologiya instituti, DSc.27.06.2017.K/T.35.01.
II. Tadqiqotning maqsadi: azotli o‘g‘itlar ishlab chiqarish suv tayyorlash shlamli chiqindilaridan suyuq azot-kal`siyli o‘g‘itlar olish, kaliy xloridga bir jinsli bo‘yoq berish, Tumryuk koni mirabilitini oliy navli natriy sul`fatga qayta ishlash texnologiyalarini ishlab chiqish va tatbiq etishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
suv tayyorlash shlamli chiqindilarini nitrat kislotaning konsentrlangan eritmasi bilan parchalash jarayoniga, shlamdagi komponentlarni eritma va hosil bo‘ladigan cho‘kma tarkibiga o‘tish darajasiga texnologik ko‘rsatkichlarning ta’sir etishi isbotlangan;
suyuq azot-kal`siyli o‘g‘itlarni olishda nitrat kislotali ekstraktni gazsimon ammiak bilan neytrallanganda magniyni holati va uni ajratish jarayonining ta’siri aniqlangan;
tovar xossalarini yaxshilash uchun bir jinsli bo‘yalgan kaliy xlorid olish ta’minlanadigan tabiiy temir oksidlari bo‘yog‘i va bog‘lovchi reagentlarning maqbul nisbati va sarf me’yorlari aniqlangan;
Tumryuk koni tabiiy mirabilitini suvda, sharbat bug‘larida va aylanma eritma ishtirokida eritish jarayonining maqbul texnologik ko‘rsatkichlari, mirabilitdan natriy sul`fatni eritib olish jarayonini 50oS dan past bo‘lmagan haroratda amalga oshirish kerakligi aniqlangan;
ishqor-sodali usul bilan ammoniy sul`fat to‘yingan eritmalarini magniy va kal`siy yo‘ldosh qo‘shimchalaridan tozalash hamda tozalangan eritmalarni oliy navli mahsulotning maksimal unumi bilan natriy sul`fatga qayta ishlashning maqbul sharoitlari ishlab chiqilgan.
IV. Ixtiroga patenti: “Suyuq azot-kal`siyli o‘g‘it olish usuli”, №IAP 05606, 2018 y. O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining 2019 yil 14 maydagi 01-11/1130-son xulosasi; “Kaliy xloridni bo‘yash usuli”, №IAP 05485, 2017 y. O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining 2018 yil 26 iyundagi 02-11/1731-son xulosasi; “Natriy sul`fat olish usuli”, №IAP 05794, 2019 y. O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining 2019 yil 10 maydagi 01-11/1004-son xulosasi.
V. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Suyuq azot-kal`siyli o‘g‘itlar olish, flotatsion kaliy xloridni bir jisli rangga bo‘yash texnologiyalarini, Tumryuk koni mirabilitini oliy navli natriy sul`fatga qayta ishlash texnologiyalarini yaratish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
suv tayyorlash shlamli chiqindilarini nitrat kislotali parchalab, tindirilgan eritmani gazsimon ammiak bilan neytrallash va sho‘rxok tuproqlar uchun samarador suyuq azot-kal`siyli o‘g‘it olish usuli «Fargʻonaazot» AJda amaliyotga joriy etilgan («Fargʻonaazot» AJning 2019 yil 24 maydagi 37/2592-son ma’lumotnomasi). Natijada suyuq azot-kal`siyli o‘g‘it tarkibidagi azot tannarxi ammoniy selitraga nisbatan 25–30%ga kamaytirish imkonini bergan. Ushbu ixtiro asosida yangi tajriba qurilmasi tashkil qilinib, hozirgi kungacha respubikada birinchi bor suvni tayyorlash chiqindilarini qayta ishlab 626,15 mln. so‘mlik 1276,89 t suyuq azot-kal`siyli o‘g‘it ishlab chiqarilgan;
«Oxra», «Siena» tabiiy bo‘yoqlari va bog‘lovchi ammoniy sul`fat yoki fosfat reagentlari asosida bo‘yovchi eritmalar tayyorlash, nam holatdagi kaliy xloridni qayta ishlash texnologiyasi «Dexqonobod kaliy zavodi» AJda amaliyotga joriy etilgan «Dexqonobod kaliy zavodi» AJning 2019 yil 20 iyundagi 01-021/2167-son ma’lumotnomasi). Natijada kaliy xloridni fizik-kimyoviy va tovar xossalari yaxshilash, chang ko‘rinishidagi zarralarni 5–15%ga, aralashishini 13–20%ga kamaytirish imkonini bergan. Hozirgi kungacha ixtiro asosida 12,14 mlrd. so‘mlik 28,3 ming tonna bir jinsli bo‘yalgan kaliy xlorid ishlab chiqarilgan;
tabiiy mirabilitni sharbat bug‘i bilan natriy sul`fatni ajratish bosqichidagi aylanma eritma ishtirokida eritib, yonaki aralashmalardan tozalash, tozalangan eritmani bug‘latish va natriy sul`fat kristallarini ajratish texnologiyasi «Qoʻngʻirot natriy sulfat» ShKda amaliyotga joriy etilgan («Qoʻngʻirot natriy sulfat» ShKning 2019 yil 27 maydagi 108-son ma’lumotnomasi). Natijada maksimal unum bilan oliy navli mahsulot – natriy sul`fat olish, respublikaning import o‘rnini bosadigan kimyoviy mahsulotga bo‘lgan talabini ta’minlash va eksportga yo‘naltirish imkonini bergan. Hozirgi kungacha ixtiro asosida 236 mlrd. so‘mlik 230 ming tonna oliy navli natriy sul`fat ishlab chiqarilgan.