Ibragimov Akram Javlievichning
fan doktori (DSc) dissertatsiya himoyasi haqidagi e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “G‘arbiy Pomir Oloy florasining taksonomiyasi va fazoviy tuzilishi (Surxondaryo viloyati chegarasida)”, 03.00.05 - Botanika (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2026.2.DSc/B318.
Ilmiy maslahatchi: Tojibaev Komil Sharobitdinovich, biologiya fanlari doktori, akademik.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Botanika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Botanika instituti, DSc.05/2025.27.12.V.23.01.M.
Rasmiy opponentlar: Raximova Tashxanim, biologiya fanlari doktori, professor; Mario Tilloevich Boboev, biologiya fanlari doktori, professor (Tojikiston Milliy Fanlar akademiyasi Ko‘lob botanika bog‘i); Xo‘janazarov O‘ktam Eshtemirovich, biologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Namangan davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy-amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: to‘r tizimli xaritalash hamda floristik, geoaxborot va filogenetik ma’lumotlar integratsiyasi asosida Surxondaryo viloyati hududidagi G‘arbiy Pomir-Oloy yuksak o‘simliklar florasining zamonaviy taksonomik tarkibini aniqlash va uning taksonomik, fazoviy hamda filogenetik tuzilishini baholashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor G‘arbiy Pomir-Oloyning Surxondaryo viloyati doirasidagi qismi yuksak o‘simliklar florasining taksonomik tarkibi aniqlanib, 96 oila va 615 turkumga mansub 2202 tur qayd etilgan hamda ularning geografik tarqalishini aks ettiruvchi flora konspekti tuzilgan;
O‘zbekiston va xorijiy mamlakatlarning yetakchi olimlari bilan hamkorlikda amalga oshirilgan kompleks tadqiqotlar natijasida fan uchun yangi bo‘lgan bir qator o‘simlik turlari tavsiflangan, milliy va mintaqaviy miqyosdagi floristik topilmalar asosida qator turlarning O‘zbekiston va Pomir-Oloy florasidagi tarkibi hamda tarqalish chegaralari to‘g‘risidagi tasavvurlar kengaytirilgan;
Markaziy Osiyoda maydoni jihatdan yirik, tabiiy sharoitlari xilma-xil bo‘lgan hudud florasining 5×5 km2 fazoviy aniqlikdagi to‘r tizimli xaritalash ishlari amalga oshirilgan hamda mintaqadagi eng yirik geobog‘langan ma’lumotlar massivi shakllantirilgan, bu esa biologik hujjatlashtirilgan turlar xilma-xilligining fazoviy notekisligini aniqlash imkonini bergan;
G‘arbiy Pomir-Oloyning Surxondaryo viloyati doirasidagi beshta botanik-geografik rayoni floralarining qiyosiy tahlili o‘tkazilgan, ularning hududiy differensiatsiyalanish darajasi, tur tarkibining o‘ziga xosligi aniqlangan hamda qabul qilingan botanik-geografik rayonlashtirish sxemasining asosli ekanligi tasdiqlangan;
floraning G‘arbiy Pomir-Oloy hamda Surxondaryo viloyatining endemlarini qamrab olgan endemizm fraksiyasi tarkibi shakllantirilgan, ularning fazoviy tarqalishiga oid ma’lumotlar yangilangan, tor arealli hamda muhofaza qilinadigan turlar jamlangan asosiy hududlar aniqlangan;
Markaziy Osiyo tog‘ floralari uchun yagona geofazoviy tizim doirasida floristik komplekslarning tur boyligi, filogenetik xilma-xilligi va filogenetik tuzilishining uchta ekologik gradient – balandlik, harorat va yog‘in miqdori bo‘ylab o‘zgarish qonuniyatlari tadqiq etilgan; taksonomik va evolyusion xilma-xillikning o‘rta balandlik mintaqalarida eng yuqori darajaga etishi, balandtog‘ mintaqasida filogenetik klasterlanishning kuchayishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. G‘arbiy Pomir-Oloyning Surxondaryo viloyati doirasidagi qismi florasini tadqiq etish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
G‘arbiy Pomir-Oloy florasida tarqalgan kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostidagi Zygophyllum bucharicum B.Fedtsch. turining IUCN toifalari va mezonlari asosida baholangan muhofaza maqomi bo‘yicha ma’lumotlar The IUCN Red List of Threatened Species xalqaro ro‘yxatiga kiritilgan (https://dx.doi.org/10.2305/-IUCN.UK.2024-1.RLTS.T63490A244024776.en). Natijada, turning global miqyosdagi yo‘qolib ketish xavfini xalqaro mezonlar asosida baholash, tabiiy populyasiyalarini monitoring qilish va ilmiy asoslangan muhofaza choralarini ishlab chiqish imkonini bergan;
G‘arbiy Pomir-Oloy hududida 2021–2024-yillarda olib borilgan dala tadqiqotlari davomida yig‘ilgan 48 oila, 194 turkum va 323 turga mansub 2225 ta gerbariy namunalari geobog‘langan ma’lumotlari Global bioxilma-xillik ma’lumotlari tizimiga (www.gbif.org, GBIF) joriy etilgan (2026-yil 8-yanvardagi №064-sonli ma’lumotnoma). Natijada, GBIF xalqaro ma’lumotlar bazasini Surxondaryo viloyatida tarqalgan o‘simlik turlari bo‘yicha ma’lumotlar bilan boyitish hamda ularning geografik tarqalishini global miqyosda tahlil qilish imkonini bergan;
G‘arbiy Pomir-Oloy florasining 1100 dan ortiq turiga mansub 10 000 dan ziyod gerbariy namunalari O‘zbekiston Milliy gerbariysi (TASh) fondiga topshirilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2026-yil 27-iyuldagi №4/1255-2128-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, O‘zbekiston Milliy gerbariysi fondini boyitish, Botanika institutining “O‘zbekiston florasini to‘r tizimli xaritalash” bo‘yicha davlat dasturi hamda “O‘zbekiston florasining yangi jildlarini tayyorlash” amaliy loyihasi doirasida olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlarni gerbariy materiallari bilan ta’minlash imkonini bergan;
G‘arbiy Pomir-Oloyning Surxondaryo viloyati doirasidagi qismi floristik tarkibi va o‘simlik turlarining geografik tarqalishi bo‘yicha GAT texnologiyalari asosida ishlab chiqilgan to‘r tizimli xaritalar va amaliy tavsiyalar O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi faoliyatiga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Oliy ta’limni rivojlantirish tadqiqotlari markazining 2026-yil 28-apreldagi №01/01-01-309-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, Oliy o‘quv yurtlarining Botanika, Ekologiya va o‘simlikshunoslik fanlarining o‘quv dasturlariga kiritilib, “O‘simliklar geografiyasi”, “Botanika 2-qism” nomli darsliklar hamda “O‘simliklar geografiyasi” nomli o‘quv qo‘llanma nashr etilgan.