Kalandarova Malikaxon Pirnazarovnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: “Davlat xaridlariga oid munosabatlarni fuqarolik-huquqiy tartibga solish”, 12.00.03 – Fuqarolik huquqi. Tadbirkorlik huquqi. Oila huquqi. Xalqaro xususiy huquq (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.1.DSc/Yu153
Ilmiy rahbar: Sh.N.Ruzinazarov, yuridik fanlar doktori, professor
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat yuridik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat yuridik universiteti, DSc.07/2025.27.12.Yu.01.03.
Rasmiy opponentlar: Aminjanova Matluba Axmedovna, yuridik fanlar doktori, professor, Sindarov Komil Oydinovich yuridik fanlar doktori, professor, Topildiev Bahrom Rahimjonovich yuridik fanlar doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: IIV Akademiyasi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi – davlat xaridlari munosabatlarini fuqarolik-huquqiy tartibga solish bilan bog‘liq ilmiy-nazariy va amaliy muammolarni hal qilishga doir xulosa, taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
davlat xaridlarini amalga oshirishda manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgan holda tuzilgan bitimlar sud tartibida haqiqiy emas deb topilishi va bitimning haqiqiy emasligi oqibati sifatida restitusiya qo‘llanilishi asoslantirilgan;
korrupsiyaviy holatlarga yo‘l qo‘yilgan holda tuzilgan davlat xaridlari shartnomalari huquq-tartibot asoslariga zid bo‘lgan bitimlar sifatida haqiqiy emas deb topilishi asoslantirilgan;
ishtirokchini unga nisbatan to‘lovga qobiliyatsizlik tartib-taomillari joriy etilganligi munosabati bilan xarid jarayonlaridan chetlashtirish uning huquq subektliligini va davlat xaridlari shartnomasi bo‘yicha majburiyatlarni bajara olishini ta’minlashning obektiv zarur sharti ekanligi asoslantirilgan;
auksionda bitta ishtirokchi qatnashgan yoki umuman ishtirokchilar bo‘lmagan taqdirda, auksionni o‘tkazilmagan deb topish xarid jarayonining avtomatik ravishda tugatilishiga olib kelmasligi, balki davlat buyurtmachisi uchun auksion muddatini uzaytirish yoki xaridni amalga oshirishning boshqa usuliga o‘tish bo‘yicha muqobil vakolatni yuzaga keltirishi asoslantirilgan;
tanlov g‘olibi shartnoma tuzishdan bosh tortgan taqdirda unga zakalat summasining qaytarilmasligi ta’minlovchi-jarima funksiyasini bajarishi hamda fuqarolik-huquqiy javobgarlikning mustaqil chorasi sifatida namoyon bo‘lishi asoslantirilgan;
byudjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan, byudjet tashkilotlari va byudjet mablag‘larini oluvchilar tomonidan tovarlar (ishlar, xizmatlar) etkazib beruvchilar bilan tuziladigan shartnomalar, shuningdek, ularga kiritiladigan o‘zgartish va qo‘shimchalar g‘aznachilik bo‘linmalarida ro‘yxatdan o‘tkazilgan paytdan boshlab yuridik kuchga ega bo‘lishi asoslantirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Tadqiqotda olingan natijalar quyidagilarda o‘z ifodasini topgan:
manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgan holda tuzilgan bitim sud tartibida haqiqiy emas deb topilishi va restitusiya qo‘llanilishi to‘g‘risidagi taklif O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 114-moddasi uchinchi qismi, 116-moddasi ikkinchi qismi, O‘zbekiston Respublikasining «Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida»gi Qonunining 26-moddasini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari institutining 2024-yil 27-oktabrdagi 01/q-08-55-sonli dalolatnomasi). Mazkur takliflar bitimlarni tuzishda manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilishi oqibatlari bilan bog‘liq nizolarni hal etishni ta’minlashga xizmat qilgan;
korrupsiyaga yo‘l qo‘yilgan holda tuzilgan shartnomalarni haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi taklif O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 6-iyuldagi «Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-5177-son Qarori 2-bandini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining 2021-yil 14-iyuldagi 01-10/5045-sonli dalolatnomasi). Mazkur taklifning amaliyotga joriy etilishi fuqarolik-huquqiy shartnomalarni tuzishda korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy mexanizmlarini takomillashtirishga xizmat qilgan;
xarid komissiyasi yoki davlat xaridlarining elektron tizimi operatori ishtirokchini unga nisbatan to‘lovga qobiliyatsizlik tartib-taomillari joriy etilgan taqdirda xarid tartib-taomillarida ishtirok etishdan chetlashtirishi to‘g‘risidagi taklif O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 22-apreldagi O‘RQ-684-son «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi Qonuni 42-moddasi birinchi qismini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2021-yil 8-fevraldagi 07/03-01-32-13-sonli dalolatnomasi). Mazkur taklifning joriy etilishi davlat xaridlari ishtirokchilariga qo‘yiladigan talablarni takomillashtirishga xizmat qilgan;
auksionda bitta ishtirokchi qatnashgan yoki hech kim ishtirok etmagan taqdirda auksion o‘tkazilmagan deb topilishi va g‘olib aniqlanmasligi, davlat buyurtmachisi esa auksionni uch ish kuniga uzaytirishi yoki qonun talablariga muvofiq elektron do‘kon orqali yoxud eng yaxshi takliflarni tanlash usulida xaridni amalga oshirishi mumkinligi to‘g‘risidagi taklif O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 22-apreldagi O‘RQ-684-son «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi Qonuni 55-moddasi birinchi qismini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2021-yil 8-fevraldagi 07/03-01-32-13-sonli dalolatnomasi). Mazkur takliflarning amaliyotga joriy etilishi davlat xaridlari sohasidagi savdo tartib-taomillarini o‘tkazish tartibini takomillashtirishga xizmat qilgan;
tanlash natijalarini rasmiylashtirishda g‘olib shartnoma tuzishdan bosh tortgan taqdirda unga zakalat summasi qaytarilmasligi to‘g‘risidagi taklif O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 22-apreldagi O‘RQ-684-son «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi Qonuni 63-moddasi uchinchi qismini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2021-yil 8-fevraldagi 07/03-01-32-13-sonli dalolatnomasi). Mazkur taklif davlat xaridlari g‘olibining tanlash natijalarini rasmiylashtirish tartibini takomillashtirishga xizmat qilgan;
byudjet tashkilotlari va byudjet mablag‘larini oluvchilarning byudjet assignovaniyalari hisobidan tovarlar (ishlar, xizmatlar) etkazib beruvchilar bilan tuzgan shartnomalari, shuningdek, ularga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar g‘aznachilik bo‘linmalarida ro‘yxatdan o‘tkazilganidan keyin kuchga kirishi to‘g‘risidagi taklif O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 2016-yil 23-dekabrdagi 306-son «Qurilish pudrati shartnomasidan kelib chiqadigan nizolarni hal etishda xo‘jalik sudlari tomonidan qonunchilikni qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida»gi qarori 3-bandini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining dalolatnomasi). Mazkur taklifning amaliyotga joriy etilishi byudjet tashkilotlari ishtirokidagi shartnomalardan kelib chiqadigan nizolarni hal etishda sud amaliyotining bir xilligini ta’minlashga xizmat qilgan.