Hamdamov Jonibek Jumaevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Yarimo‘tkazgichli tabiiy tolalarning elektrofizikaviy va optik xususiyatlariga tashqi omillar ta’siri», 01.04.10–Yarimo‘tkazgichlar fizikasi (fizika-matematika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.PhD/FM40.
Ilmiy rahbar: Mamadalimov Abdugafur Tishabaevich, fizika-matematika fanlari doktori, akademik.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti qoshidagi Yarimo‘tkazgichlar fizikasi va mikroelektronika ilmiy-tadqiqot instituti, PhD.30.08.2018.FM/T.01.12.
Rasmiy opponentlar: Zaynabidinov Sirajidin Zaynabidinovich, fizika-matematika fanlari doktori, akademik;  Onarkulov Karimberdi Egamberdievich, fizika-matematika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Qaraqalpoq davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: paxta tolalarining elektrofizik, fotoelektrik va optik xususiyatlarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor ATM-1 va 108-F paxta tolalari navlarining elektr o‘tkazuvchanligining haroratga bog‘liqligi bo‘yicha yarimo‘tkazgich xususiyatlari mavjudligi aniqlangan;
aktivlanish energiyasi 25–1000S harorat oralig‘ida ATM-1 navining sof paxta tolasi uchun Et1=0,68 eV va yod bilan legirlangan namunalar uchun Et2=1,03 eV ekanligi aniqlangan;
ATM-1 navli sof paxta navining fotoo‘tkazuvchanlik spektrlarida “kirishma” sohasining yoritilishida Es-0,78eV ionlanish energiyasi bilan ikki chuqur sathlar namoyon bo‘lishi, ul`trabinafsha yorug‘lik nuri bilan o‘zgarmas “xususiy” yoritilganda 0,8<hν<3,0 eV sohada, fotoo‘tkazuvchanlikning infraqizil so‘nishi kuzatilgan;
sof paxta tolasi uchun ul`trabinafsha nurlanish bilan qo‘zg‘atilganda ko‘k fotolyuminessensiya namoyon bo‘lganligi hamda kimyoviy ishlov natijasida fotolyuminessensiyasi jadalligi dastlabki materialga nisbatan taxminan ikki tartibga ko‘payishi aniqlangan;
MEN-PPV polimerli paxta tolasi fotosezuvchanligiga ega bo‘lgan kompozit material asosida fotodiodlar sifatida ishlovchi geteroo‘tishlar yaratilishi mumkinligi asoslangan;
paxta tolalari asosida o‘ta sezgir namlik datchiklari va ular asosida namlik elektron o‘lchagich asbobi ishlab chiqilgan va yaratilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Paxta tolalarining elektrofizik, fotoelektrik va optik xususiyatlarini aniqlash asosida:
paxta tolasi asosida yaratilgan yuqori sezgir elektron namlik o‘lchagichi «FOTON» aksionerlik jamiyatining ishlab chiqarish maydonchalarida hamda ombor xonalarining namligini o‘lchash uchun ishlatilgan («O‘zeltexsanoat»  aksiyadorlik kompaniyasining 2019 yil  7 avgustdagi  04-4/1086-con ma’lumotnomasi). Elektron namlikni o‘lchash qurilmasidan foydalanish tayyor mahsulot omborida harorat va namlikni doimiy ushlab turish imkonini bergan bu esa ishlab chiqariladigan mahsulotlarning sifatini nazorat qilishgaxizmat qilgan;
polyarizatsiya optik usulda paxta tolasining tuzilishi va fizik holatiga issiq suvning ta’sirini aniqlash, paxta sellyulozasi eritmasining polielektrolit xossalari va doimiy elektr toki maydonidagi xususiyatlarini tadqiq qilish prinsiplari va metodik yondashish parametrlari A-4-13 raqamli «Elektrospinning usulida fibroin, xitozan va akrilonitril sopolimeri asosida nanotolali noto‘qima materiallar olish texnologiyasini  ishlab chiqish»  (2015-2017) amaliy loyihasida olingan natijalarni qiyosiy baholash va taqqoslash hamda ilmiy asosli xulosalar chiqarishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 15 iyuldagi 89-03-2775-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanishi elektrospinning usulida fibroin, xitozan va akrilonitril sopolimeri asosida nanotolali noto‘qima materiallar olish texnologiyasini yaxshilash imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish