Otaxanova Mahmuda Mamadalievnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i): “Chustiy lirikasining poetik xususiyatlari”, 10.00.14 –XX asr o‘zbek adabiyoti va hozirgi adabiy jarayon(filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.1.PhD/Fil1578.
Ilmiy rahbar: Karimova Faridaxon Isakovna, filologiya fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Namangan davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi: Namangan davlat universiteti, PhD.03/2025.27.12.Fil.22.03.
Rasmiy opponentlar: Oripova GulnozaxonMurodilovna, filologiya fanlari doktori, dotsent; G‘ayipov Dilshod Qadambaevich, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Jizzax davlat pedagogika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Nabixon Chustiy lirikasining mavzu ko‘lami, janrlar tarkibi, obrazlar tizimi, shuningdek, shoirning she’riy san’atlar, qofiya va radifdan foydalanish bilan bog‘liq badiiy mahoratini adabiy an’ana, izdoshlik hamda o‘ziga xoslik tamoyillariga tayanib, adabiy matn tahlili asosida ochib berishdan iborat.
    III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Chustiyshaxsiyati va dunyoqarashining shakllanishiga ta’sir ko‘rsatgan ijtimoiy (oila muhiti, XX asr boshlari Qo‘qon adabiy muhiti) va badiiy (xalq og‘zaki ijodi, Sharq mumtoz adabiyoti, tarjimachilik) omillar aniqlanib, shoirning ilmiy-ijodiy biografiyasi ochib berilgan;
shoir she’riyatida g‘azal, musammat, masnaviy, ruboiy, tuyuq, qit’a, chiston kabi mumtoz janrlarning o‘rni, xususan, g‘azalning shakliy-poetik jihatdan g‘azali muvashshah, g‘azali qo‘shmuvashshahi ta’rix, g‘azali mushoira, g‘azali zulqofiyatayn, g‘azali zulradifayn singari ko‘rinishlari mavjudligiga e’tibor qaratilib, an’anadagi tadrijiylik, shakl va mazmun mutanosibligining o‘ziga xos jihatlari yoritilgan;
Chustiyning ishqiy, axloqiy-ta’limiy, ijtimoiy (publitsistik), hajviy yo‘nalishdagi she’rlari mavzu guruhlariga ajratilib, tasniflangan hamda ishqiy mavzu oid she’rlardagi oshiq, ma’shuqa, raqib obrazlari davr ruhi, zamon o‘zgarishlari bilan bog‘liqlikda transformatsiyaga uchragani isbotlangan;
shoir devonlaridagi “topilma” baytlar tahlili orqali she’riy san’atlar, qofiya, radifdan foydalanish mahorati adabiy matn mazmuniga muvofiqlikda asoslanib, lirik qahramon xarakteriga xos nekbinlik, olijanoblik, adolatparvarlik fazilatlari ochib berilgan.
    IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Chustiy lirikasi poetikasiga xos xususiyatlarni aniqlash jarayonida erishilgan ilmiy natijalar asosida:
muayyan davr adabiyoti, she’riyati tahlil doirasiga tortilgan tadqiqotlardagi Chustiyga munosabat masalasi yoritilgani, ijodkor shaxsiyati va poetik dunyoqarashining shakllanishiga ta’sir etgan ijtimoiy (oila muhiti, XX asr boshlari Qo‘qon adabiy muhiti) va badiiy (xalq og‘zaki ijodi, Sharq mumtoz adabiyoti, tarjimachilik) omillar aniqlangani, shoirning ilmiy-ijodiy biografiyasi yaratilganiga doir ma’lumotlardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyot universitetining 2018-2020-yillarda amalga oshirilgan PZ-20170926459-raqamli “Navoiyshunoslik tarixi” (XX – XXI asrlar) mavzusidagi amaliy loyihada foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyot universitetining 2025-yil 17-martdagi 01-4979-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, loyiha shoir hayoti va ijodiy merosini o‘rganishga doir yangi ilmiy qarashlar, nazariy ma’lumotlar va yangi manbalar bilan boyitilgan;
shoir she’riyati, asosan, mumtoz (g‘azal, musammat, masnaviy, ruboiy, tuyuq, qit’a, chiston kabi) janrlardan tarkib topganligi, janrlar tizimida mumtoz an’analar davomiyligi bilan bir qatorda, novatorlik belgilari ko‘zga tashlanishi, xususan, g‘azalning shakliy-poetik jihatdan g‘azali muvashshah, g‘azali qo‘shmuvashshahi ta’rix, g‘azali mushoira, g‘azali zulqofiyatayn, g‘azali zulradifayn singari ko‘rinishlari mavjudligi aniqlangani, ularning janr talablariga mutanosibligi, mumtoz shoirlar ijod namunalari bilan uyg‘un jihatlari va o‘ziga xoslik masalalari ochib berilgani haqidagi ilmiy xulosalardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyot universitetining 2021-2024-yillarga mo‘ljallangan PZ-201912258-raqamli O‘zbek adabiyotining ko‘p tilli (o‘zbek, rus, ingliz tillarida) elektron platformasini yaratish mavzusidagi fundamental ilmiy loyihada foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyot universitetining 2024-yil 26-yanvardagi 04/1-182-sonli ma’lumotnomasi). Natijada platforma yangi ma’lumotlar bilan boyitilgan, foydalanuvchilarga qulaylik yaratilgan;
Chustiy ijodining asosini tashkil etuvchi she’rlar ishqiy, axloqiy-ta’limiy, ijtimoiy (publitsistik), hajviy yo‘nalishdagi mavzular doirasida tasniflangan, shoir she’riyatida ishqiy mavzu yetakchilik qilganligi bois timsollar tizimida asosiy o‘rin tutuvchi oshiq, ma’shuqa, raqib obrazlari va ularning zamon bilan hamnafas tarzda transformatsiyaga uchrashi dalillangani, ijodkor devonlaridagi “topilma” baytlar tahlili orqali shoirning ma’naviy va lafziy san’atlardan foydalanish mahorati, uslubiy o‘ziga xosligi, qofiya va radif qo‘llash borasidagi an’anaviylik va novatorlik xususiyatlari asoslanganiga oid ilmiy xulosalardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “Mahalla” teleradiokanalining 2025-yil avgust oyida to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatilgan “Mahalla” radiosi “Adabiyot gulshani” dasturini samarali tashkil etishda, ularning dastur va ssenariylarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “Mahalla” teleradiokanali” davlat muassasasining 06.08.2025 yildagi 29-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, ushbu eshittirish uchun tayyorlangan materiallarning mazmuni mukammallashgan, ilmiy dalillarga boy bo‘lishi ta’minlangan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish