Axmedova Kamola Kudratovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasining himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Virtual diskursning lingvosemiotik xususiyatlari (o‘zbek va ingliz tillaridagi ijtimoiy tarmoq muloqoti materiallari asosida)”, 10.00.13 – Qiyosiy va chog‘ishtirma tilshunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.3.PhD/Fil5040.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti.
Ilmiy rahbar: Ermetova Jamila Ismailovna, filologiya fanlari nomzodi, professor.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi: Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti
IK raqami: Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti, PhD.03/2025.27.12.Fil.06.05.
Rasmiy opponentlar: Xalilova Dilbar Jalilovna, filologiya fanlari doktori, professor; Kdirbaeva Gulzira Kurbanbaevna, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi virtual muloqot diskursining funksional-semiotik va lingvistik xususiyatlarini o‘zbek va ingliz tillaridagi ijtimoiy tarmoq materiallari asosida chog‘ishtirma yoritib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
virtual muloqot diskursining jahon tilshunosligida umume’tirof etilgan nazariyalariga tayanib, o‘zbek va ingliz tillaridagi ijtimoiy tarmoq muloqotiga xos diskursiv belgi va tamoyillari belgilangan;
chog‘ishtirilayotgan tillarda muloqotning virtual shakliga xos semiotik vositalarning audio-vizual, interaktiv va intensiv imkoniyatlari dalillangan;
o‘zbek va ingliz tillaridagi ijtimoiy tarmoq muloqotida faol bo‘lgan til birliklarining adabiy til me’yorlaridan chekinish singari medialingvistik xarakteri aniqlandi;
virtual muloqot diskursining lingvistik tahlilini amalga oshirish orqali ijtimoiy tarmoqlardagi chog‘ishtirilayotgan tillar muloqot jarayoniga xos o‘xshashlik va tafovutlar aniqlandi.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Dissertatsiyada olingan ilmiy natijalar quyidagicha amaliyotga joriy qilingan:
Bugungi globallashuv davrida milliy tilimizni saqlab qolish, ba’zi olinma so‘zlar ma’nosi milliy an’analarimiz va xalqimizning asrlar davomida shakllangan qadriyatlariga muvofiq kelmasligi nuqtayi nazaridan kirib kelayotgan turli texnika vositalari, brend mahsulotlarini nomlashda uning o‘zbekcha muqobilini yaratish zaruriyati borasidagi fikrlaridan ALM-202310132634 raqamli “Yangi so‘z va atamalarning o‘zbekcha muqobilini sun’iy intellekt asosida avtomatik taqdim qiluvchi atamacom.uz dasturiy ta’minoti platformasi va mobil ilovasini yaratish” mavzusidagi amaliy loyihani (2024–2025-yy.) amalga oshirishda ushbu dissertatsiyasining ilmiy natijalaridan foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazining 2026-yil 25-martdagi 01-152-sonli ma’lumotnomasi). Natijada mobil ilovadagi nomlarni shakllantirishda dissertatsiyada ilgari surilgan xulosalarga tayanilgan. Jumladan, loyihada yangi so‘z va atamalarning o‘zbekcha muqobilining ijtimoiy tarmoq tili leksikasidagi funksional, kommunikativ, diskursiv xususiyatlari bilan bog‘liq masalalariga e’tibor qaratilgan, shuningdek, zamonaviy texnologik taraqqiyot bilan birga tilimizga kirib kelayotgan yangiliklar, unda sodir bo‘layotgan o‘zgarishlarni ifodalovchi yangi leksik birliklar qatorining o‘zbek tili lug‘at fondida qanday aks etishi jihatlariga ahamiyat qaratilgan va dissertatsiyadagi umumiy xulosalarga tayanilgan;
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazining 2022–2023-yillarda bajarilgan II-4721101717-raqamli “Xizmat ko‘rsatish obektlari milliy nomlari interaktiv elektron platformasini yaratish” mavzusidagi innovatsion loyihada ushbu dissertatsiyasining ilmiy natijalaridan foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazining 2026-yil 25-martdagi 01-151-sonli ma’lumotnomasi). Jumladan, o‘zbek va ingliz tillaridagi ijtimoiy tarmoq muloqotida faol bo‘lgan til birliklarining adabiy til me’yorlaridan chekinish singari medialingvistik xarakteri aniqlangan. Muloqot jarayonining elektron shakliga xos lingvosemiotik vositalarning audio-vizual, interaktiv va intensiv imkoniyatlari dalillangan;
Virtual muloqot shakli va uslubini belgilovchi diskursiv tamoyillarning tilshunoslikda umume’tirof etilgan qarashlarga tayanilgan holda izohlab o‘tilganligi, virtual muloqot diskursining o‘ziga xos xarakterli xususiyatlarini tasniflanganligiga oid tahlillardan “O‘zbekiston” teleradiokanali DMdagi “Ta’lim va taraqqiyot”, “O‘zbekiston yoshlari”, “Adabiy jarayon” dasturlarining ssenariylarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston teleradiokanali” davlat muassasasining 2024-yil 17-dekabrdagi 04-36-1311-sonli ma’lumotnomasi). Natijada yuqoridagi dasturlar ssenariy materiallarini tayyorlash va boyitishda ushbu dissertatsiyada keltirilgan ma’lumotlar yangi manba bo‘lib xizmat qilgan;
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining 2024-yil uchun chora-tadbirlar dasturining X yo‘nalishida belgilangan “Yangi, zamonaviy ta’sirchan targ‘ibot texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy etish, ommaviy axborot vositalari imkoniyatidan samarali foydalanishga doir chora-tadbirlar” 68-bandi “Yoshlar o‘rtasida milliy-ma’naviy tarbiya hamda ezgu da’vatlarni qo‘llab-quvvatlash va turli illatlarga qarshi murosasizlik kayfiyatini shakllantirish maqsadida ijtimoiy tarmoqlar bilan bog‘liq tanlovlar joriy etish va ularning muntazam o‘tkazib borilishini yo‘lga qo‘yish” mavzusidagi targ‘ibot ishlarini tashkil etish va o‘tkazishda dissertatsiya materiallaridan foydalanilgan (Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi huzuridagi ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar institutining 2024-yil 24-dekabrdagi 10/237-sonli ma’lumotnomasi). Natijada dissertatsiyada ilgari surilgan takliflar, tavsiya va xulosalar virtual muloqot diskursining funksional-semiotik va lingvistik imkoniyati bo‘lgan leksika, uslub, belgi va yozuvni o‘zbek hamda ingliz tillaridagi ijtimoiy tarmoq materiallari asosida chog‘ishtirma yoritib berishga xizmat qilgan.