Fozilova O‘g‘iloy Fayoz qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumot
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “O‘zbek adabiyotida Navro‘z talqini”, 10.00.14 – XX asr o‘zbek adabiyoti va hozirgi adabiy jarayon (filologiya).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.2PhD/Fil3371.
Ilmiy rahbar: O‘raeva Darmon Saidaxmedovna, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi (muassasalar), IK raqami: Buxoro davlat universiteti, DSc.03/2025.27.12.Fil.08.08.
Rasmiy opponentlar: Sharipova Laylo Frunzeevna, filologiya fanlari doktori (DSc), dotsent; Sariev San’arjon Matchonboevich, filologiya fanlari doktori (DSc), professor.
Yetakchi tashkilot: Termiz davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi O‘zbek adabiyotida shoir va yozuvchilar tomonidan qadimdan hozirgacha Navro‘zni talqin etish badiiy-estetik tajribasining taraqqiyot xususiyatlarini, poetik jihatlarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
o‘zbek adabiyotida Navro‘z talqini tarixiy-folkloriy jarayondan asta-sekin adabiy-tarixiy jarayonga ham ko‘chib, qadimdan hozirgacha og‘zaki va yozma badiiy asarlarda identifikator va eortopoetonim bo‘lib kelayotgani, uni madh etish poetik an’anaga aylangani, takomil bosqichlari aniqlangan;
Navro‘z mavzusining yozma adabiyotga ko‘chishiga ta’sir ko‘rsatgan ijtimoiy-ruhiy omillar, bunda folklor, tarixiy va adabiy manbalar, “Avesto”ning o‘rni, Navro‘zning lirik, nasriy, dramatik janrlar kesimidagi talqin xususiyatlari an’anaviylik va poetik tadrijiylik asosida dalillangan;
yozma adabiyotda yaratilgan “Navro‘znoma”lar, Haydar Xorazmiyning “Gul va Navro‘z” dostonida Navro‘z obrazining majoziy-estetik talqini, mumtoz, ma’rifatparvar shoirlar g‘azaliyoti, qasidanavisligida, jadid hamda zamonaviy shoirlar ijodida bu mavzuga ijtimoiy-estetik munosabat kuchaygani, hukmron tuzum mafkurasi, ijodkor dunyoqarashining unga ta’siri asoslangan;
Navro‘zni Vatan va inson taqdiri, istiqlol bilan qo‘shib kuylash, uni suyukli yor yoki beg‘ubor bolaga tenglashtirish, mustaqillikka erishgan jamiyatdagi yangi o‘zgarishlar mohiyatini ochishda Navro‘zdan parallel manba sifatida foydalanish, uni realistik va milliy bo‘yoqlarda aks ettirishda yangi ko‘chimlardan foydalanish mahorati ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbek adabiyotida Navro‘z talqinini aniqlash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
o‘zbek adabiyotida Navro‘z talqini folklordan yozma adabiyotga ham ko‘chgani, og‘zaki va yozma badiiy asarlarda uni madh etish poetik an’anaga aylangani asosida talqin qilib kelingani aniqlangan ushbu dissertatsiya ilmiy natijalari, undagi nazariy xulosalardan Buxoro davlat universitetida 2024-yilda bajarilgan AL-662204396 “Buxoro adabiy muhiti ijodkorlarining ilmiy-adabiy merosi bo‘yicha elektron platforma yaratish” mavzusidagi amaliy loyihada foydalanilgan. (Buxoro davlat universitetining 08.09.2025 yildagi 5342-raqamli ma’lumotnomasi). Natijada o‘zbek adabiyotidagi an’anaviy mavzular e’tirofi ilmiy-nazariy jihatdan mustahkamlangan;
Navro‘z atamasining Alisher Navoiy ijodidagi o‘rni hamda u bilan bog‘liq baytlarning takomiliga ta’sir etgan omillar, uslub qirralari hamda Alisher Navoiyning “Tarixi muluku ajam” asaridagi Navro‘z bilan bog‘liq tushunchalar, uning o‘ziga xos xususiyatlari kabi jihatlar yoritilgan ilmiy xulosalardan davlat ilmiy-texnik dasturi doirasidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2021-2023-yillarda bajarilgan IZ-2021020813 “Alisher Navoiy ijodining xorijda o‘rganilishi va targ‘iboti asosida ko‘p tilli multimedia to‘plamini yaratish” nomli amaliy loyihasida foydalanilgan Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 16.12.2025 yildagi 739-raqamli ma’lumotnomasi). Natijada, Navoiy asarlaridagi Navro‘z bilan bog‘liq tushunchalar ilmiy-nazariy jihatdan mustahkamlangan;
“Navro‘znoma”lar, Haydar Xorazmiyning “Gul va Navro‘z” dostonida Navro‘z obrazining majoziy-estetik talqini, mumtoz, ma’rifatparvar, jadid hamda zamonaviy shoirlar ijodida Navro‘z mavzusiga bag‘ishlangan g‘azal, masnaviy, ruboiy, to‘rtlik, tabiat va ijtimoiy lirikada, o‘zbek nasridagi roman, qissa, hikoyalarda unga ijtimoiy-estetik munosabat ifodasi dalillangan xulosalaridan hamda Navro‘zni Vatan va inson taqdiri, istiqboli hamda istiqloli bilan qo‘shib kuylash, mustaqillikka erishgan jamiyatdagi yangi o‘zgarishlar mohiyatini ochishda Navro‘z mavzusidan foydalanib, asar xalqchilligi, milliyligini realistik tarzda ochib berilgan fikr-mulohazalardan Toshkent shahar “Mahalla” teleradiokanali “Bir asar tarixi” eshittirish mashg‘ulotlarini tashkil qilishda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “Mahalla” teleradiokanalining 10.04.2025 yildagi 23-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan badiiy asarlar, jumladan, g‘azal, ruboiy, doston va she’rlarning taqdiri barcha davrlarda yurt va millat, kelajak avlod taqdiri bilan bog‘liqlikda talqin qilingani haqida teletomoshabinlarning chuqurroq ma’lumotga ega bo‘lishiga asos yaratilgan. Shuningdek, ushbu teleko‘rsatuvlar uchun tayyorlangan materiallarning mazmuni mukammallashtirilib, ilmiy dalillar bilan boyitilib, ko‘rsatuvning ilmiy-ommaboplik xususiyati oshirilgan.