Parpieva Gulmira Muhammadjonovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertasiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «Ikkilamchi tur mahsulotlardan pektin olish va uni oziq-ovqat mahsulotlarida qo‘llash texnologiyasi», 02.00.17 – Qishloq xo‘jalik va oziq-ovqat mahsulotlariga ishlov berish, saqlash hamda qayta ishlash texnologiyalari va biotexnologiyalari (texnika fanlari).
Dissertasiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.1.PhD/T5266.
Ilmiy rahbar: Hoshimov Farxod Fayzullaevich, kimyo fanlari doktori, professor.
Dissertasiya bajarilgan muassasa nomi: Namangan davlat texnika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Namangan davlat texnika universiteti, DSc.03/2025.27.12.K/T.15.08.
Rasmiy opponentlar: Meliboev Mirazam Foziljon o‘g‘li, texnika fanlari doktori, dotsent; Choriev Abdusattor Jo‘raevich, texnika fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Qarshi davlat texnika universiteti.
Dissertasiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: turli navdagi nok va olma mevalari ikkilamchi xomashyolaridan pektin ekstrakti olish, ular asosida sharbat mahsulotlarini ishlab chiqarish texnologiyasini nazariy va eksperimental asoslash, pektinli sharbat mahsulotlarini ishlab chiqarish texnologiyasini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
5 xil nok navidagi pektin moddalarining fraksional tarkibi: protopektin, eruvchan pektin, pektin moddalari nazariy va eksperimental jihatdan isbotlangan;
nok va olma mevasi ikkilamchi xomashyolaridan pektin ekstraksiyasida
3 soatlik davomiylik va 80 °C harorat pektin unumi uchun optimal ekani, uning sifati esa eterifikatsiya darajasi, molekulyar massasi hamda jele hosil qilish xususiyatlari bilan belgilanishi aniqlangan;
nok va olma mevalarining ikkilamchi xomashyolaridagi pektinli moddalarni gidrolizlashda pH 2,2–2,6 bo‘lgan kislotali muhitni ta’minlovchi elektr faollashgan suvdan foydalanish kislotalar qo‘shish va keyinchalik ishqorlar bilan neytrallash zaruratini bartaraf etishi amaliy jihatdan isbotlangan;
turli navli noklar va saralanmagan olma mevalari tarkibidagi pektin moddalarining analitik xususiyatlari tadqiq etilib, olingan pektinning sifati eterifikatsiya darajasi (ED>50%) asosida baholangan va Qishki nashvati navida pektin unumi 2,34% ni tashkil etishi aniqlangan;
pektin ekstraktli sharbatlarni ishlab chiqarish uchun kerak bo‘lgan nok va olma ikkilamchi xomashyosidan pektin ekstrakti olishning eksperimental asoslangan texnologiyasi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Ikkilamchi tur mahsulotlardan pektin olish va uni oziq-ovqat mahsulotlarida qo‘llash texnologiyasi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
mahalliy olma va nok navlarining ikkilamchi xomashyolaridan pektin ekstrakti olish hamda pektinli sharbat mahsulotlari ishlab chiqarish texnologiyasi “Tip-Top Agro” MChJ korxonasida ishlab chiqarishga joriy etilgan. (O‘zbekiston Oziq-ovqat sanoati uyushmasining 2025 yil 8 oktabrdagi 08-101/10-2025-son ma’lumotnomasi). Natijada, ikkilamchi tur mahsulotlar: saralanmagan olma chiqiti va nok chiqitlaridan olingan pektin asosida meva sharbatlarining sinov partiyasini ishlab chiqarish imkonini bergan;
saralanmagan olma va nok chiqitlaridan ekstraksiya usuli orqali suyuq pektin olish texnologiyasi “Tip-Top Agro” MChJ korxonasida ishlab chiqarishga joriy etilgan. (O‘zbekiston Oziq-ovqat sanoati uyushmasining 2025 yil 8 oktabrdagi 08-101/10-2025-son ma’lumotnomasi). Natijada, ushbu texnologiyada pektinli moddalarni gidrolizlash jarayoni uchun elektr faollashgan suvdan foydalanish imkoniyati aniqlangan bo‘lib, bunga ko‘ra elektr faollashgan suv pH 2,2-2,6 kislotali muhitni beradi va jarayonni kislotalar bilan ishlash hamda ishqorlar bilan neytrallanish jarayonini oldini olish imkonini bergan.