Ismadullaev Bobomurod Ismatulla o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Surxondaryo botiqligini neotektonik harakatlarining mezozoy-ertakaynozoy yotqiziqlarida aks etilishi va neftgaz tutqichlarining hosil bo‘lishiga ta’siri”, 04.00.07 – Neft` va gaz konlari geologiyasi, ularni qidirish va razvedka qilish (geologiya-mineralogiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.1.PhD/GM274.
Ilmiy rahbar: Umurzakov Raximjan Abdurazakovich, geologiya-mineralogiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Neft` va gaz konlari geologiyasi hamda qidiruvi instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Neft` va gaz konlari geologiyasi hamda qidiruvi instituti, DSc.31/2025.27.12.GM.03.01
Rasmiy opponentlar: Yuldashev G‘ofur, geologiya-mineralogiya fanlari doktori; Djalilov Gafur Ganievich, geologiya-mineralogiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot nomi: Geologiya va geofizika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: ilmiy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Surxondaryo botiqligi neotektonik harakatlarining mezozoy-ertakaynozoy yotqiziqlarida aks etilishini va neftgaz tutqichlarining hosil bo‘lishiga ta’sirini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
Surxondaryo botiqligining neotektonik harakat va deformatsiyalarining yangilangan xaritasi ishlab chiqildi va hududning blokli-zonalli tuzilishi hamda ko‘ndalang tuzilmalar bilan namoyonlanganlik xususiyatlari aniqlangan;
yangi ma’lumotlar majmuasi asosida yura, bo‘r va paleogen davrlariga oid yotqiziqlarining strukturaviy xususiyatlari aniqlangan;
neotektonik deformatsiyalarining qadimgi stratigrafik gorizontlariga bo‘lgan ta’sirini va ularda kuzatilgan tuzilmalar yoshini baholashning takomillashtirilgan paleo-neotektonik rekonstruksiya uslubi ishlab chiqilgan va mezozoy – erta kaynozoy yotqiziqlarining neogengacha bo‘lgan strukturaviy holatlari tiklangan;
mezozoy–erta kaynozoy yotqiziqlaridagi neft` va gazga istiqbolli tuzilmalarning neotektonik davrga nisbatan shakllanish xususiyatlari aniqlanib, ularning 3 ta genetik turi (1 – neogengacha; 2 – neogengacha va neogen-to‘rtlamchi davrda; 3 – neogen-to‘rtlamchi davrda shakllangan) bo‘linishi ishlab chiqilgan;
Surxondaryo botiqligi sharoitida neft` va gazli tutqich tuzilmalarning katta miqdori (66.6%) asosan neogengacha bo‘lgan davrda hosil bo‘lgan va neogen to‘rtlamchi davr harakatlari ta’sir etmagan lokal tuzilmalarga to‘g‘ri kelishi aniqlangan;
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Surxondaryo botiqligi neotektonik harakatlarining mezozoy-erta kaynozoy yotqiziqlarida aks etilishi va neftgaz tutqichlarining hosil bo‘lishiga ta’siri bo‘yicha olingan natijalar asosida:
Surxondaryo botiqligining yangi ma’lumotlari asosida ishlab chiqilgan neotektonik rayonlashtirish xaritasi “O‘zbekgeofizika” AJ ishlab chiqarish jarayoniga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligining 2026-yil 16-apreldagi 08-2197-son ma’lumotnomasi). Natijada Surxondaryo botiqligining neotektonik va geodinamik tuzilishiga aniqlik kiritildi hamda neotektonik harakatlarning mezozoy–erta kaynozoy yotqiziqlariga ta’siri baholandi. Olingan natijalar asosida neft` va gazga istiqbolli lokal hududlarni birinchi, ikkinchi va uchinchi darajali zonalarga ajratishga imkon yaratgan;
paleogenning buxoro, bo‘rning neokom-apt va kechki yura yotqiziqlarida paleo-neotektonik rekonstruksiya uslubi asosida kuzatilgan tuzilmalarning hosil bo‘lish yoshlari bo‘yicha rayonlashtirish xaritalari “O‘zbekgeofizika” AJ ishlab chiqarish jarayoniga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligining 2026-yil 16-apreldagi 08-2197-son ma’lumotnomasi). Natijada Surxondaryo neftgazli regionida olib borilayotgan geologik-geofizik tadqiqot ishlarini birinchi navbatdagi istiqbolli zonalarga yo‘naltirish orqali geologiya-qidiruv ishlarining samaradorligini oshirishga xizmat qilgan;
mezozoy-erta kaynozoy yotqiziqlarida neotektonik deformatsiyalarning ta’sirini va lokal tuzilmalar yoshini aniqlash orqali ajratilgan 3-ta darajalarga ajratilgan maydonlar xaritalari “O‘zbekgeofizika” AJ ishlab chiqarish jarayoniga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligining 2026-yil 16-apreldagi 08-2197-son ma’lumotnomasi). Natijada Tadqiqot hududida mavjud tuzilmalarning hosil bo‘lish yoshi va genetik turiga qarab uchta darajadagi turli zonalarga ajratish orqali hududda o‘tkaziladigan izlov-qidiruv ishlarini optimal rejalashtirish imkoniyati yaratilgan.